
“ArMI—2022”: “Xavfsiz muhit”da g‘alaba. O‘zbekiston jamoasi yana bir oltin medalni qo‘lga kiritdi
25 avgust kuni Markaziy harbiy okrugning “Sazagan” dala-o‘quv maydonida o‘tkazilayotgan “ArMI—2022” Xalqaro armiya o‘yinlari doirasidagi “Xavfsiz muhit” musobaqasining so‘nggi — “Estafeta” bahslari o‘z yakuniga etdi.
Ushbu bosqichning shartlariga ko‘ra, har bir jamoadan ikkitadan ekipaj qatnashib, dastlab birinchi ekipaj aylanasi 4 kilometr 700 metr uzunlikda tiklangan turli to‘siqlardan iborat yo‘lak bo‘ylab harakatlanishlari talab etildi.
Radiatsion kimyoviy-biologik muhofazasi bo‘yicha mutaxassislikka ega bo‘lgan harbiy xizmatchilar himoya kiyimi va gazniqobda dastavval zirhli texnikalarda bosib o‘tish uchun mo‘ljallangan turli suvli to‘siqlar, tik burilishlar, chuqurlik, balandliklarda manyovrchanlik bilan harakatlanib haydovchilik mahoratlarini namoyish etishdi. Shuningdek “Poyga yo‘lagida” ishtirokchilar qisqa muddatda zararlangan hududdagi zaharli moddaning turini aniqlashlari lozim.
Texnikalarda amallar benuqson bajarilgach, ishtirokchilar “Olovli ishg‘ol” yo‘lagida harakatlarini piyoda davom ettirdilar. Ushbu maydon tom maʻnoda jismoniy chidamlilik va matonatni sinovdan o‘tkazadi. Jang maydoniga yaqin muhit yaratilgan hudud bo‘ylab bir-biridan murakkab to‘siqlarni bosib o‘tgan ishtirokchilar finish chizig‘ida o‘zlarining keyingi ekipajdagi jamoadoshlariga qurollaridagi o‘qdonni uzatadilar. O‘qdonni quroliga joylagan navbatdagi ekipajlar zudlik bilan bahsga kirishib, ular ham xuddi shu amallarni takror bajargan holda finish chizig‘ini bosib o‘tdilar.
Barcha to‘siqlarda benuqson harakatlangan jamoamiz vakillari marra chizig‘ini 29 daqiqa 59 soniyada kesib o‘tgan holda raqiblarini ushbu bosqichda ham yirik hisobda ortda qoldirib, mutlaq g‘alabaga loyiq ekanliklarini isbotlashdi.
Musobaqaning umumiy natijalariga ko‘ra, ikkinchi o‘rinni Rossiya va Belarus jamoalari, uchinchi o‘rinni Xitoy va Vetnam jamoalari, Eron jamoasi esa to‘rtinchi o‘rinni band etdi.
Mudofaa vazirligi matbuot xizmati
Fikrlar