
"Andijon"ning muhim o‘yin oldidan "Repetitsiya"si qanday o‘tdi?
Xabaringiz bor, chempionatimizda FIFA kunlari davom etayotgani sababli ma’lum vaqt tanaffus yuzaga kelgan. Bu vaqt davomida Superliga ishtirokchilar keyingi turga qadar sport formalarini bir maromda ushlab turish uchun nazorat o‘yinlarini tashkil qilmoqdalar.
Jumladan, “Andijon” ham 23 noyabr kuni o‘z maydonida “Dinamo”ga qarshi o‘tadigan bellashuvdan avval xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazdi. Qirg‘iziston premer-ligasi vakili Oshning “Oloy” klubi sparring-raqib vazifasini bajardi.
Ushbu uchrashuvdan maqsad yuqorida ta’kidlaganimizdek, futbolchilarning o‘yin amaliyotini bir maromda ushlab turishdan iborat. Bunday jarayonda xalqaro o‘yinni tashkil etilishi yanada qiziqarliroq kechganini aytish lozim.
“Andijon” bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov mazkur bellashuvning ikkala bo‘limida ikki xil tarkibni sinovdan o‘tkazdi. Raqib jamoa yomon taassurot qoldirmadi. “Andijon”ga qarshi bahsda “Oloy” o‘zining eng yaxshi o‘yinini namoyish etishga harakat qildi. Tajribali “Burgutlar” hujum tashkil qilishda faolroq bo‘lib, raqib darvozasi oldida golli imkoniyatlarga ega bo‘ldi. Iste’dodli hujumchi Rustam Turdimurodov birinchi bo‘limda dublga erishishi mumkin ediyu, vaziyatlarda foydalanishda biroz omadi chopmadi. “Andijon” faqatgina birinchi bo‘lim yakuniga kelib o‘z imkoniyatidan foydalandi. Farhod Sohibjonovning qanotdan uzatgan pasini Bektemir Abdumannonov raqib darvozasiga joylab qo‘ydi.
Tanaffusdan keyin “Andijon”da deyarli to‘liq tarkib o‘zgardi. Hujum qilishda davom etgan Xomyakov jamoasi 50-daqiqada ikkinchi golni kiritdilar. Burchakdan uzatilgan to‘pni jamoa sardori Ildar Mamatkazin boshi bilan darvoza to‘riga joyladi. Oradan 9 daqiqa o‘tgach, “Oloy” hisobni qisqartirdi.
O‘yinning qolgan daqiqalarida ham yana golga tortadigan imkoniyatlar bo‘ldi. Lekin qolgan daqiqalarda darvozalarga boshqa to‘p kiritilmadi. Umuman aytganda, o‘yin jamoalar uchun ancha foydali bo‘ldi. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, “Andijon” 23 noyabr kuni o‘z maydonida “Dinamo”ni qabul qiladi. Bo‘lajak uchrashuv oldidan “Oloy”ga qarshi o‘tkazilgan “repetitsiya” yaxshi o‘tdi.
“Andijon” – “Oloy” (Qirg‘iziston) – 2:1 (1:0).
16 noyabr. Andijon “Bobur arena” stadioni.
Hakamlar: Temur To‘xtasinov, Anvar Marajabov, Ziyodullo Abdurahmonov
Zaxira hakami: Jamshid Bakirov
“Andijon”: Igor Litovka, Islom Mamatkazin, Vladimir Bubanya, Abdurahmon Komilov, Ilhom Alijonov, Levan Arveladze, Ilhom Abdug‘aniev, Damir Temirov, Bektemir Abdumannonov, Farhod Sohibjonov, Rustam Turdimurodov.
Ikkinchi bo‘limda maydonga tushganlar: Ildar Mamatkazin, Marlen Chobanov, Abdulvohid G‘ulomov, Lyubisha Petsel, Farhod Bekmuratov, Sardor Azimov, Muhammadkarim Toirov, Abinur Nurimbet, Nuriddin Nuriddinov, Luka Zgurskiy, Mohir Komilov.
“Oloy”: Mixail Ponomarenko, Oltinbek Uulu Duyshonali, Erlan Mashirapov, Nurbolot Irisbekov, Keldibek Talantbek Uulu, Gabil Nuraxmedov, Nurdolot Stalbekov, Baxtiyar Keldibekov, Sarvar Ablaev, Qudret Iskandarbekov, Murodxo‘ja Jabborov.
Gollar: Bektemir Abdumannonov, 45 – 1:0. Ildar Mamatkazin, 50 – 2:0. Murodxo‘ja Jabborov, 59 – 2:1.
Ogohlantirishlar: Farhod Sohibjonov, 45+2. Lyubisha Petsel, 62. Sardor Azimov, 71. Marlen Chobanov, 90+1, Abdulvohid G‘ulomov, 90+4 – Oltinbek Uulu Diyshonali, 5.
Chetlatish: Sardor Azimov, 71.
Fikrlar