
Abduqodir sinovdan yaxshi o‘tdi: Superklub Husanovni kutyapti!
Abduqodir Husanov “Lans”da yuqori saviyada o‘yin ko‘rsatayotganidan beri bu jamoa legionerimizni uzoq ushlab qola olmasligi tobora oydinlashib bormoqda.
20 yoshli o‘zbek himoyachisiga birinchilardan da’vogarga aylangan klub “Pari Sen-Jermen” bo‘ladi. Parijliklar mavsum boshidan beri bu himoyachining o‘yinlarini kuzatib kelmoqda.
Frantsiya futbolini yoritib kelayotgan qator manbalar, xususan le10sport.com portali PSJning Abduqodir Husanovga bo‘lgan qiziqishi atrofidagi yangi ma’lumotlarni muxlislar e’tiboriga havola etdi.
- Abduqodir Husanov haqiqiy fenomen. U PSJga ko‘chib o‘tib, yaqin kelajakda jamoaning hozirgi sardori Markinosning o‘rnini bosishi mumkin.
Bu himoyachi 20 yoshidayoq “Lans” yulduziga aylandi. U jamoada umrbod qolishga loyiq. Lekin ko‘p klublar bunga yo‘l qo‘ymoqchi emas. Ayniqsa, PSJ. Poytaxt klubi himoyaga yangilik olib kiradigan o‘yinchi qidiryapti. Ular o‘z ehtiyojini Husanov yordamida qondirishi mumkin, - deb yozmoqda le10sport.com portali eksperti Tibo Morlen.
O‘z navbatida, “Lans” va “Pari Sen-Jermen”da o‘ynagan sobiq futbolchilar ham Abduqodir Husanov transferi borasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Daniel Moreyre, “Lans” sobiq futbolchisi:
Abduqodir Husanov “Lans”da juda katta o‘sishga erishdi. Men uni endi “Pari Sen-Jermen”da ko‘rmoqchiman. Bu himoyachi raqibga qarshi murosasiz o‘ynaydi. Ikkilanmay harakat qiladi. Orqa chiziqda o‘zini juda xotirjam tutadi. Hujumni yaxshi boshlab bera oladi. PSJda faoliyatining so‘nggi bosqichini o‘tkazayotgan Markinosning o‘rnini aynan Abduqodir Husanov egallashi kerak, deb o‘ylayman.
Luis Fernandes, PSJ sobiq futbolchisi:
“Lans”da o‘ynagan futbolchi biroz erkinroq harakat qilishga ko‘nikkan bo‘ladi. PSJda esa, muayyan bosim bor.
Chunki parijliklar yangi o‘yinchi olishdan avval uni sinchiklab o‘rganib chiqishni ma’qul ko‘radi. Ayrim futbolchilar bu jamoaga kelganidan keyin ulardan kutilgan o‘yinni namoyish qila olmay qolgan vaziyatlar ham kuzatilgan.
Abduqodir Husanovning sifati hammaga ma’lum. O‘z jamoasining tizimini ushlab turibdi, bu jamoada yorqin porlayapti. Endi u yanada o‘sishi va kuchliroq bo‘lishi talab etiladi.
Eslatib o‘tamiz, Abduqodir Husanov “Bunyodkor” akademiyasida tarbiyalangan. Professional faoliyatini Belarusning “Energetik-BGU” jamoasida boshladi.
2023 yilning yozida Frantsiyaning o‘sha paytdagi vitse-chempioni “Lans” Evropa uchun notanish bo‘lgan yosh futbolchini olib kelgani ancha ovoza bo‘ldi. Shu tariqa, Abduqodir Frantsiya chempionatida ishtirok etgan birinchi o‘zbek futbolchisi sifatida tarixda nom qoldirdi.
Transfermarkt portali 2024 yil yakunlariga ko‘ra Frantsiya chempionatidagi ayrim futbolchilarning transfer narxini yangilaganda, Abduqodir Husanovni 12 ming evroga baholadi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha 20 yoshli himoyachi nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyoning eng qimmatbaho o‘yinchisiga aylandi.
Fikrlar