
Amorimning sabr kosasi to‘ldi
"Manchester Yunayted" bosh murabbiyi Ruben Amorim jamoa darvozaboni Andre Onanani asosiy tarkibdan olib tashlash haqida o‘ylamoqda.
"Daily Mail" nashrining yozishicha, bu qarorga kelishiga Onananing Evropa Ligasi chorak finalining birinchi o‘yinida "Lion"ga qarshi yo‘l qo‘ygan xatolari sabab bo‘lgan. Aynan uning xatolari tufayli MYu g‘alabani qo‘ldan boy bergan.
Eslatib o‘tamiz, o‘yinning so‘nggi soniyalarida Onana to‘pni noqulay tarzda kaftlari bilan oldinga qaytargan, natijada raqiblar hisobni tenglashtirgan (2:2). Birinchi gol ham darvozabonning xatosi bilan bog‘liq bo‘lib, u uzatmani tutib qololmagan.
Yaqinlashib kelayotgan APL doirasidagi "Nyukasl"ga qarshi o‘yinda portugaliyalik mutaxassis darvozaga Altay Bayindirni qo‘yishni rejalashtirmoqda.
Joriy mavsumda Onana barcha musobaqalarda 43 ta o‘yinda ishtirok etib, 56 ta gol o‘tkazib yuborgan. Shunga qaramay, Andre 10 uchrashuvda darvozasini daxlsiz saqlab qolishga muvaffaq bo‘lgan.
Fikrlar