
"Andijon"ni yana qarzi qoldimi? Yangi bazaga qancha mablag‘ sarflandi, Kozak masalasi nima bo‘ldi yoxud klub vitse-prezidenti barchasiga oydinlik kiritdi
“Andijon” jamoasi o‘tgan yili Superliga bilan xayrlashgan bo‘lsa-da, ishtiyoqini so‘ndirgani yo‘q. Qaytanga, yangicha shijoat va maqsadlar bilan hammasini boshidan boshlamoqda. Bu borada jamoa turli qiyinchiliklarni ham engib o‘tayotganini aytish joiz.
Tabiiyki, “Burgutlar” pro ligada favoritlaridan biri. Klub xususiy tadbirkor tasarrufiga o‘tgach, ancha-muncha ishlar qilindi va bu hol davom etyapti. “Andijon”ning imidjini oshirish bo‘yicha jamoada jiddiy ishlarga qo‘l urilgan. Qolaversa, klub yangi mavsumga Turkiyada tayyorgarlik ko‘rib keldi.
Pro ligada ham yangi mavsum boshlanayotgani munosabati bilan “Andijon” klubi vitse-prezidenti Jahongir Nuriddinov Sports.uz muxbiri bilan muloqot qildi.
Mavsumga tayyorgarlik qanday o‘tdi?
- “Andijon” jamoasining tarkibi shakllanishi bo‘yicha 90 foizga qoniqdim, hech qaysi klub yoki sohada 100 foiz aniqlik bo‘lmasa kerak, menimcha. Bu yil jamoamizni imkon qadar o‘tgan yilgi yo‘l qo‘ygan xatoliklardan xulosa chiqargan xolatda yaxshi tanlov jihatlari bilan shakllantirishga harakat qildik. Xabaringiz bor, bu yilgi mavsum uchun ham o‘tgan yilgi bosh murabbiyimiz Viktor Balyutovich Kumikov bilan shartnomani yana uzaytirdik. U juda katta tajribaga ega malakali murabbiy. Bizga jamoada qolib, o‘tgan yilgi salbiy natijani sababchilaridan biri bo‘lib qolganligi va bu uning faoliyatidagi eng mudxish natijaligini aytdi va bu yil jamoani Superligaga olib chiqaman, deya o‘z oldiga katta maqsad qo‘ygan. Shuningdek, O‘zbekiston Kubogida munosib ishtirok etib, yaxshi natija qilish rejasida. Qanday murabbiyligimni isbotlab qo‘yaman, degan maqsad bilan keldi. Bu yilgi mavsumga tayyorgarlikni o‘tgan yilning dekabr oyidan boshlaganmiz. Yangi mavsum uchun tayyorgarlik rejamizni 4 bosqichdan iborat tarzda ishlab chiqqandik. Lekin PFL tomonidan pro liganing erta boshlanishi rejalarimizni o‘zgartirib yubordi. Musobaqani martning oxiri yoki aprelning boshlariga start oladi, deb o‘ylagandik va shunga yarasha rejalashtirgandik. Yig‘inimizning oxiri 21 mart kuni yakunlanadigan edi. Lekin biz bu vaziyatdan ham chiqib ketdik. 21 kunlik yig‘in tashkil qilish uchun Xonobodga chiqib ketdik. U erda futbolchilar maksimal darajada jismoniy yuklamalarni olishdi. Ikkinchi bosqichni esa Turkiyaning Antaliya shahrida o‘tkazdik. Shakllantirayotgan jamoamizni qaysi tomonlama zaif va ustun jihatlari bor? Shularni ko‘rib olishimiz kerak edi. Shuning uchun Turkiya yig‘inini tashkil qildik. U erda kimlar bilan o‘ynaganimizdan xabaringiz bor. Imkon qadar yaxshi saviyadagi raqiblar bilan o‘ynashga harakat qildik. Biz bu yig‘inga yosh umidli 19-20 yoshli futbolchilarni ham olib ketdik. To‘g‘ri, ular asosiy tarkibga kiritilmagan, ammo motivatsiya berish maqsadida yoshlarni ham o‘zimiz bilan safarga olib bordik. Turkiyada asosiy jamoamiz 4 ta o‘yin o‘tkazgan bo‘lsa, yoshlarimiz 2 ta bahsda qatnashishdi. Bu yig‘inda natija bizga muhim emasdi. Asl maqsadimiz shakllangan jamoamizning kuchli va kuchsiz nuqtalarini ko‘rib olish edi. Yig‘in davomida o‘tkazilgan o‘yinlardan, futbolchilar harakatidan murabbiyni ko‘ngli to‘ldi. Bu haqda o‘zi menga ma’lum qildi va bu mavsumda pro liga musobaqalarida munosib ishtirok etib rahbariyat tomonidan qo‘yilgan oliy reja ijrosini ta’minlab, Superligaga qaytish uchun maksimal harakat qilinishini aytdi. Shahboz Erkinov, Ildar Mamatkazin kabi futbolchilar yoshlarga motivatsiya beryapti, ularni ruhlantiryapti. Bu yilgi vazifamiz 100 foiz Superligaga qaytish. O‘tgan yilgi xatolardan tegishli xulosa chiqardik. Jamoamiz hozirda 90 foizga shakllandi.
Qarzdorliklar
Shu paytgacha qarzdorlik bo‘yicha hammasi bo‘lib 2 milliardga yaqin pul sarflandi. Hozirgi kunda o‘tgan yilgi ayrim futbolchi va murabbiylardan qariyb 400 millionga yaqin qarzdorligimiz bor. Lekin 2 milliardga yaqin qarzdorlikni yopganimizdan keyin ham FIFA tomonidan ta’qiq qo‘yildi. 2015 yilda o‘ynagan o‘yinchi bilan bog‘liq edi. U bilan gaplashsam, avvalgi qarzni hal qilganimiz uchun klub rahbariyatidan minnatdorman, ammo bu safargisidan meni xabarim yo‘q, deb aytdi. Ta’qiq qo‘yilishida futbolchining vakili (agenti) harakat qilgan. O‘yinchi oldidagi qarzdorlik vaqtida (2015 yilda) hal qilinmagan. Shuning uchun tegishli tartibda kompensatsiyani undirib berish bo‘yicha ular murojaat qilishgan. Xudoga shukr, klubimiz prezidenti bu safar ham qarzni yopishda yordam ko‘rsatib, o‘sha ta’qiqni olib tashlanishida jonbozlik ko‘rsatdi. Hozirgi 400 million qarzimiz mavjud va bu qazrdorliklar mavsumni yakuniga etkazmagan va ish jarayonida noprofessional harakatlar qilgan futbolchi va murabbiylardan. Ushbu qarzdorliklarni inkor qilmaymiz, ularni ham bosqichma-bosqich uzamiz.
Qarzdorlikni bartaraf etish uchun bo‘yicha nega muddat so‘radik? Bilasiz, “Andijon” futbol klubimiz uchun baza qurdik. Joriy yilning 4 mart kuni ushbu bazamizni ochilishi bo‘ldi. Shuningdek, asosiy maydonimiz hisoblanmish “Bobur arena” maydonida ham qisman rekonstruktsiya ishlarini olib boryapmiz. Maydon xolati bo‘yicha o‘tgan mavsumda aytilgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ham shug‘ullanyapmiz. Shu kabi harajatlar bilan bo‘lib qolganimiz uchun qarzdorliklarni yopish masalasini ozroq kechiktirish uchun muddat so‘rab murojaat qildik. Hozirda bizda moliyaviy masalalarda tanqislik yo‘q, sekin asta hammasi o‘z joyiga kelmoqda. Joriy yilning 1 iyuniga qadar qarzdorliklardan qutulish bo‘yicha ishlar olib borilyapti.
Klub hammasidan qutuldimi?
- Kuni kecha PFL rahbariyati bilan qarzdorlik masalasi bo‘yicha gaplashgandim. Ular ham shu bilan endi qarzlar yopiladimi, deb so‘rashdi. 2021 yildan keyingi holat bo‘yicha chindan ham qarzlar hal qilinadi. Lekin eski yillar uchun bir nima deya olmayman. Chunki yomg‘irdan keyin qo‘ziqorin singari kutilmaganda qaerdandir yana boshqa qarzdorliklar chiqib qolyapti. Xudo xohlasa, o‘sha eski qarzdorlik bo‘yicha 90 foizga hammasini hal qildik, deb o‘ylayman.
Kozak masalasi
- Ha, Vladimir Kozak jamoamizga qo‘shilgandi. U ajoyib o‘yinchi. Bilasizmi, biz futbolchi bilan barchasini kelishib qo‘ygandik hamda yangi mavsumni jamoamizda boshlashga va birinchi davra yakuniga kadar o‘ynashga tayyor edi. Biroq kutilmaganda uning agenti qo‘ng‘iroq qilib, Kozak bilan shartnoma imzolanayotganida 2 oydan keyin ketishi mumkin, degan bandni kiritib qo‘yishimizni so‘radi. Lekin bu talab bizga to‘g‘ri kelmasdi. Chunki futbolchini ikki oy yoxud 5 ta tur uchun ololmasdik. Aks holda bitta o‘rnimiz bo‘sh bo‘lib qolardi. Shu sababdan futbolchi bilan do‘stona xayrlashdik.
Yangi baza haqida
- Yangi bazamiz uchun bosh homiyimiz tarafidan qariyb 4 milliardga yaqin o‘z mablag‘laridan pul sarflandi. Bazani Bo‘stonda tashkil qilishimizdan maqsad ham barcha qulay sharoitlarni yaratish. Bu erda futbolchilarni o‘z ustida ishlashlari uchun hamma narsa muhayyo. Maydonlar ham shu erda. Yana bir rejamizga ko‘ra, yangi bazamizda sun’iy maydon ham qurmoqchimiz. Maqsadimiz Andijon futbolini yuksaltirish, imidjini oshirish. Bu maqsadimizdan osonlikcha voz kechmaymiz. Muxlislarimizga doim qo‘llab-quvvatlayotganlari uchun katta rahmat. Rahbariyat ham hamisha yordamini ayamayapti. Bundan tashqari, O‘FA hamda PFLning jamoamizga yordam ko‘rsatayotganidan minnatdormiz.
Fikrlar