
Premer Liganing eng yaxshi yosh futbolchisi bo‘lishga kim haqli?
Evropa futboli o‘zining eng qizg‘in va so‘nggi pallasiga kirgan. Ammo Premer Ligada chempionlik “Manchester Siti”ga nasib bo‘ladigan bo‘ldi. Demak hozirdan bir necha sovrinlarni aynan “shaharliklar” o‘zlariniki qilib olishlari aniq. Shu jumladan, Premer Liganing eng yaxshi yosh futbolchisi maqomi ham Gvardiola shogirdlaridan biriga berilsa, hayratda qolmaymiz. Piter Berns ushbu sovrinni yutgan “Manchester Siti”ning so‘nggi vakili hisoblanadi. Ushbu mavsum yakunida qaysi futbolchi uni o‘ziniki qilib olishga haqli: Rahim Sterling yoki Leroy Sane? The Guardıan bu haqida mulohaza yuritdi.
Premer Ligada “mavsumning eng yaxshi futbolchisi” sovrini uchun ovoz berish o‘tkazildi va unda bahs Kevin de Bryuyne va Muhammad Salah o‘rtasida kechadigan bo‘ldi. Xuddi shunday o‘xshash vaziyat “Yilning eng yaxshi yosh futbolchisi” kategoriyasida ham kechadigan bo‘ldi. Unda “Manchester Siti”ning naq ikki futbolchilari sovrin uchun kurash olib borishadi. Sterling va Sane 23 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasida tengsiz deb topilishga loyiq deya baholanmoqda.
Sterling va Sane nomzodlar orasida darhaqiqat mavsum davomidagi musobaqalarda o‘zlarini eng yaxshi tomonlarini ko‘rsata olishdi. Umuman olganda, 21 yoshgacha bo‘lganlardan faqatgina 20 o‘yinchi mavsumda kamida 10 o‘yin o‘tkazgan va ularning ko‘pchiligi o‘z klubi asosiy tarkibiga qo‘shila olgan. Ular orasida Devinchon Sanches, Richarlison va Mikel Merinolarni alohida tilga olishimiz kerak. Trent Aleksandr-Arnold ham bu sovrinni yutishga munosib nomzod bo‘la oladi. Ammo 19 yoshli himoyachi so‘nggi yillarda o‘zlarini ancha yaxshi ko‘rsata olgan nomdor futbolchilar – Dele Alli, Markus Reshford yoki Sterlinglar orasida yo‘qolib qoladi.
Sterlingni Premer Liganing veteranlaridan biri sifatida ham ko‘rsatishimiz mumkin. U o‘zining milliy birinchilikdagi oltinchi mavsumini o‘tkazmoqda. U 24-dekabrdagina 24 kiradi va ayni vaqtda u bemalol ushbu sovringa nomzodlik qilish huquqiga ega.
Bu yil Rahim Sterling o‘zining eng sermahsul mavsumini o‘tkazmoqda. Uning o‘yinida birorta jiddiy kuchsizlik jihatini kuzatmadik. Albatta, “Manchester derbi”sida havoga sovurgan ba’zi xavfli vaziyatlarni e’tiborga olmasak. Uning raqib maydonchasida to‘purarlik mahoratini qoyilmaqom ishga solishi jamoasiga juda katta foyda keltirmoqda. Uning kerakli paytda kerakli joyda bo‘la olish iqtidori unga 16 gol urishga yordam berdi. Undan faqatgina Saloh (29 gol), Xarri Keyn (24 gol) va Serxio Aguero (21 gol) oldinda bormoqda.
U gollarining chorak qismini “Yilning eng yaxshi yosh futbolchisi” sovrini uchun asosiy raqibiga aylangan va jamoadoshi Leroy Sanening uzatmalari natijasida urgan. Ikki qanotdagi futbolchilarning o‘zaro hamkorligi va muvaffaqiyatli o‘ynay olishi Gvardiolaning g‘alaba formulasiga aylandi. Sane jamoaning eng muhim futbolchisiga aylandi. U tez-tez raqib jarima maydonchasidagi tajovuzkorligi va klubdoshlarini to‘p bilan ta’minlashdagi jonbozliklari bilan katta xajmdagi ishni bajardi.
Uning “Manchester derbi”sida Vensan Kompaniga golli uzatmasi mavsumdagi o‘n ikkinchisi bo‘ldi. Undan oldin faqatgina De Bryuyne (15) oldinda bormoqda. Sane Sterling kabi xavfli vaziyatlarga kirib bormagan. Sterling bunday vaziyatlardan 73 tasiga ega bo‘lgan bo‘lsa, Sane 49 bora yakkama-yakka vaziyatga chiqqan. Bu esa ushbu juftlik bir xil qobiliyatga ega bo‘lsada, maydonning ushbu qismida turli vazifalarga egaligini bildiradi.
Sane chap qanotda kengroq o‘ynayotgan bir paytda, Sterlingga raqib himoyachilari Aguero va Jezus bilan band bo‘lgan bir paytda, markaziy pozitsiyaga kirib borish huquqi berilgan.
Bizning reytingimizga ko‘ra, Sterling (7.55) Sanedan (7.53) biroz oldinda. Kuchli beshlikka Emre Jan (7.28), amaldagi sovrin egasi Dele Alli (7.15) va Uilfrid Ndidi (7.13) kirgan. Nima bo‘lganda ham bu yilgi sovrin egasi so‘zsiz “Manchester Siti” vakili olishi aniq. Bunday sovrinni ushbu klubdan so‘nggi marta uzoq o‘tmishda, 1976-yilda Piter Berns yutib olgan edi.
Erkin G‘aybullaev tayyorladi
Fikrlar