
Remzi «Yuventus»ga nima bera oladi? (Erkin G‘aybullaev blogi)
So‘nggi vaqtlarda Aaron Remzining «Yuventus» safiga mavsum yakunida o‘tishi haqidagi xabarlar tobora aniqlashib bormoqda. «Arsenal» bilan shartnomasi o‘z nihoyasiga etadigan futbolchi “keksa sinora” uchun nima bera olishi mumkin?
Bir necha yillar davomida uelslik futbolchi «to‘pchilar» uchun 354 o‘yin o‘tqazib 61 gol urishga erishdi. Bunday ko‘rsatkich bilan u hujumkor yarim himoyachi ekanligini isbotladi.
Ammo Remzi Allegri qo‘li ostida uch xil o‘yin sxemasida o‘ynashiga to‘g‘ri keladi. Antonio Kontedan jamoani qabul qilib olganida Allegri 3-5-2 ni ishlatgan bo‘lsa, so‘nggi yillarda 4-2-3-1 o‘yin uslubidan keng foydalandi. Bu yil esa Krishtianu Ronaldudan maksimal foyda olish uchun 4-3-3 ni qo‘llamoqda.
Bu Remziga mos tushishi mumkin. 28 yoshli yarim himoyachi ancha moslashuvchan hisoblanadi. Uels termasi uchun ham bir qancha o‘yinlarda «aldamchi o‘nlik» vazifasida o‘ynashga ulgurdi.
Ammo u «Yuve»ning ajoyib yarim himoyachilari bilan ham chiqishib ketishi kerak bo‘ladi. U bo‘lajak klubdoshlari bilan qanday moslasha oladi?
- Texnik qobiliyat
Miralem Pyanich «Yuventus» yarim himoyasining muhim vakili va uzatmalar ustasi ham hisoblanadi. Bosniyalik futbolchi A Seriyaning har bir o‘yinida 67.2 pas bermoqda va shundan 92 % muvaffaqiyatli chiqmoqda.
Agarda Remzi orqadan turib pas uzatish bo‘yicha birinchi bo‘lishni istasa, Pyanichning vazifasini egallash uchun qattiq mehnat qilishiga to‘g‘ri keladi. U Premer Liganing joriy mavsumida o‘rtacha 23.7 uzatmani amalga oshirgan, 80.8% omadli chiqqan.
U ko‘proq Sami Xediraga raqobatchi bo‘lishi mumkin. Ammo germaniyalik futbolchi bu mavsumda jarohati sabab A Seriyaning atigi olti uchrashuvida maydonga tushgan. Bu o‘yinlarda Xedira bir o‘yinda o‘rtacha 35 uzatmani amalga oshirgan va 86.2 % muvaffaqiyatli chiqqan.
- Ximoyaviy qobiliyat
Allegri klub yarim himoyasida Emre Jan, Blez Matyuidi va Rodrigo Bentankurlar o‘rtasida rotatsiya o‘tkazmoqda.
Tekin tranfser egasi Jan Turindagi hayotga kirishib ketishda qiynalmoqda. U bu mavsumda 1.6 ta hujumni to‘xtatmoqda. Bu yuqorida tilga olingan yarim himoyachilar ichidagi eng past ko‘rsatkich.
Bu pozitsiyada Remzining asosiy raqibi Bentankur bo‘ladi. U o‘rtacha 2.2 marta raqibni to‘xtata olgan.
Matyuidi esa Bentankurdan keyin keladi. Uning ko‘rsatkichi 2.1 ni tashkil qiladi. Frantsiyalik yarim himoyachi ushbu vazifani Jahon Chempionatida a’lo darajada uddaladi va Pol Pogbaning erkin ijodkor bo‘lishiga sabab bo‘ldi.
- So‘nggi pas
Bu vazifa Remziga juda mos tushadi. Premer Liganing joriy mavsumida uning hisobida olti golli uzatma bor. A Seriyaning bu mavsumida «Yuve»ning barcha yarim himoyachilarini qo‘shib hisoblaganda ham uelslik futbolchining ko‘rsatkichiga etmaydi.
Bentankur va Matyuidi gol urish bo‘yicha Remzi (2) bilan teng. Ammo Remzi Londondagi faoliyati davomida bu topshiriqni munosib uddalashini isbotlab bo‘lgan.
Allegri 4-2-3-1 dan foydalanganda «o‘nlik» vazifada ko‘proq Paulo Dibala o‘ynaydi. Argentinalik futbolchining Chempionlar Ligasidagi sport formasi a’lo darajada. U to‘rt o‘yinda besh gol urishga erishdi. Klubi uchun esa barcha musobaqalarda 7 golga uzatma berdi.
4-3-3 da esa yo‘llar Remziga ochilishi turgan gap. Bu tizim «Arsenal» vakili uchun ideal taktika hisoblanadi.
Fikrlar