
Aleks Perreyra va Magomed Ankalaev jangi O‘zbek MMA olamida katta bahslarga sabab bo‘ldi !!! (So‘rovnoma)
9 mart kuni AQShning Las-Vegas shahri "UFC 313" turniriga mezbonlik qiladi. Mazkur oqshomning asosiy to‘qnashuvi Aleks Perreyra hamda Magomed Ankalaev o‘rtasida kechadi. Biz ushbu qarama-qarshilik borasida an’anaga muvofiq o‘zbek yakkakurash olami vakillarining fikri bilan qiziqdik.
Nozimjon To‘ychiev - O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi Andijon viloyati mutasaddisi:
– Bu jang borasida gapiradigan bo‘lsak, Ankalaevda imkoniyat yuqori. Uning kurashi juda kuchli.
Muzaffar Xudoyqulov - murabbiy:
– Yaxshi jang bo‘ladi. Ikkisiga ham oson bo‘lmaydi. Biroq Perreyraning kuchli zarbalarini hisobga olib aytamanki, bahs muddatdan avval yakunlanadi. Aleks Magomedni nokautga uchratadi.
Mansur Tugizbaev - murabbiy:
– Bu juda qattiq jang bo‘ladi. Oldindan favoritni aytish qiyin. Ankalaev ham, Perreyra ham bir-biriga munosib raqiblar. Biroq meni fikrimcha, Magomed parterda Aleksni mag‘lub etadi.
Mirzohid Ataboev - murabbiy:
– Aleks o‘z vaznida haqiqiy qirol. Magomed esa da’vogar. Biroq shunday bo‘lsa-da, har ikkisi ham bir-biridan qolishmaydi. Mag‘lubiyat alamini kim totib ko‘rishi esa, kimning birinchi xato qilishiga bog‘liq. Ankalaev Perreyradan aqlliroq. U og‘ir-bosiqlik bilan harakat qilib, g‘alabani qo‘lga kiritadi, deb o‘ylayman. Braziliyalikdagi haddan ortiq hotirjamlik o‘ziga minus olib kelishi mumkin.
Farrux Madaminov - murabbiy:
– Perreyra Ankalaev uchun juda jiddiy raqib. Ammo Magomed zarba o‘tkazib yubormasdan, Aleksni parterga o‘tkaza olsa, g‘alabani naqd qiladi. Lekin Perreyraning birgina zarbasi rossiyalikning barcha umidini puchga chiqarishi mumkin.
Doniyorbek Ro‘ziev - murabbiy:
– Jang juda shiddatli o‘tishi aniq. Oldindan natijani taxmin qilish ham oson emas. Menimcha, bu to‘qnashuvda Ankalaev 3 yoki 4- raundda g‘alaba qozonadi.
Bobur Qurbonov - MMA jangchisi:
– Zarba kuchi jihatdan Perreyrada doim ustunlik bo‘ladi. Lekin jang texnikasi tomonidan qarasak, Ankalaev bu jangda g‘alaba qozonish ehtimoli katta. U kurashi bilan bahs taqdirini hal qilib qo‘yishi mumkin. Fikrimcha, bu to‘qnashuvda yo Aleks Perreyra Magomedni nokaut qiladi, yo Ankalaev yakunda ochkolar evaziga g‘alaba qozonadi.
Azizbek Temirov - MMA jangchimiz:
– Juda qiziqarli jang. Menimcha, Ankalaev Aleksni parterga olib tushib, muddatidan avval g‘alaba qozonadi. Yoki 5 raund Perreyraga qarshi munosib kurashib, yakunda ochkolar evaziga zafar quchadi.
Fikrlar