"Andijon" uch nafar futbolchining transferini e’lon qildi

  • 24 yanvar, 22:04
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Aleksandr Xomyakov bosh murabbiyligidagi "Andijon" klubi tarkibini kuchaytirish ishlarini davom ettiryapti. Bu safar klub matbuot xizmati birdaniga uch nafar o‘yinchining transferini e’lon qildi. 

Tecno

O‘tgan yilning ikkinchi yarmida “Dinamo” klubidan ijaraga kelgan yarim himoyachi Damir Temirov mavsum yakunlangach, yana o‘z jamoasiga qaytgandi. O‘zaro olib borilgan muzokaralardan so‘ng 26 yoshli Temirov to‘laqonli ravishda “Andijon” a’zosiga aylandi va yangi mavsumni "Burgutlar" safida o‘tkazadi.

Damir o‘tgan yili “Andijon” libosida 14 ta uchrashuvda maydonga tushdi va 3 ta golli pasni amalga oshirdi.

Shuningdek, “Andijon” futbol maktabi tarbiyalanuvchisi, professional faoliyatini 2018 yilda ushbu jamoada boshlab, 2021 yilgacha to‘p surgan hamda 2022 yildan faoliyatini “Bunyodkor”da davom ettirgan iqtidorli himoyachi Usmonali Ismonaliev yana qadrdon klubiga qaytdi.

Ismonaliev oxirgi uch yilni “Bunyodkor”da o‘tkazib, u erda hammasi bo‘lib, 82 ta uchrashuvda maydonga tushgan holda raqiblar darvozasiga 16 ta gol urdi va 7 ta golli pasni uzatdi.

Usmonali yangi mavsumda yana “Andijon” sharafini himoya qiladi.

Shu bilan birga Osiyo chempioni – Abubakir Ashurov ham andijonliklarga qo‘shildi. O‘zaro muzokaralar ijobiy yakun topgach, tomonlar hamkorlik borasida shartnoma imzoladilar.

2003 yilda tavallud topgan Ashurov “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Oxirgi klubi Bekobodning “Metallurg” klubidir. Qolaversa, u “Turon”da ham to‘p surgan.

Abubakir 2023 yili O‘zbekiston U20 terma jamoasi safida Osiyo chempionligini qo‘lga kiritgan hamda yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida ham ishtirok etgan.

E’tiborlisi, uchala o‘yinchi bilan ikki yillik shartnomalar imzolandi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!