
PFL maxsus ishchi guruhi “Xorazm” klubini monitoringdan o‘tkazdi
Xabaringiz bor, “O‘FA va O‘zPFL tomonidan o‘tkaziladigan musobaqalarda ishtirok etuvchi futbol klublarini litsenziyalash va professional futbol klubi maqomini belgilash bo‘yicha reglament” ishlab chiqilgan va u O‘FA Ijroqo‘mi byurosi tomonidan tasdiqlangan.
PFL mazkur reglament asosida futbol klublarini kelasi mavsum uchun tayyorlab boradi.
Shu sababdan PFL ishchi guruhi Superliga hamda Pro liga klublariga tashrif buyurib, klublarning yangi mavsum tayyorgarligi, qo‘yilayotgan talablar ijrosi bo‘yicha qilinayotgan ishlarni ko‘zda kechirib, klublarga zarur xulosa va tavsiyalarni berib bormoqda.
Bugun PFL ishchi guruhi “Xorazm” klubining kelasi mavsum rejalari bilan tanishdi. Bu haqda tashkilot rasmiy sayti xabar bermoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, “Xorazm” klubi keyingi yilga ulkan rejalar qo‘ymoqda. Klub o‘z tarkibida ayollar va futzal jamoalarini shakllantirish ustida ish olib boryapti. Qolaversa, klub kelajakda o‘z akademiyasiga ega bo‘lish niyatida. Shuningdek, klub qarorgohini barpo etish rejasi ishlab chiqilmoqda.
“Xorazm” klubi ortda qolgan mavsumda “Yoshlik” sport majmuasi maydonida uy uchrashuvlarini o‘tkazib keldi. Lekin endilikda jamoa Urganchdagi “Xorazm” sport majmuasida mehmonlarni qabul qilishi ko‘zda tutilmoqda. Shu sababdan ishchi guruh “Xorazm” sport majmuasini borib ko‘rdi. Ma’lum bo‘lishicha, 2015 yilda qurib bitkazilgan mazkur arenada bemalol Pro liga hamda Superliga o‘yinlarini o‘tkazish mumkin. Stadionda xatto CIP, VIP o‘rinlar, OAV vakillari uchun alohida media-tribuna ham mavjud. Faqatgina ayrim muammolar bartaraf etilsa bo‘lgani. Stadionga Thorn brendi ishlab chiqargan juda yaxshi yorituvchi yoritgichlar ham olib kelingan bo‘lib, maydon chimi yangitdan yotkazila boshlangach projektorlar ham boshqatdan o‘rnatilishi ko‘zda tutilmoqda.
Stadiondagi kiyinish xonalari holati ham ancha yaxshi. Faqat maydon chimi e’tiborslizlikdan sifatsiz holatga kelib qolgan. “Xorazm” klubi agar o‘z uy o‘yinlarini aynan mana shu sport majmuada o‘tkazishni istasa, birinchi navbatda maydon holatini yaxshilashi zarur ekani tavsiya qilindi.
Fikrlar