
"Barselona" bilan yo‘llarimiz yana kesishadi — Messining Kataloniyaga qaytishi rostmi?
Lionel Messi mavsumni ajoyib boshladi: U Frantsiya chempionatida “gol+pas” bo‘yicha 12 ochko to‘pladi — 5+7. Shuningdek, Chempionlar ligasida ikkita gol va bir golli uzatmani amalga oshirdi. Messi PSJga moslashib oldi, ammo bu tezda tugashi mumkin. Boisi, uning shartnomasi yozda yakuniga etadi va mavsum tugagach, Parijni tark etishi ehtimoli bor.
Messining ketishi haqida OAVda nima gaplar?
Eslatma: Ushbu maqola insayderlar taqatgan ma’lumotlarga asoslangan. Insayderlar odatda haqiqatni to‘liq ochiqlamaydi, lekin ko‘p holda ular bergan xabarlar haqiqatga aylanadi.
- “L’Equipe”: Messi PSJda qolishga qarshi emas, u hozirgi holatidan mamnun. Ammo Leo “Barselona”dan aniq taklif kutmoqda, chunki Messi Joan Laporta o‘zini ortga qaytarishni istayotganidan xabari bor.
- Fabritsio Romano: Messi kelajagini 2022 yilgi jahon chempionatidan keyin hal qiladi. U mundial oldidan futboldan tashqari narsalarga chalg‘ishni istamaydi.
- “Mundo Deportivo”: “Barsa” Messi qaytishni xohlayotganiga ishonchi komil. Klub buni bahorda futbolchi bilan muhokama qilgan. Ammo Messi tekinga o‘tsa, rahbariyat u bilan shartnoma imzolamaydi. Sababi “ko‘k-anorranglilar” ortiqcha pul sarflashni istamayapti. “Barselona”da transferni amalga oshirish uchun mablag‘ yo‘q.
- “Get French Football News”: Hozircha Messining parijliklar bilan yangi shartnoma imzolash imkoniyati boshqa klubga o‘tishdan ko‘ra yuqoriroq. Bunga PSJ tomonidan allaqachon tayyorlangan taklif sabab bo‘ldi, biroq tomonlar hali yangi bitimni muhokama qilmagan.
- “AS”: Messi yozda Laporta bilan ikki marta telefon orqali gaplashgan. Bu suhbatlar nima haqida bo‘lganini hech kim bilmaydi.
Nega hamma birdan Messining Barselonaga qaytishi haqida gapirayapti?
2021 yil yoziga qaytaylik. Klub prezidenti Joan Laporta Xosep Bartomeudan qolgan moliyaviy falokatni ko‘rib hayratda qoldi: “Barsa”ning katta qarzi bor, yangi o‘yinchilarni ro‘yxatdan o‘tkazishda qiyinchiliklar va maoshning pastligi. Bunday sharoitda Messini klubda qoldirish imkoniyati yo‘q edi.
Mana, Laportaning Messi ketganidan keyin bergan ilk intervyularidan biri:
“Biz uchun bu fojia. “Barselona” va Leo bir-biridan ajralmas qismlardek edi. Ammo vaziyat shundayki, hozir hamkorligimiz to‘xtatilishi kerak. Mening orzuim — Leoni o‘zi uyiga, Kataloniyaga qaytarish. U “Barselona”da bo‘lishi zarur. Bir kun kelib, biz bu masalaga yana qaytamiz”.
“Barselona” haqiqatan ham Leoni ortga qaytarish haqida o‘ylayotganga o‘xshaydi, ammo bir qator qiyinchiliklar mavjud:
- “Barselona” Leo Messining PSJdagi maoshini bera olmaydi. “Fbref” statistik nashrining xabar berishicha, Parij klubi hujumchiga 1 mavsum uchun 60 million evrodan ko‘proq pul to‘laydi. Taqqoslash uchun: Frenkie De Yong “Barsa”da eng yuqori maoshga oladigan futbolchi hisoblanadi — mavsumiga 37,5 million evro. Laporta bunday summani noto‘g‘ri ma’lumot deb atadi. Uning aytishicha, hatto dunyoning eng yaxshi futbolchilariga ham berilmaydi. Masalan, Robert Levandovski yiliga 20 million oladi (klubdagi De Yong, Serxio Buskets va Jerard Pikedan keyin to‘rtinchi o‘rin). Demak, Messi Kataloniyaga qaytmoqchi bo‘lsa, katta maoshdan umid qilmasa ham bo‘ladi.
- Xavi Messiga asosiy rolni bermaydi. Hozirda klub falsafasi — yosh futbolchilar ortidan natijaga erishish. “The Athletic” nashri xabariga ko‘ra, Xavi Messining qaytishiga qarshi emas, ammo uning maydonda emas, balki kiyinish xonasida etakchi bo‘lishini xohlaydi. Qolaversa, Xavining hozirgi tarkibida Messi o‘ynashga qodir bo‘lgan barcha pozitsiyalar uchun etarlicha o‘yinchilar bor.
- Messining Jerar Pike bilan munosabatlari keskinlashgani haqida insayder bor edi. Bu mojaro Leo PSJga ketishidan ancha oldin boshlangan. Lekin Messi qaytishiga qadar Pike “Barsa”ni tark etishi mumkin. Sababi, himoyachi jamoada katta maosh oladi. Bu esa “Barselona” rahbariyatiga ma’qul kelmayapti.
***
Hozircha bu xabarlarning barchasi insaydlar hisoblanadi. Ammo Messi Kataloniya klubidan ketayotgan paytida aytgan so‘zlarini eslang: “Barcha muammolarga qaramay, Kataloniya mening uyim bo‘lib qolaveradi. Ehtimol, bir kun kelib “Barsa” bilan yo‘llarimiz yana kesishar”.
Jamshidbek Mahmudov
Fikrlar