Abdumavlon Abdujalilov: Terma jamoadan chaqiruv men uchun syurpriz bo‘ldi

  • 8 oktabr, 2019, 17:26
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

Vadim Abramov boshchiligidagi milliy terma jamoamiz JCh-2022 saralash bosqichi doirasidagi Yaman hamda Singapurga qarshi o‘yinlar uchun yig‘inni boshlaganidan xabardorsiz. Bosh murabbiy mashg‘ulotlarga bir qator yangi nomlarni jalb etganidan ham xabaringiz bo‘lsa kerak. Vadim Karlenovich «Bunyodkor»da ham ishlayotgani sababli bosh jamoamizga ushbu klubdan ham futbolchilarni chaqirishi kutilgandi va amalda ham shunday bo‘ldi. Masalan, iqtidorli darvozabon Abdumavlon Abdujalilov ilk bor milliy termaga jalb etildi.

Tecno

«Har bir futbolchining maqsadi terma jamoa sharafini himoya qilish»

-  Vadim Abramov O‘zbekiston milliy terma jamoasiga bosh murabbiy bo‘lganidan keyin «Bunyodkor»dan ham o‘yinchilarni chaqirsa kerak deb o‘ylagandik, - deb gap boshladi, Abdujallilov. - Lekin aynan meni yoki qaysidir futbolchini termaga taklif qilishini bilmagandik. Shu ma’noda aytganda, terma jamoadan chaqiruv chinakamiga syurpriz bo‘ldi desam ham bo‘ladi. Milliy termamiz uchun mos futbolchilar ko‘p. Ularning orasidan meni ham chaqirgani tabiiyki juda yoqimli bo‘ldi. Har bir futbolchining orzusi va maqsadi milliy terma jamoada to‘p surish ekanligi aniq. Qisqasi, terma jamoada shug‘ullanayotganimdan juda xursandman.

«Hammasini Telegram orqali bildim»

- Telegram ijtimoiy tarmog‘ida «Bunyodkor» futbolchilarining alohida guruhi tashkil etilgan. O‘sha erda jamoadoshlarim tabrik so‘zlarini yozib qoldirishibdi. Keyin «Bunyodkor» klubi ma’muri o‘sha guruhimizga terma jamoadan kelgan chaqiruv qog‘ozini yuboribdi. Men ham termadan taklif olganimni shundan bildim.

«To‘g‘ri, birinchi kuni hayajon sezildi»

- Milliy terma jamoa – bu mamlakatimizning bosh jamoasi hisoblanadi. Bu «Bunyodkor», «Paxtakor» yoki boshqa klub emas. Faqat vatanning sha’nini himoya qilamiz. Tan olaman, birinchi kuni menda hayajon sezildi, ayniqsa, ilk mashg‘ulot boshlanishidan oldin. Shuningdek, terma jamoadagi deyarli barcha futbolchilarni yaxshi bilaman, ular bilan oldin ham birga to‘p surganmiz. Aytaylik, ko‘p o‘yinchilar «Paxtakor» tarbiyalanuvchilari va ushbu klubda ham birgalikda faoliyat olib borganmiz. Shu bilan birga birinchi marta birgalikda mashg‘ulot o‘tkazayotgan futbolchilar ham bor. Albatta, termada o‘ziga yarasha bosim ham bo‘lishi tabiiy. Lekin bu bosim asosan birinchi mashg‘ulotda kuzatilishi mumkin, ammo undan u yog‘iga bosim o‘z-o‘zidan yo‘qoladi. Chunki biz o‘zimizni professional kabi bitta oila singari ishlashimiz kerak. Shuning uchun ayni paytga kelib hammasi joyida. Terma jamoadagi muhit ham juda yaxshi. Men birinchi marta ko‘rib turganim yo‘q yoki o‘zim bilmaydigan jamoaga tushib qolmadim. Ya’ni, o‘zim uchun notanish emas.

«Aksariyat darvozabonlar Ivankov bilan birga ishlashni xohlashadi»

- Birinchi mashg‘ulotimizda darvozabonlar murabbiyi Denis Ivankov menga o‘zining maslahatlarini berdi. Mashg‘ulot jarayonlarida xato qilib qo‘ysam yoki nimagadir moslasha olmasam, asabiylashmasligimni, hammasi joyiga tushishini va albatta o‘rganib ketishimni aytib, menga dalda bo‘ldi. Ivankovning mashg‘ulotlarini bitta so‘z bilan sifatli deb aytishim mumkin. U haqiqiy professional va o‘z ishining ustasi. Uni hamma taniydi va yaxshi biladi. Menimcha, deyarli barcha darvozabonlar Denis Aleksandrovich bilan birga ishlashni xohlashadi. Eldor Suyunov bilan Sanjar Quvvatovga keladigan bo‘lsam, ularning mahoratlari haqida ortiqcha to‘xtalishim shart emas. Ular bir necha yillardan beri terma jamoamiz a’zolari hisoblanishadi. Mashg‘ulotlar chog‘ida ham ikkala posbonning saviyasi bilinib turibdi. Ushbu darvozabonlardan ham o‘zim uchun kerakli bilimlarni o‘rganaman. Mashg‘ulot paytida professionallikni ustun qo‘yishadi, aslo loqaydlikka yo‘l qo‘yishmaydi.

«Jamoada muhit yaxshiligi uchun tez moslashib ketdim»

- Menimcha, eng qiyini biror jamoaga borsangiz u erga qo‘shilib ketish bo‘lsa kerak. Yuqorida aytganimdek, boshida bosim bo‘lishi mumkin. O‘sha mashg‘ulotning birinchi kuni qandaydir bosim, hayajon kabi holatlar sezildi. Lekin vaqt o‘tgan sari hammasiga moslashib ketaverasiz. Axir terma jamoada ham o‘zimizga o‘xshagan futbolchilar o‘ynashyapti. O‘zimni umuman begonasiramayapman. Terma jamoada tortinib yurishni ham his qilayotganim yo‘q. Bilsangiz, aksariyat o‘yinchilar bir-birini yaxshi tanishadi va bungacha ham yoshlar, olimpiya yoki klublarda birga to‘p surishgan. Muhit yaxshiligi uchun ham ko‘nikib ketishim oson bo‘ldi.

«Abramov bilan maqsadimizga erishishimizga ishonchim komil»

- Vadim Abramovning o‘yin uslubini, uning falsafasini hamma biladi. Murabbiyning qanaqaligini bilish uchun u bilan ishlash yoki ishlashmaslik shart emas. O‘zi shundoq ham Vadim Karlenovich katta tajribaga ega bo‘lgan mutaxassis va bu uning boshqargan jamoalarida ham ko‘rinib turadi. Albatta, «Bunyodkor»ning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi bor. Ammo milliy terma jamoaning maqsadi yuqori turadi. Lekin u bilan klubda va terma jamoada birga ishlash jarayonida u qadar o‘zgarishlarni sezmadim. Bungacha ham Vadim Karlenovichni milliy termada qanday ishlaganini hamma yaxshi biladi. U o‘zidan faqat yaxshi taassurot qoldirgan. Ayniqsa, o‘yin va natija borasida muxlislarni xursand qila olgandi. Abramov hamon o‘sha-o‘sha, faqat bu safargi maqsad boshqacha, murabbiy kimning qandayligini juda yaxshi biladi. U bilan maqsadimizga erishishimizga ishonchim komil.

«Kimni darvozaga qo‘yishni murabbiy hal qiladi»

- Terma jamoaga chaqirilgan har bir futbolchi o‘zining o‘yini bilan yordam berishni xohlaydi. Tabiiyki, bosh jamoamizda kimlarni o‘ynashini murabbiy hal qiladi. O‘ynamayotgan o‘yinchilar ham terma uchun yuragidan qayg‘urishadi. To‘g‘ri, aslida milliy termada hamma to‘p surishni xohlaydi. Biroq murabbiy yakuniy qarorni e’lon qiladi. Masalan, «Bunyodkor»da ba’zida o‘ynab, ba’zida zaxirada qolsam ham doim jamoamiz uchun qayg‘uraman. Vadim Karlenovich bizga doim futbolchi xafa bo‘lmasligi kerak, bugun boshqasi sening joyingda o‘ynayaptimi, ertaga sen o‘sha joyda o‘ynashing mumkin deydi. Futbolchi o‘z ustida ishlashdan to‘xtab qolmasligi kerak deb ko‘p uqtiradi. Masalan, mening qarashlarim bo‘yicha bugun kim o‘ynarkin degan o‘y-xayol yo‘q. Mening asosiy vazifam doimo o‘yinlarga 100 foiz tayyor bo‘lish. Kim darvozaga turishini esa Abramovning o‘zi hal qiladi. Bosh murabbiyning qarorini doimo to‘g‘ri va hurmat bilan qabul qilamiz. Eldor Suyunov ham, Sanjar Quvvatov ham men bilan juda iliq munosabatda. Shu bois doimo sog‘lom raqobat bo‘lgani yaxshi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Salah Salah
08/10/2019 23:48
салом Яна Сардор Рашидов юк Яна таниш билишми
&
Azalshoh
08/10/2019 20:44
Biz uchun ham syurpriz bo'ldi,Avdumavlon!