
"Andijon" tarix yozyapti yoxud "Burgutlar" ilk bor finalda!
Bu yil nafaqat milliy chempionat, balki O‘zbekiston Kubogi musobaqasi ham juda o‘zgacha ruhiyatda, o‘zgacha shijoat bilan o‘tyapti. Bunga yarim final bahslari ham fikrimizni isbotlaydi. “Bobur arena”da bo‘lib o‘tgan “Andijon” va “Surxon” qarama-qarshiligi kutilganidek boshqacha darajada, boshqacha tempda o‘tdi.
Bu yil “Andijon” klubining tashkil topganiga 60 yil to‘lmoqda. Shu munosabat bilan yubiley bayram uchun “Burgutlar” muxlislarini xursand qilish maqsadida o‘zi qatnashayotgan musobaqalarda muvaffaqiyatga erishishni maqsad qilgan. Tabiiyki, bu borada Kubokdagi muvaffaqiyatli yurishini davom ettirish ayni muddao bo‘lardi.
“Andijon” ham, “Surxon” ham final ishtiyoqida maydonga tushishdi. “Bobur arena” esa kutilganidek “yondi”. Muhit shunchaki super edi. Natija muhimligi uchun jamoalar juda ehtiyotkor o‘yin ko‘rsatishdi. Ammo ikkala jamoada ham golli imkoniyatlar yuzaga keldi. Aslida 90 daqiqa ichida masalani hal qilish ham mumkin edi. Misol uchun “Surxon” futbolchisi darvozasiga kirib ketayotgan to‘pni arang qaytarib yubordi, Rustam Turdimurodovda ham gol urish uchun yaxshi vaziyat bo‘lgandi. O‘z navbatida “Andijon” darvozaboni Eldor Adhamov ham jamoasini gollardan qutqarib qoldi. Asosiy vaqtda hisob ochilmagach, qo‘shimcha bo‘limlarga navbat berildi. Futbolchilar ushbu taymlarda ham bor kuchi bilan kurashishdi. Ayniqsa, oxirgi daqiqalarda “Andijon” kuchli shturm uyushtirdi. Ammo, baribir gol urilmadi va hammasi penaltilar seriyasida aniqlanadigan bo‘ldi.
Penaltilar seriyasi bu o‘z nomi bilan lotereya. Bu bosqichdan qanchadan-kuchli kuchli futbolchilar va jamoalar o‘ta olmagani tarixdan yaxshi ma’lum. Lekin “Andijon” yarim finalga tayyorgarlik ko‘rishda har bir mayda detalgacha e’tibor qaratgandi. Jumladan, mashg‘ulotlarda penaltilarni tepish borasida ham alohida shug‘ullangandi. “Bobur arena”dagi ushbu lotereyada esa “Andijon” klubi 5:4 hisobida g‘alaba qozondi va tarix yaratgan holda ilk bor O‘zbekiston Kubogi finaliga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Bunga jamoa munosib bo‘ldi va barcha jonini berib, ushbu natijaga erishish uchun kurashdi. Yakunda esa mehnatlari uchun munosib taqdirlandi va ko‘zlangan maqsad – finalga chiqdi.
“Burgutlar” uchun bunday unutilmas onlar shubhasiz yoqimli va hayajonli edi. Hakamning finalga yo‘l olgani haqida xushtagi chalinganidan keyin maydonda xursandchilik ko‘z yoshlari to‘kildi. Bunday onlarni aslo unutib bo‘lmaydi. Endi navbat finalga...
“Andijon” – “Surxon” – 0:0. (Qo‘sh.v. 0:0. Pen.ser.5:4).
30 avgust. Andijon. “Bobur arena” stadioni. 15643 tomoshabin.
Hakamlar: Ravshan Abduvohidov, Sanjar Shoyusupov, Alisher Usmonov
Zaxira hakami: G‘ayrat Jo‘raev.
VAR: Ahrol Risqullaev
AVAR: Ruslan Serazetdinov
Nazoratchi: Valentin Kovalenko
Komissar: Qudrat Madraimov
“Andijon”: Eldor Adhamov, Abdulvohid G‘ulomov, Ildar Mamatkazin, Islom Mamatkazin, Abdurahmon Komilov, Levan Arveladze (Farhod Bekmuratov, 84), Muhammadkarim Toirov (Vagiz Galiulin, 106), Ilhom Abdug‘aniev (Damir Temirov, 69), Farhod Sohibjonov (Sardor Azimov, 84), Bektemir Abdumannonov (Shaxrom Samiev, 69), Rustam Turdimurodov (Lyubisha Petsel 106).
“Surxon”: Davron Merganov (Maksim Murkaev, 120+1), Bobur Asqarov (Xumoyun Sherbo‘taev, 67), Nodirxon Ne’matxonov, Jamaldin Xodjaniyazov, Doston Tursunov, Dmitriy Pletnyov (Diyor Ramazonov, 106), Abdug‘ofur Haydarov, Jahongir Abdusalomov, Javohir Jo‘raev (Asad Karimov, 67; Tamerlan Djamalutdinov, 120+1), Asilbek Jumaev, Bexruz Shaydulov (Egor Krimets, 80).
Ogohlantirishlar: Ilhom Abdug‘aniev, 12. Rustam Turdimurodov, 90+6 – Javohir Jo‘raev, 22. Doston Tursunov, 81. Abdug‘ofur Haydarov, 105+1. Fezdi Davletov, 116.
Fikrlar