
Babayan: “Navbahor” - O‘zbekistonda uchta turnirda kurashni davom ettirayotgan yagona jamoa!"
Osiyo Chempionlar Ligasi (OChL) saralash bahsi doirasidagi “Al-Vakra” – “Navbahor”(0:1) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida jamoamiz bosh murabbiyi Samvel Vyacheslavovich Babayan ishtirok etib, OAV xodimlarining savollariga javob qaytardi.
Quyida “lochinlar” ustozining fikrlarini e’tiboringizga havola etyapmiz.
– Assalomu alaykum! Barchaga xayrli kech! Ta’kidlash joizki, bu “Navbahor” uchun tarixiy o‘yin bo‘ldi. Boisi, jamoa so‘nggi 23 yildan buyon qit’amiznig nufuzli musobaqasida ishtirok etmayotgandi. Kezi kelganida aytish lozimki, biz o‘z oldimizga faqatgina saralash bosqichi bahsi bilan cheklanib qolmasdan, jamoamiz uchun qadrli bo‘lgan stadionga OChL havosini olib kirish, ushbu turnir madhiyasi Namanganda jaranglashini istagandik va bu niyatimizga etdik. Zero, “Navbahor” muxlislari bunga haqlilar. Ular sevimli jamoalari bilan faxrlanishlari uchun bugun yigitlar maydonga o‘zgacha ishtiyoq va ruhda tushishdi hamda zafar quchishdi. Biz bu bilan cheklanib qolmoqchi emasmiz. OChL guruh bahslaridagi har bir o‘yin jamoamiz uchun muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.
Ta’kidlash joizki, men ayrim statistik ma’lumotlarni ochiqlamagandim. Osiyoda mazkur nufuzli musobaqada eng ko‘p ishtirok etgan mutaxassisman. Aynan shu tajribamdan kelib chiqib, maksimal natija ko‘rsatishga harakat qildim. Shuningdek, men faoliyat yuritgan avvalgi jamoam ikki marta OChL bahslarining yarim finaliga qadar etib borganligini ham eslatib o‘tmoqchiman. Yarim finallarning birida esa OChL turniri yangi tashkil etishganida qatnashganmiz.
Jamoamiz murabbiylar shtabining tajribasi va futbolchilarimizning darajasidan kelib chiqib, bizga OChL guruh yo‘llanmasini qo‘lga kiritish vazifasi qo‘yilgandi. Keyingi maqsadimiz guruh bosqichidan chiqish bo‘ladi.
Men kecha o‘yin oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanida “Al-Vakra” yaxshi va shakllangan jamoa ekanligi hamda raqibimizni kuchli murabbiy boshqarayotganligini ta’kidlagandim.
Bizning o‘yin rejamiz uchrashuv davomida o‘zini oqladi va biz maksimal darajada uchrashuvni 90 daqiqada hal qilishga harakat qildik.
Jamoamizni qo‘llab-quvvatlash uchun Qatarga etib kelgan muxlislarga jamoamiz nomidan minnatdorchilik bildirmoqchiman. Biz maydonga ularga quvonch ulashish niyatida tushamiz hamda muxlislar jamoamiz bilan faxrlanishlari uchun barcha imkoniyatimizni ishga solamiz.
So‘zim yakunida shuni aytmoqchimanki, “Navbahor” - O‘zbekistonda uchta turnirda kurashni davom ettirayotgan yagona jamoa!
Fikrlar