
"Andijon" darvozasiga 2 penalti va jamoaning 4 nafar a’zosiga qizil kartochka, natija esa...
Qarshidagi “Markaziy” stadionda bo‘lib o‘tgan “Qizilqum” – “Andijon” o‘rtasidagi uchrashuv va ayniqsa undagi hakamlik keng bahs-munozaralarga sabab bo‘lyapti. Ta’bir joiz bo‘lsa, “Andijon” bu kecha “Qizilqum” bilan birgalikda hakamlarga qarshi ham kurashishiga to‘g‘ri keldi. Avval boshidan aytish lozimki, bahsni boshqargan Sardor Ismatullaev uchrashuv tizginini qo‘lidan chiqarib yubordi. Bu bor gap.
Albatta, o‘yin “Andijon” uchun yaxshi boshlanmadi. Dastlabki daqiqalardayoq jarima zarbasidan keyin gol o‘tkazib yuborildi. Aslida o‘sha holat ham bahsli edi. Bo‘lim o‘rtalarida esa “Andijon” futbolchisi Ilhom Abdug‘anievga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qizil kartochka ko‘rsatildi. Bu holatda hakam VAR bilan gaplashdimi-yo‘qmi, bizga qorong‘u, biroq u o‘z qarorini chetlatish orqali ifodaladi. Taym oxirlarida navoiyliklar penaltidan ikkinchi golni urdilar. Lekin bunga javoban hujumchi Rustam Turdimurodov uzoq masofadan o‘zining chiroyli zarbasi bilan javob qaytardi. “Andijon” bir kishi kam bo‘lib qolsa-da, bo‘lim yakunida tashabbusni qo‘liga oldi. Turdimurodov gol urgach, yana bir vaziyatda qulay imkoniyatga chiqib ketayotganida raqib o‘yinchilari uni yiqitishdi. Aks holda hujumchi birga-bir vaziyatga chiqib ketgan bo‘lardi. Ammo bosh hakam bu holatga e’tibor qaratmadi va o‘yinni hech nima bo‘lmagandek davom ettirdi. Shunchaki, o‘yin qoidasi buzilishiga ko‘z yumdi.
Ikkinchi bo‘lim yanada turli voqealarga boy bo‘ldi. Maydonda son jihatdan kamchilik bo‘lib qolgan “Andijon” nominal mezbonlarga qarshi mardonavor kurashdi va 78-daqiqada “Burgutlar” tezkor qarshi hujumga o‘tishdi. Natijada Rustam Turdimurodov tezkorlik bilan himoyachini ortda qoldirib yakkama-yakka vaziyatga chiqqan holda o‘zining va jamoasining ikkinchi golini urib, 2:0 ni 2:2 ga aylantirdi.
Bosh hakamning yana bir qarori juda bahsli bo‘ldi. “Qizilqum” hujumi vaqtida jarima maydoni ichida to‘p uchun kurashda ikki futbolchi o‘rtasida odatiy kontakt holati yuz berdi. Lekin hakam VAR bilan gaplashgach, bu vaziyatni penalti deya baholadi va "Andijon" darvozasi tomon ikkinchi marotaba 11 metrli nuqtani ko‘rsatdi. Bu albatta iroda ko‘rsatib, 10 kishi qolsa-da, katta mehnat va jasorat orqali 2:0 hisobidagi mag‘lubiyatni 2:2 ga aylantirgan jamoa uchun juda og‘riqli va alamli edi. Shu bois maydonda bahsli vaziyat yuzasidan hakamga jiddiy e’tirozlar bo‘ldi. Xullas, “Qizilqum” uchinchi golni ham urdi. Bunday og‘ir paytda istalgan jamoa ruhan tushkunlikki tushib qoladi. Biroq “Andijon” futbolchilari iroda ustiga o‘z irodalarini yana namoyish qildilar. Zaxiradan maydonga tushgan Levan Arveladze 90+8 – daqiqada chiroyli gol muallifiga aylandi va jamoa yana mag‘lubiyatdan chiqib keta oldi.
Butun uchrashuv davomida hakam faqat “Andijon” a’zolariga sariq va qizil kartochkalar ko‘rsatdi. Bularning bari yuqorida aytganimizdek, uning o‘yin tizginini qo‘ldan chiqarib yuborgani bilan bog‘liq. Fakt shundaki, "Andijon" darvozasiga 2 ta penalti belgilangan va 4 nafar jamoa (futbolchidan tashqari, bosh murabbiy, uning yordamchisi va hatto massajchi) a’zosiga qizil kartochka ko‘rsatilgan bo‘lishiga qaramasdan “Andijon” “sinmadi”. Har qanday holatda ham “Burgutlar” kambek amalga oshirdi va bunday og‘ir uchrashuvda jangovar xarakterini namoyish etgani tahsinga loyiq. Aslida hakamlar mavzusiga yopishib olish niyatida emasmiz. Jamoa doim faqat o‘z o‘yini haqida qayg‘uradi. Lekin mana bunday paytlarda, futbolchilar mehnat qilib maydonda ozchilik bo‘lib qolsa ham mag‘lubiyatdan qutulish uchun kurashayotganda hakamlarning bir yoqlama qarorlari o‘yin natijasiga va mehnat qilayotgan jamoaga putur etkazib qo‘yadi.
O‘zbekiston futbol hakamlari markazi tomonidan mazkur holatlar ekspert-hakamlar komissiyasida ko‘rib chiqilishi bayon qilindi. Bu borada uchrashuvni boshqargan hakamlar qarorlari to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri deya baholanadimi, bu ularning ishi. Lekin biz shunchaki odilona hakamlik tarafdorimiz.
“Qizilqum” – “Andijon” – 3:3 (2:1).
15 iyun. Qarshi. “Markaziy” stadion. 402 tomoshabin.
Hakamlar: Sardor Ismatullaev, Islom Azimov, Sherzod A’zamov
Zaxira hakami: Nikita Mustafin
VAR: Aziz Asimov
AVAR: Sanjar Shoyusupov
Nazoratchi: Oleg Dachev
Komissar: Feruz G‘aniev
“Qizilqum”: Robert Ozols, Ilhom Vahobov (Jamoliddin Ubaydullaev, 80), Davron Anvarov (Shaxboz Jo‘rabekov, 67), Giorgi Kuxianidze, Elguja Lobjanidze (Fayzulla Jumanqo‘ziev, 67), Akaki Shulayya, Nikolay Tarasov, Muhammadali G‘iyosov, Shaxzodek Rahmatullaev, Samandar Shukurullaev, Azizbek Usmonov.
“Andijon”: Igor Litovka, Abudvohid G‘ulomov, Vladimir Bubanya, Islom Mamatkazin, Ilhom Alijonov (Abdurahmon Komilov, 69), Ilhom Abdug‘aniev, Farhod Bekmuratov (Levan Arveladze, 69), Sardor Azimov (Shaxrom Samiev, 69), Muhammadkarim Toirov (Sherzod Esanov, 69), Bektemir Abdumannonov (Farhod Sohibjonov, 79), Rustam Turdimurodov.
Gollar: Akaki Shulayya, 3 – 1:0. Elguja Lobjanidze, 41-pen. – 2:0. Rustam Turdimurodov, 44 – 2:1. Rustam Turdimurodov, 78 – 2:2. Akaki Shulayya, 90+3-pen. - 3:2. Levan Arveladze, 90 +8 – 3:3.
Ogohlantirishlar: Sardor Azimov, 2. Aleksandr Xomyakov, 24. Abduvohid G‘ulomov, 73. Abdurahmon Komilov, 83. Shaxrom Samiev, 90.
Chetlatishlar: Ilhom Abdug‘aniev, 24. Elyor Rahmatullaev, 88. Azizbek Karimov, 90+1. Aleksandr Xomyakov, 90+8.
Fikrlar