
"Andijon" o‘rtoqlik o‘yinida g‘alaba qozondi
Oldin xabar berganimizdek, “Andijon” jamoasi 8 oktyabrdan Toshkentda tayyorgarlikka kirishgandi va bugun, o‘rtoqlik uchrashuvi doirasida “Surxon”ga qarshi maydonga tushdi.
O‘yin ikki tomonning o‘zaro kelishuviga asosan 30 daqiqadan 4 taym ko‘rinishida o‘tdi. "Andijon" murabbiyi ixtiyoridagi barcha futbolchilarga o‘ynash imkoniyatini yaratdi.
Qiziqarli o‘tgan uchrashuvda “Andijon” raqibini 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. "Burgutlar"dan Luka Zgurskiy hamda Abdulvohid G‘ulomov gol muallifiga aylanishgan bo‘lsa, “Surxon”dan Doston Tursunov darvozani ishg‘ol qildi.
Shunday qilib, "Andijon"ning Toshkentdagi tayyorgarlik bosqichi yakuniga etdi. Futbolchilarga ikki kunlik xordiq berildi va 14 oktyabrdan Andijonda mashg‘ulotlar davom ettiriladi.
Eslatib o‘tamiz, “Andijon” Superliganing 21-turida 19 oktyabr kuni Olmaliqda “Metallurg”ga qarshi maydonga tushadi. Bellashuv soat 17:15 da boshlanadi.
"Andijon" matbuot xizmati.
Fikrlar