
"Andijon"ning safarda "Bunyodkor"ga qarshi bahsida yagona gol o‘yin taqdirini hal qildi
Bugun "Andijon" jamoasi o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazdi. Oldin xabar berib o‘tganimizdek, “Andijon” Toshkentda “Bunyodkor”ga qarshi maydonga tushdi.
Bir qator o‘yinchilar ushbu uchrashuvda qatnasha olmadilar. Legioner hujumchi Shaxrom Samievni Tojikiston terma jamoasi ixtiyorida ekanligidan xabardorsiz. Hujumchi Rustam Turdimurodovda engil jarohat borligi uchun bugungi uchrashuvni o‘tkazib yubordi. Farhod Sohibjonovning esa ertaga nikoh to‘yi munosabati bilan unga dam berildi. Shuningdek, murabbiylar bugun asosan yosh darvozabonlarga imkoniyat berishga qaror qildilar.
“Bunyodkor”ga qarshi o‘yinda barchasini yagona gol hal qildi. Birinchi bo‘lim oxirlarida Bektemir Abdumannonovning qanotdan uzatgan to‘pini rossiyalik hujumchi Luka Zgurskiy darvoza to‘riga joylab qo‘ydi va bahs oxirigacha 0:1 hisobi o‘zgarmadi. Shu tariqa, “Andijon” safarda “Bunyodkor”ga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida g‘alaba qozondi.
“Andijon” jamoasining boshlang‘ich tarkibi: Mohir Komilov, Ildar Mamatkazin, Islom Mamatkazin, Abdulvohid G‘ulomov, Abdurahmon Komilov, Ilhom Abdug‘aniev, Levan Arveladze, Damir Temirov, Sardor Azimov, Bektemir Abdumannonov, Luka Zgurskiy.
Ikkinchi bo‘limda maydonga tushganlar: Vladimir Bubanya, Vagiz Galiulin, Muhammadkarim Toirov, Ilhom Alijonov, Lyubisha Petsel, Farhod Bekmuratov, Abinur Nurimbet, Maksim Sarraf.
Fikrlar