
Artur Taymazov Vladikavkazdagi o‘zbek talabalariga yordam ko‘rsatdi
Ayni paytda yuzaga kelgan karantin insonlarning bir-biriga bo‘lgan mehr-muhabbat hissini yanada kuchaytirmoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Barchaning uy sharoitida bo‘lishi sabab ko‘plab soha vakillari doimiy daromadidan ayrilmoqda. Bu hol, ayniqsa, chet eldagi hamyurtlarimiz uchun bir muncha qiyinchilik tug‘dirmoqda.
Erkin kurash bo‘yicha ko‘p karra Olimpiada va jahon chempioni hamyurtimiz Artur Taymazov ham xayrli ishga qo‘l urdi. Gap shundaki, kurashchimiz hozirda Rossiya Federatsiyasining Vladikavkaz shahridagi Shimoliy Kavkaz tog‘-metallurgiya institutida tahsil olayotgan va o‘sha erdagi yotoqxonada qolgan o‘zbek talabalariga o‘z hisobidan oziq-ovqat mahsulotlarini taqdim qildi.
«Bu yotoqxonada 100 nafarga yaqin o‘zbekistonlik talabalar ham istiqomat qilishadi. O‘zbekiston mening ikkinchi vatanim, men sevadigan davlat ekanligini hamma biladi. Mening butun sport faoliyatim O‘zbekiston bilan bog‘langan. Men bu ajoyib mamlakatni, o‘zbek xalqini yoqtiraman. Shunday ekan bu yigitlarning hayotini e’tiborsiz qoldirib ketish noto‘g‘ri bo‘lar edi. Agar bizning yaqinlarimiz ham O‘zbekistonda shunday qolib ketishganida, shak-shubha yo‘qki, bu xalq ularni e’tibordan chetda qoldirmas edi. O‘zbekiston – eng mehmondo‘st mamlakatlardan biri. Karantindan keyin nasib qilsa, bir o‘tirib osh damlaymiz, – deydi Artur Taymazov.
Manba: olympic.uz
Fikrlar