
Asror Aliqulov: Kuchli futbolchilar jamoani tark etgach, ba’zi futbolchilar bizning taklifimizni rad etishdi
Superliganing 1-turida “Qizilqum” safarda “Navbahor”ga qarshi bahs olib bordi va 3:0 hisobida imkoniyatni boy berdi.
O‘yindan so‘ng navoiyliklar ustozi Asror Aliqulov o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
-Birinchi bo‘lib Superliga starti bilan, shu bilan birga “Navbahor” muxlislarini g‘alaba bilan tabriklayman. O‘yinga keladigan bo‘lsak, biz futbolchilarni “Navbahor”ga qarshi o‘yinda bosimga qarshi turishga tayyorladik. Futbolchilar maydonda borini berib harakat qilishdi, ammo xatolar evaziga jazolandik. O‘yinda ko‘p hujum uyushtira olmadik va ularni oxirigacha etkaza olmadik. Natijada gol urolmadik.
-"Navbahor" sizni hayron qoldira oldimi?
-Yo‘q, hayron qoldirmadi. Chunki, “Navbahor” safidagi futbolchilarning mahorati va jismoniy holati juda yuqori, bundan tashqari Samvel Babayan qo‘l ostida futbolchi sifatida faoliyat olib borganman va u insonning qanchalik kurashuvchan harakterga ega ekanligini yaxshi bilaman. Aynan shular “Navbahor”ning kuchli tomonlari desam adashmagan bo‘laman.
-O‘tgan yili “Qizilqum”da futbolchilar, murabbiylar va rahbariyat o‘rtasida muammolar kelib chiqqan edi. Hozir jamoadagi muhit qanday?
-Hozir muhit o‘zgargan. To‘g‘ri, muammolar bor, lekin ular mayda muammolar. Futbolchilarning tartib-intizomi bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Jamoani bir oila sifatida shakllantirishga harakat qilyapmiz, lekin bu qisqa vaqt ichida bo‘ladigan narsa emas.
-O‘tgan mavsum “Qizilqum”da o‘ynab ketgan nomdor futbolchilarning jamoa haqida bildirgan fikrlaridan so‘ng yangi mavsumga futbolchilar jalb etishda muammolar paydo bo‘lmadimi?
-Muammolar bo‘ldi. Kuchli futbolchilar jamoani tark etgach, ba’zi futbolchilar bizning taklifimizni rad etishdi.
Fikrlar