Aleksandr Xomyakov: "Oladigan gonorarimizni bilaman"

  • 6 oktabr, 2024, 02:42
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston Kubogi finalidan so‘ng g‘olib bo‘lgan "Andijon" ustozi Aleksandr Xomyakov hamda uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi bo‘lgan Levan Arveladze matbuot anjumanida ishtirok etdilar.

Tecno

Aleksandr Xomyakov: - Baxtliman, g‘alabadan boshim osmonga etdi. Birinchi navbatda biz bilan hamisha birga bo‘lgan muxlislarimizga katta rahmat. Bizni boshidan oxirigacha tinmay qo‘llab-quvvatlagan ishqibozlardan cheksiz minnatdorman. Ularni ajoyib olqishlashi natijasida g‘alabaga erishdik. Shu bilan birga barcha Andijon xalqini tabriklayman. Ushbu g‘alabani uzoq kutgandik va birga nishonlayotganimizdan xursandman.

Levan Arveladze: - Xissiyotlarga boy o‘yin bo‘ldi. Juda xursandman. Shu bilan birga og‘ir uchrashuvni o‘tkazdik. Gol urganimizdan keyin o‘yinimiz yanada ochilib ketdi. Ikkala jamoa ham maydonda jonini berib o‘ynadi. Butun Andijon xalqini unutilmas g‘alaba bilan tabriklayman. Bu tarixiy g‘alaba va biz tarixga kirdik.

- Jamoa hisobni tenglashtirib olguncha aytarli xavfli vaziyatlarni yuzaga keltira olmadi. Goldan keyin esa o‘yin ijobiy tomonga o‘zgardi. Qaysi vaziyat jamoangiz o‘yinini o‘zgartirib yubordi?

Aleksandr Xomyakov: - Kecha matbuot anjumanida aytib o‘tganimdek, “Navbahor” ham, “Andijon” ham bir-birini yaxshi o‘rganib chiqqan. O‘tkazib yuborgan dastlabki golimiz rejalarimizga ta’sirini o‘tkazdi. Bu golni o‘tkazib yubormasligimiz kerak edi. Asosiy rejamiz 70-daqiqadan keyin boshlanishi kerak edi. Imkon qadar hisobni tenglashtirib olgach, masalani penaltilar seriyasigacha olib borishni xohlamadik va o‘yin yakunigacha yaxshi harakat qilib, g‘alabani qo‘lga kiritishni xohladik. 3 ta standart vaziyatni yaratdik. Odatda, g‘oliblar muhokama qilinmaydi. Hujumkor futbol hammaga yoqadi. Lekin ba’zida shunday bo‘ladiki, natija keltiradigan o‘yin muhimroq. Biz natija uchun harakat qildik.

- Bu g‘alabaga ko‘proq ishtiyoq sabab bo‘ldimi? Taktik o‘zgarishlar ham g‘alabaga zamin yaratdimi?

Aleksandr Xomyakov: - Futbolchilardagi o‘z ishiga bo‘lgan ishonch va ishtiyoq ko‘proq g‘alabaga zamin yaratdi.

- “Andijon” g‘alaba qozonsa, futbolchilarga avtomobil va’da qilingan ekan. Shu rostmi?

Aleksandr Xomyakov: - Yo‘q, men bu xabarni eshitmadim. Hammasi gap-so‘zlar. Ha, biz gonorarlarga ega chiqdik.

- Bu tarixiy g‘alaba. Viloyat hokimidan mukofot tariqasida nima kutyapsiz?

Aleksandr Xomyakov: - Mukofotlar, sovg‘alar berishsa kerak. Ammo oladigan gonorarimizni bilaman.

- Ushbu tarixiy g‘alabani kimga bag‘ishlaysiz?

Aleksandr Xomyakov: - 15 yildan beri O‘zbekistonda ishlab kelyapman. Bu g‘alabani butun Andijon xalqiga bag‘ishlayman. Shuningdek, viloyat hokimiga va homiyimiz “Uzavtosanoat”ga ham bag‘ishlayman.

- “Navbahor”ga qarshi Andijondagi o‘yindagi g‘alabadan so‘ng “futbol Xudo”si biz bilan bo‘ldi, degandingiz. Bu safar ham yana shunday deya olasizmi?

Aleksandr Xomyakov: - Shunday desa ham bo‘ladi.

- “Andijon” ushbu mavsumdagi eng qiyin o‘yinini o‘tkazdi. Jamoani kelajagi haqida fikringiz qanday? Superligadagi oldinda turgan bahslar borasida nima deya olasiz? Yaxshi natijalar bo‘ladimi?

Aleksandr Xomyakov: - Bugungi g‘alaba hammasini o‘zgartirib yuboradi va yaxshi natijalarimiz bo‘ladi. Superligadagi natijalarimiz hozircha yaxshi emas. G‘alabani nishonlashga bir kun vaqtimiz bor. Ikki kundan so‘ng Toshkentda yig‘ilamiz va “Surxon”ga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazib, tayyorgarlik ko‘ramiz. Shundan so‘ng ozgina dam olamiz va keyingi uchrashuvlarga tayyorgarlikni davom ettramiz.

- Bu faoliyatingizdagi eng muhim o‘yinmidi?

Aleksandr Xomyakov: - Haqiqatda hayotimdagi muhim g‘alaba bo‘ldi. Faxrlansam arziydi. 15 yil davomida O‘zbekistonda bejizga ishlamayotganimni isbotladim. Kubokni yutdim, juda ham xursandman.

- Bu o‘yin “Andijon”ni mavsumdagi eng yaxshisimi?

Aleksandr Xomyakov: - Yo‘q. Birinchi davrada ancha sifatli va yaxshiroq o‘yinlarimiz bo‘lgandi. Hammasi yaxshi bo‘lishini, natija amalga oshishini inson qalban sezadi. O‘yinchi almashtirishimiz ham ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Murabbiy sifatida men doimo yaxshi bo‘lishini xohlayman. Mas’uliyatni chuqur his qilgan holda g‘alaba qozondik. Futbolchilarga rahmat aytish kerak.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!