
Ashurmatov aslo rozi emas...
15 noyabr kuni Superliganing 24-turidagi qoldirilgan o‘yin – “Nasaf” hamda “Qo‘qon-1912” jamoalari Qarshida ro‘baro keladilar. Shu kuni milliy terma jamoamizni Gruziyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi barchamizning diqqat-e’tiborimizda bo‘ladi. Ungacha esa chempionatimiz doirasidagi uchrashuvni kuzatish hech birimizga zarar qilmaydi.
Qarshining “Nasaf” klubi OFK Kubogidagi ishtiroki sababli Superligadagi ikkita o‘yini biroz keyinroqqa surilgandi-a? Aksiga olib OFK Kubogi finalida yutqazdi, keyin 11 noyabr kuni “Surxon”ga qarshi qoldirilgan uchrashuvda tayyor g‘alabani qo‘ldan chiqarib yakunda o‘z hisobiga faqat bir ochkoni yozib qo‘yish bilan cheklanib qoldi, xolos. Endi esa oldida yana bir imkoniyat turibdi. Medallar uchun kurashayotgan “Nasaf”ning mana shunday zaxira o‘yinlarini o‘z foydasiga hal qilishi juda muhim edi. Ammo Termizda ikki ochko qo‘ldan chiqib ketdi. Endi o‘z uyida qo‘qonliklarga qarshi uchrashuv ham “Nasaf” uchun o‘ta muhim. Chunki bu klub 41 ochko bilan 4-o‘rinda. AGMKdan 5, “So‘g‘diyona”dan 2 ochkoga ortda qolyapti. Shunday ekan, “Ajdarlar”ni 15 noyabrda yutishi shart bo‘lgan uchrashuv kutmoqda.
Bu bilan kimda-kim “Qo‘qon-1912” Qarshiga yutqazish uchun boradi, degan xayolga berilsa adashadi. To‘g‘ri, klub Superligadan tushib ketmaydi va o‘ta yuqoriga ham chiqa olmaydi. Ammo jamoani oldiga qo‘ygan o‘z maqsadi bor. Ayni paytda qo‘qonliklar 32 ochko bilan 8-o‘rinda boryapti. “Lokomotiv” hamda “Navbahor”dan 4 ochkoga ortda qolyapti. Shu bois “Nasaf” bilan bo‘ladigan uchrashuv Baxtiyor Ashurmatov jamoasi uchun ham muhim. Qanday qilib deysizmi, yaqinda Ashurmatov Sports.uz saytiga bergan intervyusida hozirgi egallab turgan o‘rni hech kimni qoniqtirmasligini aytib jumladan shunday degandi:
“Bu yilgi mavsumda egallab turgan o‘rnimiz yigitlarimizning saviyasiga mos emas. Yuqoriroq o‘rinlar uchun kurashishimiz kerakligini ta’kidlab kelganman. Afsuski, bu yil o‘z maydonimizda ko‘plab uchrashuvlarda ochkolar yo‘qotdik. O‘tgan yilgi mavsumda 26 ochko qo‘lga kiritgan bo‘lsak, bu safar ko‘p ochko yo‘qotdik. To‘g‘ri, mehmonda yomon o‘yin ko‘rsatmayapmiz. O‘z uyimizda ham omadliroq o‘ynaganimizda bemalol yuqoriroq o‘yinlar uchun kurashishimiz mumkin edi. 9-o‘rin – bizni, futbolchilarni, rahbariyatni, umuman hech kimni qoniqtirmaydi”.
O‘sha suhbatda hatto 5-o‘rin – bu murabbiy o‘z oldiga qo‘yadigan maqsad emasligini ochiq aytgan. Shulardan kelib chiqsak, Baxtiyor A’zamovich mavsumni maksimal tarzda o‘zi uchun eng yuqori o‘rinlardan birida yakunlash payida. Buning uchun uchta o‘yinda ham yutqazmasligi va g‘alabalar bo‘lishi talab etiladi. Buning ustiga “Qo‘qon-1912” o‘z maydonidan ko‘ra, safardan omadliroq o‘ynayapti. Ma’lumot uchun aytmoqchimizki, klubning hisobida hozirgacha 8 ta g‘alaba bor. Shulardan 5 tasini safardagi o‘yinlarda qo‘lga kiritgan. Shuningdek, mehmonda yana uchta bellashuvda durang o‘ynagan. O‘z maydonida esa 3 ta o‘yinda yutdi. Bu esa chindan qo‘qonliklarni safarda anchayin xavfli raqib ekanidan dalolat.
Qolaversa, Ashurmatovning yuqoridagi fikrlaridan kelib chiqsak, u jamoasining ayni chog‘dagi egallab turgan o‘rnidan aslo rozi emas. Shu bois u ham jamoasini yutug‘i uchun borini berishga tayyor. “Nasaf”ning so‘nggi paytlarda o‘tkazayotgan o‘yinlarida turli qiyinchiliklarga duch kelayotganini hisobga olsak, navbatdagi uchrashuv ham bundan mustasno bo‘lmasa kerak. Baxtiyor Ashurmatov esa mehmonda jiddiy raqibga qarshi himoyaga e’tiborni kuchaytirgan holda qarshi hujumlardan foydalanish uchun jamoasini tayyorlayotgan bo‘lsa bundan ajablanmaymiz. Hozirgi futbolda chiroyli o‘yindan ko‘ra natija dolzarb. Jamoangiz zo‘r o‘ynasa-yu, lekin yutolmasa buni hech kim eslamaydi, faqat natija qoladi. Buni qo‘qonliklar ustozi yaxshi tushunib turibdi. “Nasaf”da esa vaziyat boshqacha. U erda shundayki, jamoa ham chiroyli o‘ynaydi, ham natija qiladi. Mana shu ikkisi jamoa o‘yinida mushtarak. Ammo doim ham bularni uyg‘unlashtirish oson kechavermaydi.
“Nasaf” – “Qo‘qon-1912” jamoalari o‘rtasidagi qarama-qarshiliklar tarixi qanday? Doim ular ishtirokidagi uchrashuvlar tomoshabop o‘tadi. 15 noyabr kuni Qarshida o‘tkaziladigan bellashuv hisob bo‘yicha klublarning o‘zaro 26-to‘qnashuviga aylanadi. Albatta, ustunlik “Ajdarlar” tarafida. Ular raqibini 16 marta tiz cho‘ktirgan. Oxirgi marta shu yilning birinchi davrasida Qo‘qondagi uchrashuvda 1:2 hisobida g‘alaba qozondi. O‘z navbatida “Qo‘qon-1912” 5 ta uchrashuvda g‘olib chiqqan. So‘nggi bor 2019 yilgi mavsumda o‘z uyida “Nasaf”ni 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratgandi. 4 ta o‘yinda esa jamoalar durang qayd etganini qo‘shimcha qilmoqchimiz. “Nasaf”ning eng yirik g‘alabasi 4:0 bo‘lsa, bu borada “Qo‘qon-1912” raqibini 3:0 hisobida taslim qilgan. Tabiiyki, to‘plar nisbatidagi ustunlik ham “Nasaf”da – 45:25.
Mag‘lubiyatga aslo rozi bo‘lmaydigan ikki jamoa o‘rtasidagi o‘yinni kuzatish qiziqarli. Qo‘qonliklar imkoni qadar yuqori o‘rinlarga ko‘tarilishi uchun Qarshidagi bahsda yutqazmasligi lozim. Aksincha, “Nasaf” medallar uchun kurashda mazkur zaxira o‘yinidan foydalanib o‘z hisobiga uch ochkoni yozib qo‘yishni juda xohlayapti. Garchi yurtimizda hozir sovuq kunlar bo‘lsa-da, Qarshidagi o‘yin harorati yuqori bo‘lishiga shubha yo‘q.
Fikrlar