
Barchasi mish-mish! Saudiyaliklarga "Rolls-Roys" berilmagan
Saudiya Arabistoni terma jamoasi JCh ilk turida Argentinani mag‘lub etib, mundialni samarali tarzda boshlagan edi.
Shundan so‘ng mamlakat qiroli g‘alabadan xursand bo‘lib, darhol terma jamoaning har bir futbolchisiga hashamatli "Rolls-Roys" avtomobilini sovg‘a qilgani haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Ammo Saudiya futbol federatsiyasi prezidenti bunday saxiylik haqidagi mish-mishlarni rad etdi.
"Bu xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, ularga hech kim "Rolls-Roys" bermagan. Bu mubolag‘a xolos. Futbolchilar bonus olishdi, albatta, lekin mashina emas. Bu o‘sha paytda eyforiyaga berilib ketganlikdan chiqqan yolg‘on ma’lumotlar bo‘lsa kerak", - dedi Saudiya Arabistoni futbol federatsiyasi rahbari Yosir Al-Misexal.
Eslatib o‘tamiz, saudiyaliklar shundan so‘ng o‘z muvaffaqiyatini mustahkamlay olmadi, keyingi ikkala o‘yinda ham jamoa mag‘lubiyatga uchradi va guruhda oxirgi pog‘onani egallab, musobaqa bilan xayrlashdi.
Fikrlar