
"Agar belgilangan muddatgacha qarzni uzishmasa FIFAga murojaat qilaman" yoxud legionerimiz klubdan ketdi!
Bir yil davomida Malayziya chempionatida to‘p surgan hamyurtimiz Suhrob Nurulloevning “Kedax” klubidagi faoliyati yakunlandi. Hamyurtimiz yaxshi taassurot qoldirdi. Biroq keyinchalik jamoasida muammolar ko‘zga tashlana boshladi. Bu albatta o‘z ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmaydi. Suhrob Nurulloev esa Sports.uz jurnalistining savollariga javob berdi.
- Suhrob, siz Malayziya chempionatida debyut mavsumingizni o‘tkazdingiz. Qanday taassurotlar qoldi?
- Ha, men birinchi marta legioner bo‘lib chet davlatda o‘ynayapman. Taassurotlarim yaxshi. Bu erda ko‘proq tajribaga ega bo‘ldim, deb o‘ylayman.
- "Nasaf"ni tark etib "Kedax" klubiga o‘tgan chog‘ingizda jamoangizda vaziyat qanday edi va hozir qanday holatda?
- Bu erga kelgan paytim juda yaxshi edi. 3 oydan keyin hamma muammolar boshlandi, albatta, moliyaviy tarafdan. Haligacha katta muammolar bor.
- Hozirgacha u erda 13 ta o‘yinda 2 ta gol va 1 ta assistni bajardingiz. Bu natija siz uchun qoniqarlimi?
- Yo‘q, bu erda men 12 ta o‘yinda 3 ta gol urdim va 4 assistni amalga oshirdim. Lekin bundan-da yaxshiroq natija qilaman, deb niyat qilgandim.
- Eshitishimcha, klubni futbolchilardan qarzdordligi bor ekan. Qarzdorlikni hal qilishdimi?
- Ha, bu to‘g‘ri. 7 ta oylik maosh qarzi bor va haligacha hal qilgani yo‘q. Bu har bir sportchi uchun xorij davlatida juda qiyin bo‘lsa kerak.
- Klubdan haqingizni undirishga ishonyapsizmi? Buning uchun qanday choralar ko‘rilyapti?
- Ha, allaqachon klub bilan kelishib olganmiz va ular mendan vaqt so‘rashdi. Agar o‘sha vaqtgacha qarzlarini uzishmasa unda FIFAga murojaat qilaman.
- "Kedax" bilan xayrlashasizmi? Keyingi rejangiz qanday?
- Shartnomam aprelgacha. Ammo klub bilan kelishgan holda xayrlashdim. Chunki bunday holatda xorijda yashash ancha qiyin.
- Oldingizda qanday takliflar bor va hozirda muzokaralar qanday davom etmoqda?
- O‘zbekistondan va boshqa davlatdan takliflar bor. Xudo xohlasa, birortasini ko‘rib chiqib, yaqin kunlarda o‘z qarorimni aytaman.
- Umuman, faoliyatingizni Malayziyada davom ettirayotganingiz evaziga nimaga erishdim, deb o‘ylaysiz yoki aksincha...
- Malayziyada futbol taraflama ancha o‘sdim, deya olaman. Chunki baribir legioner bo‘lib to‘p surish futbolchiga boshqacha ishonch beradi. Hozir hamma joyda futbol o‘ynash qiyin. Qolaversa, bu erda iqlim juda issiq. Moslashishga ham vaqt ketib qoladi.
- 2025 yilda nimani ko‘zlayapsiz, maqsadingiz qanday?
- Xudo xohlasa, 2025 yilda hammamizga omad tilayman. Bundan ham yaxshi o‘ynab sovrinlarni qo‘lga kiritishni niyat qilyapman.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar