Tahlil: Erondan uchralgan mag‘lubiyatning sababi nimada?

  • 12 sentabr, 2018, 17:39
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Xabaringiz bor, kecha O‘zbekiston terma jamoasi poytaxtimizdagi “Milliy” stadionida Eronga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushdi.

Tecno

Avvalo o‘yinga to‘xtalishdan avval Ektor Kuperning bo‘lajak o‘yin borasidagi fikrlariga to‘xtalib o‘tsak.

– Ertaga men ikkinchi o‘yinda jamoani maydonga olib tushaman. Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tishni istardimki, bu o‘yin ham biz uchun sinov bo‘ladi. Ertaga yangi futbolchilar ham maydonga tushishadi. Eron terma jamoasi juda ham jiddiy jamoa. Karlush Keyrush Eronni yaxshi shakllantirgan.  Men ertaga futbolchilardan jamoaviy o‘yinni talab qilaman. Va ko‘rsatmalarimga qanchalik amal qilishlariga ham e’tiborimni qarataman. Bir narsaga aniqlik kiritishni istayman. Biz birinchi o‘yinda himoyani sinab ko‘rgan bo‘lsak ham keyingi o‘yinda faqat xujumni sinaymiz degani emas. Men murabbiy sifatida himoya mudofaa chizig‘idagi xatolarni minimal darajaga tushurishni istayman. Himoya sifatli bo‘lsa xujum ham shunga monand bo‘ladi...

Uzbek-murabbiyi%20(1)

Kuper shuningdek, o‘z so‘zini davom ettirar ekan, jamoalarning FIFA reytingidagi o‘rinlariga to‘xtalib o‘tdi. Bundan tashqari, u legionerlarning jamoaga yaqinda qo‘shilgani va ularni o‘rganish uchun ham vaqt kerakligini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Keyrush esa Osiyo chempionligi uchun da’vogar terma jamoalar qatorida O‘zbekiston vakillari ham borligini ta’kidlagan holda, ushbu o‘yin ular uchun Osiyo chempionatiga tayyorgarlikning eng muhim bosqichi vazifasini o‘tab berishini ham aytib o‘tdi. Albatta, bu erda Keyrushning “diplomatiya”ni ishga solganini ham unutmaslik lozim. Ammo u negadir Kuperning O‘zbekistonga kelishi futbolimiz uchun katta yutuq ekanligini ham alohida ta’kidlab o‘tdi.

Eron-press%20(11)

Endi bevosita o‘yinga to‘xtaladigan bo‘lsak, har ikkala murabbiy 4-2-3-1 taktikasidan foydalandi. Shuningdek, vakillarimiz Suriyaga qarshi o‘yindan farqli ravishda kuchliroq tarkib bilan maydonga tushishdi.

Birinchi bo‘limda har ikkala jamoa ketma-ket hujumlarni tashkillashtirgan bo‘lsa, ikkinchi bo‘limda negadir vakillarimiz ancha sust o‘yin namoyish etishdi. Keling mana shu o‘rinda yarani yangilamaylikda, o‘yin borasidagi fikrlarga to‘xtalib o‘tamiz. 

Uzb-Eron%20(1)

Kamchiliklar o‘z yo‘liga ammo Eronga qarshi uchrashuvda e’tiborni tortgan dastlabki jihat shu bo‘ldiki, vakillarimiz hujumida rang-baranglik avvalgiga qaraganda ancha oshgan. Ha, Rashidovning zarbalari hamon aniqmas, to‘g‘ri Bikmaev hujumda yakkalanib qolyapti, haqsiz, Shomurodov haligacha to‘pni keragidan ortiq ushdab turibdi. Qanotlarda qo‘llab-quvvatlash ham talab darajasida emasligi ham bor gap. Ammo Eronga qarshi o‘yinda faqat qanotlardan oldinga tashlanib, jarima maydoni ichiga uzatiladigan “naves”lar soni keskin kamaygan. Bu ham aslida yutug‘imiz. Hozircha, boshqa gaplarni qo‘yib turaylik. Bundan tashqari, futbolchilarimizda kurashuvchanlik hissi kuchayib borayotgani ham, aslida yutuqlarimizdan biri. To‘g‘ri, ikkinchi bo‘limda vakillarimizning o‘yinni to‘liq raqibga topshirib qo‘yishgani aytib, e’tiroz ham bildirarsiz. Ammo unutmangki, bu holatda yana bir qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yildiki, aynan mana shu faktorlar raqibning to‘la ustunligini ta’minlab berdi.

Uzb-Eron%20(8)

Birinchidan markazning raqibga topshirilib qo‘yilishi eronliklarning to‘pga egalik qilishda ustunligini ta’minlab berdi. Keyrush shogirdlari esa qanotlarda tezkorlik bilan oldinga tashlanib, ketma-ket vaziyatlarni yaratishdi. Bu o‘rinda tayanch chizig‘idagi futbolchilarimizning raqibga erkin harakat qilish imkonini yaratib berishganliklarini ta’kidlash lozim. Shuningdek, qanot himoyachilarining o‘z pozitsiyalarini bo‘sh qoldirishlari oqibatida 67-daqiqada Ali Gulizoda ikki himoyachimizni chalg‘itib, jarima maydonimiz ichiga kirib keldi. Aynan u tomonidan uyuushtirilgan reyd oqibatida Said Izzatulohi to‘pni osonlik bilan Mehdi Torabiga oshirib berdi. Torabi esa deyarli bo‘sh darvozamizga shunchaki (!) to‘pni joylab qo‘ya qoldi. Umuman olganda, ko‘pchilik vaziyatlarda qanot himoyachilari negadir basma-bas o‘z o‘rinlarini tark etishdi. Oqibatda markaziy himoyachilar qanotlarga ochlishga majbur bo‘lishdi. Bu esa tabiiyki, so‘nggi chiziqda ko‘plab pala-partishliklar yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi. Afsuski, bu birgina kamchilik emas.

Ko‘zga tashlangan kamchiligimiz shundan iboratki, futbolchilarimizga ruhiy tomondan qiyin vaziyatlarda tushkunlika tushib qolishmoqda. Eron esa aksincha, aynan mana shu jihatdan ustunligi oqibatida vakillarimizni Toshkentda mag‘lub etishning uddasidan chiqishdi. Xususan, eronliklar tomonidan uyushtirilgan juda ko‘pchilik hujum tarixiga to‘xtaladigan bo‘lsak, ularning ko‘pchiligi hujumdagi xatoliklarimiz oqibatida kelib chiqqanini ta’kidlash joiz. Bunda, chiziqlar orasidagi uzilishlarning mavjudligi, yagona o‘ylangan kombinatsiyaning yo‘qligi, shuningdek, kerakli vaziyatlarda qo‘llab-quvvatlashning etishmasligi o‘yinda ana shunday vaziyatlarning yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi. 

Uzb-Eron%20(13)

Eronliklar esa aksincha, bir-birlarini tushungan holda, harakat qilishlari oqibatida vakillarimizni mag‘lub etishning uddasidan chiqishdi. Shuningdek, ulardagi ruhiy ustunlik maydonning har bir qarichida ustunlikni o‘zlari tomon og‘dirishlariga sabab bo‘ldi. Gap ruhiy ustunlik borasida ketar ekan, kichik misolga murojaat qilamiz: Ma’sud Shojai va Igor Sergeev. Eron vakili 34 yoshda, hujumchimiz esa 25da.

Uchrashuvning ko‘pchilik vaziyatlarida Igor Sergeev to‘pni raqibga oldirib qo‘ydi ammo shu bilan taslim bo‘ldi. Shojai esa jarima maydonimiz yaqinida Ahmedovga to‘pni oldirib qo‘ygani holda, maydon markazigacha vakilimizni ta’qib qildi, o‘yin qoidasini buzish evaziga bo‘lsa ham futbolchimizni to‘xtatib qoldi. Sergeev esa... Yo‘q, aslida bu uning zaifligini, yomon futbolchi ekanligini anglatmaydi. Bu holat uning shunchaki, kerakli-keraksiz tanqidlar, muxlislar tomonidan “uvillab” qarshi olishlardan charchaganini anglatadi. Oddiyroq aytganda, uning “sinib” qolganini xato qilishdan qo‘rqib qolganini anglatadi. Bu esa futbolchi uchun eng og‘ir holat, eng katta bosim. Aynan mana shu holat Sergeevni kechagi o‘yinda ham ta’qib etdi.

Uzb-Eron%20(2)

E’tiroz bildirishingiz mumkin, Gulizodani qanotlarda o‘tkazib yuborgan Denisov, Torabiga zarba berish imkonini bergan Sayfiev, To‘xtaxo‘jaev, tayanch zonada raqibga ustunlikni topshirib qo‘ygan Shukurov-ku, nega Sergeevga yopishib oldi, bu muallif deb. Ba’zilaringiz hatto, bu jumlani ortiqcha, deya baholashingiz mumkin. Ammo futbol ichidagi kamtarona tajribamdan foydalanib aytishim mumkinki, Babayanga qadar Sergeev terma jamoamiz hujumida yaqqol etakchi edi.

Yodingizda bo‘lsa, 2012 yilda BAA mezbonligida o‘tgan Osiyo chempionatida hamyurtlarimizning yarim finalga qadar etib borishida aynan Sergeevning xizmatlari katta bo‘lgandi. Final oldidan Janubiy Koreyaga 3:1 hisobida boy berilgan uchrashuvda ham Igor terma jamoamizning yagona goliga mualliflik qilgandi. O‘sha paytlarda Sergeev ko‘plab muxlislar ko‘z o‘nggida yarimta vaziyatni golga aylantira oladigan taran hujumchi sifatida gavdalana boshlagandi. Ko‘plab jurnalistlar uni “yangi Shatskix” deya ataganliklarini ham kuzatganmiz.

uzbekistans-igor-sergeev-celebrates-after-scoring-a-goal-during-their-picture-id156020437

Ammo oradan o‘tgan so‘nggi 3 yil ichida unga nisbatan ham muxlislar ham OAV tomonidan uyuushtirilgan bosim 25 yoshli futbolchini butkul sindirib qo‘ydi. Kechagi o‘yinda biz Sergeevning beo‘xshov harakatlari fonida aynan o‘sha bosimning samarasini ko‘rdik. Buning ustiga, uning zaxiradan maydonga tushish vaqtida muxlislarning “uvillashi” o‘zi barbod ruhiyatni butkul yakson qildi. Bu nafaqat Sergeev fonida, balki butun jamoa o‘yini fonida yaqqol ko‘zga tashlandi.

Kuper o‘yindan keyingi matbuot anjumanida jamoaning o‘yindagi xatolari va tarkib borasida bir xulosaga kelganligini ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, u har bir matbuot anjumanida natijaga bosqichma-bosqich erishish mumkinligini, jamoa o‘yinini shakllantirib olish uchun hali vaqt kerakligini qaytarishdan charchamayapti. Ishonchimiz komilki, bunda u futbolchilarning ruhiy tomonlama tayyorgarligini ham e’tiborga olayotgani shubhasiz. Shunday ekan, biz ham yagona maqsad atrofida birlashib, jamoani tanqid yomg‘iri ostida qoldirib savalash emas. Muhim pallada qo‘llab-quvvatlasak, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Uzbek-murabbiyi%20(3)

E’tiroz bildirishingiz mumkin. Ha, siz haqsiz, tanqid – kelajak mevasi. Kamchiliklarga ko‘z yumish, loqaydlik – eng katta dushmanimiz. Lekin so‘nggi ikki o‘yin davomida shuni kuzatdikki, Kuper hamon jamoa bilan tanishishda davom etmoqda. U hali futbolchilarimizni to‘la o‘rganib ulgurganicha yo‘q. Uning o‘zi ham Eronga qarshi uchrashuv oldidan jamoani hali o‘rganishi lozimligini alohida ta’kidladi. U hattoki, jamoa sardorlik bog‘ichini ham hali kimgadir ishonib topshirmaganligini gap orasida qistirib o‘tdi. Shuningdek, o‘yindan keyin ham ikki taymda ikki xil futbol ko‘rganligini, ikkinchi bo‘limda asosan yangi futbolchilarni ko‘zdan kechirganligi alohida ta’kidladi. Shuningdek, O‘tgan 2ta o‘yinda o‘zi uchun tarkib borasida etarli xulosaga kelib bo‘lganini va keyingi o‘yinlarda o‘zini ko‘rsata olmagan chiziq vakillarining o‘rniga yangi futbolchilar jalb etilishini ham aytib o‘tdi. Shuning o‘zi ham hozircha “Kuper jamoasi” borasida yagona xulosaga kelishga hali erta ekanligini anglatadi.

Kechagi uchrashuvdan so‘ng, Kuper o‘z so‘zini quyidagicha yakunladi: “Biz yoshlarga ham e’tibor berishni boshladik. Oktyabrdagi o‘yinlarga yoshlar terma jamoasidan o‘yinchilar chaqiriladi. Hattoki Siz terma jamoalardagi o‘yinlarda umuman ishtirok etmagan o‘yinchilarni ham ko‘rasiz.”

Demak, voqealar rivojini kuzatamiz. Kuperning haqiqiy jamoasi esa Osiyo kubogidan so‘ng ma’lum bo‘ladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!