
Oleg Zoteev: "Lokomotiv"da qolishga qaror qildim
“Lokomotiv” klubining chap qanot himoya chizig‘ini “o‘ziniki” qilib olgan Oleg Zoteev o‘tgan yilgi mavsumda o‘yin jihatidan ancha o‘sishga erishdi. Natijada Ektor Kuper uni milliy terma jamoaga ham jalb etdi va Osiyo Kubogida asosiy o‘yinchilardan biriga aylandi. Ayni paytda esa mavsumga “Lokomotiv” bilan birga tayyorgarlik ko‘rayotgan futbolchi terma jamoaning Osiyo Kubogidagi ishtiroki, Kuper va o‘zining keyingi taqdiri haqida gapirdi.
Penaltilar seriyasi haqida
- Penalti – bu lotoreya degan gap haqiqatan to‘g‘ri. Aslida siz o‘yindan oldin penaltilarni tepishga qanchalik tayyor bo‘lmang, ammo hal qiluvchi paytga kelganda gol ura olmasligingiz mumkin. Biz ham Avstraliyaga qarshi uchrashuvdan oldin mashg‘ulotlarda 2-3 bor penaltilarni tepish borasida tayyorgarlik ko‘rdik, hamma tayyor edi. O‘sha o‘yinda ham besh nafar futbolchimiz o‘ziga ishongan holda penalti tepishini aytishdi. Ammo shunchaki omad ulardan yuz o‘girdi. O‘sha vaziyatda ularning o‘rnida men ham yoki Odil Ahmedov ham bo‘lishi mumkin edi. Ya’ni, istalgan o‘yinchi gol ura olmasligi mumkin. Shuning uchun ham buni lotoreya deyishadi. Umuman olganda, yigitlarimiz penalti tepishga tayyor edilar. Gol ura olmaslik esa bu ularning xatosi emas. Masalan, Andrey Shevchenko ham o‘z vaqtida Evropa Chempionlar ligasining finalida gol ura olmagan. Penaltilar lotoreyasi o‘zi shunaqa narsa, bundan hech kim xafa bo‘lishi kerak emas.
Ektor Kuper to‘g‘risida
- Har bir murabbiyning o‘z o‘yin uslubi bor, buni hamma biladi. Ektor Kuper qisqa vaqt davomida jamoaga o‘zining uslubini olib kirishga harakat qildi va shuni ayta olamanki, terma jamoa o‘yinida o‘zgarishlar bo‘ldi. Men himoyachi sifatida Kuperning o‘yin uslubidan o‘zim uchun yangi qirralarni o‘rgandim. To‘g‘ri, hali bungacha qo‘llanmagan uslublar ustida ham ishladik. Baribir olti oy ichida jamoani shu darajaga keltira olgan murabbiyga qoyil qolish kerak. O‘ylashimcha, Kuperning ishiga bir yarim, ikki yil ichida baho bersa bo‘ladi. Ammo ayni paytda hamma narsa to‘g‘ri yo‘lda ketyapti.
Himoyaviy o‘yin masalasida
- Baribir har qanday murabbiy ham jamoa tuzishni avvalo himoyadan boshlaydi. Agarda siz jamoaning o‘yinini hujumni kuchaytirishdan boshlasangiz-u, ammo himoyada zaif nuqtalar bo‘lsa, unda buning nima keragi bor? Siz beshta gol urasiz, ammo oltita gol o‘tkazasiz. Shuning uchun ham Kuper ishni dastlab himoyani kuchaytirishdan boshlab to‘g‘ri qildi. Ana endi asta-sekin murabbiy qarshi hujum taktikasi ustida ham ishlashni boshlaydi. Bir so‘z bilan aytganda, Kuper yaxshi taassurot qoldiryapti. U futbolchilar bilan qanday muomala qilishni biladi. To‘g‘ri, u tartib-intizomni ham qattiq ushlaydi. Ammo futbolchilarga kerak paytda erkinlik berishni ham biladi. Masalan, ba’zida o‘yinchilarni uyiga qo‘yib yuboradi. Ba’zida esa hammani bir joyga yig‘adi. Uning qarorlari va futbolga qarashlari zamonaviy. Murabbiyning bunday qarashlari ham jamoaga o‘zgacha muhitni beryapti. Ba’zida yig‘inlar paytida bir oydan ko‘proq vaqt davomida yuriladi va tezroq uyga qaytishni xohlab qolishadi. Ammo Kuper jamoada shunday muhitni yarata oldiki, futbolchilar har qanday yig‘inlar paytida ham yuqori kayfiyat bilan ishlashdi va o‘yinlarda ham borini berib o‘ynashni yo‘lga qo‘ya oldilar. Bemalol ayta olamanki, Ektor Kuper o‘zbek futboliga o‘ziga xos yangiliklarni kiritib boryapti. Baribir professional murabbiyligi bilinib turibdi.
Osiyo Kubogidagi tashkilotchilik
- To‘g‘ri, rostdan ham bu safargi Osiyo Kubogi ortiqcha tashviqotlarsiz o‘tdi. BAAda mahalliy telekanallar Osiyo Kubogini translyatsiya qilishmadi. Menimcha, hammasi shunchaki OFKning standartlar asosida o‘tdi. Ammo Osiyo Kubogini keng targ‘ib qilish uchun u erda hech nima qilishmadi. Masalan, mehmonxonada ham muhit shunaqa edi. Bir-ikkita Osiyo Kubogini bildirib turuvchi reklama bannerlari bor xolos, undan ortig‘i emas. Xullas, bu safargi musobaqada ojiotaj kuzatilmadi.
Jamoatchilikning fikrlari haqida
- To‘g‘risini aytsam, internet saytlarini kam o‘qiyman. Kucha-ko‘yda muxlislar jamoa haqida o‘z fikrlarini aytishadi. Ularning orasida to‘g‘ri gapirayotganlari ham, noto‘g‘ri fikr bildirishayotgani ham bor. Albatta, har bir odam o‘z fikrini aytishga haqli. To‘g‘ri, tanqid ham kerak. Ammo shunday tanqid bo‘lishi kerakki, u futbolchilarning ruhini ko‘tarishi kerak. O‘sha tanqidlardan so‘ng xalq bizga ishonyapti, ularning ishonchini oqlashimiz shart, degan o‘y-xayollar o‘tishi lozim.
Keyingi taqdiri
- Rostini aytsam, Osiyo Kubogidan keyin menga hech qaysi agentlardan taklif bo‘lmadi. Sizga oldin aytganimdek, o‘zimning variantlarim bor edi va hozir ham o‘z kuchida. Misol uchun Eronning “Fulad” klubi menga jiddiy qiziqdi va aslida ushbu jamoaga o‘tishim kerak edi. Ammo o‘zim bu variantdan voz kechdim. Shuningdek, Rossiya klublaridan ham yaxshi takliflar bo‘ldi. Ammo ularning chaqiruvlarini ham rad etdim. 23 fevralda O‘zbekiston Superkubogi uchun o‘ynaymiz. Qolaversa, “Lokomotiv” ham meni qo‘yib yuborishni xohlamayapti. Klub rahbarlari boshqa joyga ketib nima qilasan, biz bilan qolgin deb tinmay aytishyapti. Shu bois menimcha, “Lokomotiv”da qolaman.
Fikrlar