
Asror Aliqulov: "Yosh bolalar qilmaydigan xatolarni 24-25 yoshli futbolchilar qilishyapti"
Pro liganing 17-turida Muborakning “Mash’al” klubi Toshkentda “Olimpik Mobiuz”ni yagona gol evaziga mag‘lubiyatga uchratdi. Natijada jamoa 2-o‘rnini mustahkamlab boryapti. Uchrashuvdan keyin “Mash’al” bosh murabbiyi Asror Aliqulov fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- O‘yinga tayyorgarlik jarayonida “Olimpik Mobiuz”ni to‘p bilan muomala qilishi, futbolchilarning texnik qobiliyati kabi holatlarini o‘rganib chiqqandik. Ko‘proq tezlik evaziga hujum qilishni maqsad qildik. Birinchi bo‘limda ham vaziyatlar yaratdik, ammo foydalana olmadik. Ikkinchi bo‘limda gol urdik, vaziyatlarga ega bo‘ldik. Baribir qaltis hisobligi bois uchrashuv oxirlarida “Olimpik Mobiuz” bizni himoyalanishga majbur qildi. Kichik hisobda bo‘lsa ham g‘alaba qozondik. Muxlislarimiz va futbolchilarimizni g‘alaba bilan tabriklayman.
- O‘zgartirilgan futbolchilar deyarli foyda berishmadi, desa ham bo‘ladi. Bunga nima sabab, deb o‘ylaysiz?
- Chigalyozdi mashg‘ulotlarini yaxshi o‘tkazishmagan bo‘lishi mumkin. O‘yinning o‘tish jarayoniga biroz bee’tibor qarashgan. “Olimpik Mobiuz” tajovuzkor jamoa, maydonda o‘ylashga vaqt kam. Shuning uchun bu tomonlama ko‘p to‘p yo‘qotishdi. Vaziyatlarga tayyor emasdek ko‘rinib qoldi. Zaxiradan oxirgi tushirgan futbolchimiz Anvar Murodovdan tashqari qolgan zaxiradan tushgan o‘yinchilarimiz o‘zlarini ko‘rsata olishmadi.
- G‘alaba qozonayotgan bo‘lsangiz ham uchrashuvni juda asabiy tarzda kuzatdingiz. Futbolchilar yaxshi o‘yin ko‘rsata olmaganimi yoki boshqa sabablari ham bormi?
- Murabbiy uchun og‘ir. Yillar davomida mashg‘ulotlarda ishlaysiz. Masalan, qandaydir holatda oddiy bo‘lgan narsani o‘rgatasiz. Lekin o‘sha holatlarda xatolarga yo‘l qo‘yishi murabbiy uchun og‘ir. Ko‘rdingiz, bugun yosh bolalar qilmaydigan xatolarni 24-25 yoshli futbolchilar qilishyapti. Shu narsa meni ko‘p asabiylashtirdi va jamoaning o‘yiniga ham ta’sir qildi.
Fikrlar