Adolat qaror topdi! Yoxud "London-2012" Olimpiadasi sovrindoriga 50 ming AQSh dollari topshirildi
O‘zbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vazirligida nufuzli musobaqalarda g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilarni taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishiga muvofiq, "London-2012" XXX yozgi Olimpiya o‘yinlari bronza medali sohibi, og‘ir atletikachi Ivan Efremov 50 ming, jahon chempionatida g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilar mos ravishda 12 ming (oltin medal), 6 ming (kumush medal) va 3 ming (bronza medal), ularni tayyorlagan murabbiylar esa 6 ming, 3 ming va 1,5 ming AQSh dollari miqdorida bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanishdi.
Ma’lumot uchun, Ivan Efremov "London-2012" Olimpiadasida og‘ir atletika bo‘yicha -105 kg vazn toifasida beshinchi natijani qayd etgan edi. Biroq keyinchalik birinchi va to‘rtinchi o‘rinni egallagan atletlarda doping aniqlangach, atletimiz uchinchi o‘ringa ko‘tarilgan. O‘tgan yili Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi Ivan Efremovning Olimpiada sovrindori ekanligini tasdiqlovchi sertifikat va "London-2012" medalini yuborgach, sportchimiz Toshkentda o‘tgan og‘ir atletika bo‘yicha Osiyo chempionati arafasida taqdirlangan edi. Bugun u davlatimiz tomonidan har bir Olimpiya sovrindori uchun belgilangan tartibda pul mukofotini qabul qilib oldi.



Fikrlar