
Umid Ahmadjonov: Osiyo Kubogini qo‘lga kiritib, Prezidentimiz va xalqimizni xursand qilmoqchimiz
O‘zbekiston milliy terma jamoasining 2-turdan o‘rin olgan Turkmanistonga qarshi o‘tkazgan o‘yini hammada iliq taassurot qoldirdi. Tan olaylik, Ektor Kuper jamoasi birinchi o‘yinga nisbatan yanada tajovuzkor futbol namoyish etdi va raqibni har tomonlama dog‘da qoldirdi. Terma jamoamiz Turkmanistondan kuchliligini birinchi bo‘limdayoq isbotlab qo‘ydi. Asosiysi, O‘zbekiston xalqining bu g‘alabadan kayfiyati ko‘tarilgani aniq. Yurtimizdan bizga tinmasdan tabriknomalar yozilgan xabarlar kelishda davom etyapti. Ularning har birida mamlakatimizdagi muxlislar jamoamizni qo‘llab-quvvatlayotganini alohida e’tirof etishyapti.
Ektor Kuper futbolchilarni o‘yinga zo‘r tayyorlagan, bunday natijaga erishganimiz ham bejiz emas. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining 1-vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov ham terma jamoamizning ajoyib o‘yini va chiroyli g‘alabasidan xursand bo‘lgan holda xalqimizni tabrikladi.
- Terma jamoamizning ko‘rsatgan ajoyib o‘yini va chiroyli g‘alabasi bilan xalqimizni tabriklayman, deb gap boshladi, Umid Muhammadjonovich. - Haqiqatan futbolchilarimiz tomonidan namoyish etilgan o‘yin hamma muxlislarimizga yoqdi. Yigitlarimiz o‘zining mana shunday rang-barang o‘yinlari orqali xalqimizning kayfiyatini yanada ko‘tardi. Xudo xohlasa, bunday g‘alabali onlarimiz boshlanishi, ishonamanki, bu kabi muvaffaqiyatlarimiz davomli bo‘ladi.
G‘alaba hammaga yoqimli va shirin tuyuladi. Lekin bu kabi o‘ta ishonchli o‘yin hamda muvaffaqiyatlardan keyin «osmonga» uchib ketadigan jamoalar ham bo‘ladi. Ammo Umid Ahmadjonov terma jamoamizni aslo bo‘shashmaslikka chaqirgan holda maqsadimizni yana bir bor eslatib qo‘ydi.
- Turkmaniston terma jamoasini yirik hisobda yutgan bo‘lsak-da, bu bilan mutlaqo bo‘shashishga haqqimiz yo‘q. Negaki, oldimizda yanada kuchli raqiblar turibdi. Albatta, bu g‘alaba futbolchilarimizning kuchiga kuch va kayfiyatiga kayfiyat qo‘shishiga aminman. Muhimi, jamoamiz ko‘tarinki holatda. Oldin ham aytganman, hozir ham aytaman: bizning maqsadimiz aniq: Osiyo Kubogini qo‘lga kiritish. Ushbu Kubokni Toshkentga olib kelib, muhtaram Prezidentimiz va xalqimizni xursand qilmoqchimiz. Buni barcha o‘yinchilarimiz ham yaxshi tushunib turishibdi. Shu bois barcha ishqibozlar jamoamizni qo‘llab-quvvatlashda davom etishsin, deya so‘zini yakunladi, - Ahmadjonov.
Shuhratbek Jo‘raev suhbatlashdi.
Fikrlar