
AQShda Husanovdan “sensatsiya” kutishyapti!
AQSh maydonlarida FIFA tomonidan yangicha formatda tashkil qilingan klublar o‘rtasidagi jahon chempionati musobaqasi boshlandi.
Nufuzli musobaqada dunyoning turli mintaqalaridan 32 ta jamoa ishtirok etmoqda. “Manchester Siti” bu turnirga O‘zbekiston milliy terma jamoasi markaziy himoyachisi Abduqodir Husanovni ham jalb qildi.
“Manchester Siti” faoliyatini yoritib kelayotgan nufuzli manba – manchestercity.news portali eksperti Darren Luni klublar o‘rtasidagi jahon chempionati “shaharliklar”ning uch futbolchisi – Fil Foden, Oskar Bobb va Abduqodir Husanov faoliyatida muhim ahamiyat kasb etishini tahlil qilib chiqdi.
Sports.uz portali ushbu tahlilni o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola etadi.
- “Manchester Siti” ayni paytda Floridada joylashgan va klublar o‘rtasidagi jahon chempionatining birinchi uchrashuviga tayyorlanmoqda. Dastlabki bahs 18 iyun kuni Marokashning “Vidad” klubiga qarshi o‘tkaziladi. Shuningdek, “G” guruhidan Italiyaning “Yuventus” va Birlashgan Arab Amirliklarining “Al-Ayn” jamoalari ham joy olgan.
Xosep Gvardiola bu chempionatga kuchli tarkibni olib keldi. Futbolchilar orasida uch nafari uchun bu turnir alohida ahamiyat kasb etadi. Ular yangi mavsum oldidan Gvardiola boshchiligidagi murabbiylar shtabi ishonchini oqlab, jamoaga kerak o‘yinchi ekanliklarini yana bir bor isbotlab qo‘yishlari talab etiladi.
Fil Foden
Sky Sports telekanalida ekspert bo‘lib ishlayotgan taniqli sobiq futbolchi Garri Nevill “shaharliklar” hujumkor o‘yinchisi Fil Fodenga baho berganida uni “sensatsiya”, deb atagan edi. Bu mutaxassis 25 yoshli futbolchining ashaddiy muxlisi sifatida Fodenni yuksak cho‘qqilarni zabt eta olishiga ishonadi.
2023-2024 yilgi mavsum “Manchester Siti” tarbiyalanuvchisi faoliyatida yuksalish davri bo‘ldi va Foden Angliya Professional futbolchilari kasaba uyushmasi (PFA) talqiniga ko‘ra “Yil futbolchisi”, deb e’tirof etildi. Bu sovrin Angliya futbolida eng nufuzli individual yutuq hisoblanadi.
Biroq keyingi mavsumda Foden butun ustunligini boy berdi, o‘ziga ishonchi va yuqori sport formasini yo‘qotdi. “Shaharliklar” uning faoliyati davomidagi eng past darajali o‘yinlarini ham ko‘rishga majbur bo‘ldi.
Endi AQShdagi musobaqada Fil uchun tramplin vazifasini o‘tab berishi kerak. Klublar o‘rtasidagi jahon chempionati orqali Foden ustozi Xosep Gvardiola va murabbiylarning ishonchini qayta qozonishga bel bog‘lagan.
Chunki yaqinda jamoaga transfer qilingan Rayan Sherki Fil Foden o‘ynaydigan barcha pozitsiyalarda samarali harakat qila oladi. Demak, endi asosiy tarkibga kirish uchun kurash yuqori darajada bo‘ladi.
Oskar Bobb
Xuddi Foden singari Oskar Bobb ham 2024-2025 yilgi mavsumda katta muammolarga duch keldi. Biroq farqi shundaki, Oskar mavsum boshidagi mashg‘ulotlardan birida oyog‘ini sindirib oldi va jiddiy jarohatini uzoq muddat davolatishga majbur bo‘ldi.
Bu asosiy tarkibga yorib kirayotgan norvegiyalik yosh futbolchining rivojlanishi to‘xtatib qo‘ydi. Garchi ayrim manbalar uning ketishi haqida yozayotgan bo‘lsa-da, Bobb “Siti”da qolib, yana asosiy o‘yinchilar qatoriga qo‘shilish uchun kurashmoqchi.
AQShdagi jahon chempionati bu borada juda katta imkoniyat beradi. Oskar muxlisu mutaxassislarga hali ham jamoaga foyda keltiradigan o‘yin namoyish qila olishini yana bir bor ko‘rsatishi lozim.
Mutaxassislar qanot yarim himoyachisining iqtidorini yuqori baholamoqda va klubdagi kelajagi yorqin bo‘lishiga umid qilishyapti.
Abduqodir Husanov
Abduqodir Husanov yanvar oyida Frantsiyaning “Lans” jamoasidan “Manchester Siti”ga ko‘chib o‘tishi bilan Xosep Gvardiola yosh markaziy himoyachini darrov jang maydoniga tashladi. “Chelsi”ga qarshi ilk bahsda Abduqodir qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi.
Keyinchalik bir necha uchrashuvda eng yaxshi hislatlarini ko‘rsata olgan o‘zbek futbolchisi chempionat oxirida zaxiraga mixlandi.
Xosep Gvardiola 21 yoshli futbolchidan katta bosimni olib tashlash, o‘yinchini yangi muhitga yaxshiroq moslashishini ta’minlash va ingliz tilini chuqurroq o‘rganishiga sharoit yaratish maqsadida shunday qarorga keldi.
Futbol afsonasi Roy Kin hali Abduqodir Husanov o‘z vazifasini to‘la uddalashiga ishonch bildirgan. Klublar o‘rtasidagi jahon chempionati o‘zbek futbolchisi uchun asosiy tarkibga qaytish uchun zo‘r imkoniyat.
Bu turnirda Abduqodir Husanov o‘zi maydonga tushmagan uch oy davomida nimalarni o‘zlashtirgani va o‘rganganiga ko‘rsatib qo‘yadigan maydon bo‘lib xizmat qiladi.
Klub rahbariyati va xodimlari o‘zbek futbolchisining “Etixad”dagi kelajagi porloq ekaniga ishonch bildirayotganini alohida ta’kilash lozim, - deb yozmoqda manchestercity.news portali eksperti Darren Luni.
Fikrlar