
Osiyo chempionati va Gran-Prida ishtirok etgan taekvondochilarimiz tantanali kutib olindi
Taekvondo WTF bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi Vetnamning Xoshimin shahridagi Osiyo chempionatida, shuningdek, Italiya poytaxti Rim shahrida bo‘lib o‘tgan nufuzli Gran-Pri musobaqasida ishtirok etgandi.
Ketma-ket ikkita musobaqadan so‘ng bugun erta tongda taekvondo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari yurtimizga qaytib kelishdi. Ularni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Milliy olimpiya qo‘mitasi va O‘zbekiston taekvondo WTF assotsiatsiyasi mutasaddilari, sportchilarning yaqinlari va ommaviy axborot vositalari xodimlari kutib olishdi.
Eslatib o‘tamiz, Vetnamdagi Osiyo chempionatida sportchilarimiz 2ta oltin (Nikita Rafalovich, Nigora Tursunqulova), 1ta kumush (Jasur Boyqo‘ziev) va 5ta bronza (Maksim Rafalovich, Sardor Toirov, Madina Mannopova, Niyoz Po‘latov va Dmitriy Shokin) medalini qo‘lga kiritgan holda, umumjamoa hisobida uchinchi o‘rinni egallagandilar. Rimdagi Gran-Pri turnirida esa Dmitriy Shokin bronza medali sohibiga aylandi.
Milliy olimpiya qo‘mitasi ushbu muvaffaqiyat bilan sportchi va murabbiylarni, shuningdek, O‘zbekiston taekvondo WTF assotsiatsiyasini tabriklaydi.
Fikrlar