AGMK Qarshiga katta maqsadlar bilan kelyapti, ammo "Nasaf"ning imkoniyatlari biroz yuqoriroqdek (prevyu)

  • 13 oktabr, 2022, 05:20
  • Javokhir Azimov
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

O‘zbekistonda futbol mavsumi yakunlanib bormoqda. Shu tempda davom etsa, bu so‘nggi yillardagi eng intrigali va qiziqarlisi sifatida tarixga kiradi. Bugun mavsumning eng shiddatli o‘tishi kutilayotgan bellashuvlaridan biri haqida fikr almashamiz: "Nasaf" - AGMK to‘qnashuvi!

Demak, avvaliga o‘yinoldi ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashsak: bahs Qarshidagi "Markaziy" stadionida bo‘lib o‘tadi va muxlislar uchun qulay vaqt - 19:30 da start oladi. G‘olib tomon Buxoro shahri mezbonlik qiladigan finalga chiptani qo‘lga kiritadi. Shuningdek, kimning qo‘li baland kelsa, u kubok doirasidagi o‘zaro uchrashuvlar natijasini o‘zi tomonga og‘diradi. Hozircha hisob 2:2. Qiziq tomoni ushbu jamoalar so‘nggi ikki o‘yinda final ostonasida to‘qnash kelgan ekan. 2020 yilgi mavsumda olmaliqliklar Bahrom Abdurahimovning yagona goli evaziga zafar quchib, hal qiluvchi bahs chiptasini qo‘lga kiritgandi (ha, o‘shanda u "konchilar" sharafini himoya qilardi). So‘nggi qarama-qarshilik esa juda katta bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan. Asosiy mavzudan uzoqlashmay, bugungi muhim o‘yin va jamoalarning undagi imkoniyatlari haqida fikr yuritamiz. Dastavval, mezbonlardan boshlaymiz.

"Nasaf"

"Ajdarlar" - amaldagi chempion, Superliga peshqadami, o‘zi kurashayotgan ikki frontda g‘oliblik uchun asosiy da’vogar va shubhasiz, bellashuv favoriti. Ustiga ustak, bahs ular uchun eng qulay stadion - Qarshidagi "Markaziy"da o‘tkazilmoqda. Minglab muxlislar, tekis o‘sgan chim va bosimning yo‘qligi Berdiev shogirdlarining foydasiga ishlashi turgan gap. Bu ularning plyuslari va shuni unutmaslik kerakki, bugungi o‘yinda qarshiliklar minusiga ishlashi mumkin bo‘lgan faktorlar ham yo‘q emas.

Avval ta’kidlaganimdek, "Nasaf" uchun kubokdan ko‘ra Superliga ko‘proq muhim. Tarkibdagi futbolchilarning 90 foizi o‘tgan mavsum bu sovrinni boshi uzra baland ko‘targan, ammo ichki chempionat oltin medallari azaliy orzuligicha qolmoqda. Shu sababdan ham Berdiev bor e’tiborni Superligada qolgan 5 ta o‘yinga qaratishi katta ehtimol. Haqli savol tug‘iladi, shunday qilish shartmi? Ha! Ligada qolgan bellashuvlar hayot-mamot jangiga aylanishi uchun ham shunday qilish kerak. Toki futbolchilar nimani maqsad qilishni tushunib etsin. Gapim to‘g‘ri chiqsa, Ro‘ziqul Sa’dullaevich qahramonga aylanadi! Aks holda, hech nima bo‘lmaydi, rahbariyat Berdievga kelasi yil yana imkon beraveradi. Ammo raqiblar bunday qilishiga shubham bor.

AGMK

Cho‘kayotgan inson hasga ham yopishadi, degan gap bor. Bu olmaliqliklarning hozirgi holatiga to‘liq mos tushadi. Yil boshida tarkib Alisher Jalilov, Anzur Ismoilov, Siyavash Haqnazari va boshqa saviyali futbolchilar bilan kuchaytirildi. Taxminlarga ko‘ra, "konchilar" byudjet borasida mamlakatning 5 jamoasidan bittasi hisoblanadi. Shunday vaziyatda rahbariyat Mirjalol Qosimovdan natija talab qilishi aniq. 

Xo‘sh, bugungi to‘qnashuvda futbolchilarga nimalar qo‘l kelishi mumkin? Birinchidan, futbolchilarning o‘zi. Agar ularga bu mavsumni qutqarib qolish yo‘lidagi so‘nggi choraligi, hozirgi tarkib tarqalib ketmasligi uchun ham kubokda zafar quchish shartligi uqtirilsa, yigitlar ko‘p narsani eplay oladi. Ustiga ustak, raqib bu bahsni AGMKchalik muhim deb bilmasa kerak. Yana bir jihat bor, Berdiev doim Qosimovga qarshi bellashuvlarda katta qiyinchilikka duch keladi. Bu ham o‘yin intrigasi oshishiga xizmat qiladi.

Taxminiy tarkiblar

"Nasaf": Abduvohid Ne’matov, Husniddin Aliqulov, Umar Eshmurodov, Alibek Davronov, Sherzod Nasrullaev, Dilshod Saitov, Marko Stanoevich, Akmal Mozgovoy, Ivan Solovyov, Lima Kruz, Husain Norchaev.

AGMK: Botirali Ergashev, Artyom Filiposyan, Sardor Rahmonov, Akrom Komilov, Dilshod Ahmadaliev, Sanjar Tursunov, Giorgi Papava, Siavash Haqnazari, Xurshid G‘iyosov, Shohrux Gadoev, Martin Boake.

Bular shunchaki jamoalarning bugungi holatini hisobga olgan holda keltirilgan taxminlar edi. Nima bo‘lsa ham halol va qiziqarli o‘yin tarafdorimiz. Umid qilamanki, birinchi yarim final toza va haqiqiy kurashlarga boy o‘tadi, ikkinchi bahs haqida tez orada yana suhbatlashamiz!

Javohir Azimov

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!