
Mundial sari. Tanishing - Eron terma jamoasi
Barchamizga ayon yana sanoqli kunlardan so‘ng Rossiya yashil maydonlarida futbol bo‘yicha XXI jahon chempionati start oladi. Sayyoramizning eng yirik musobaqasi oldidan SPORTS.uz sayti siz aziz muxlislarni mundialda ishtirok etuvchi terma jamoalar bilan tanishtirishda davom etadi. Bu safar bizni mundial orzusidan maxrum etgan qit’adoshlarimiz - Eron terma jamoasi haqida fikr yuritamiz.
Eron Islom Respublikasi futbol federatsiyasiga 1920 yil asos solingan va 1945 yil FIFA, 1954 yil esa OFK a’zoligiga qabul qilingan. Eron terma jamoasi o‘zining ilk uchrashuvini 1941 yil 25 avgustda Afg‘oniston terma jamoasiga qarshi o‘tkazgan. O‘yin 0:0 hisobida yakunlangan.
Jahon chempionatlaridagi ishtiroki
Eronliklar o‘z tarixlarida ilk marta 1978 yil Argentinada bo‘lib o‘tgan mundialda ishtirok etishgan. O‘shanda ularga guruhda Peru, Gollandiya va Shotlandiya terma jamoalari raqiblik qilishgan. Eron ushbu raqiblar ichida faqatgina Shotlandiyaga (0:0) engilmagan. Peru (4:1) va Gollandiya (3:0) terma jamoalariga qarshi o‘yinda esa yirik hisoblarda imkoniyatni boy berishgan. Forslarning ilk jahon chempionati aynan shunday yakun topgan.
Shundan so‘ng Eron terma jamoasi ketma-ket 4ta jahon chempionatini o‘tkazib yubordi (1982, 1986, 1990 va 1994).
Nihoyat 1998 yil Frantsiya yashil maydonlari mezbonligida o‘tgan musobaqada Eron terma jamoasi ishtirok etdi. Bu safar ular AQSh, Germaniya va sobiq Yugoslaviyaga terma jamoalari bilan bir guruhdan joy olishdi. Guruh bosqichining ilk turida Eron sobiq Yugoslaviyaga 1:0 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Biroq, ikkinchi turda anchayin nomdor hisoblangan AQSh terma jamoasi 2:1 hisobida dog‘da qoldirildi. Bu ularning jahon chempionatlaridagi ilk g‘alabasi bo‘lib tarixga kirdi. So‘nggi turda ularni Germaniya terma jamoasi kutib turgan edi. Forslar “nemis mashinasi” qarshiligiga dosh bera olishmadi va 2:0 hisobida mag‘lub bo‘lishdi. Shunday bo‘lsada ularga guruhda uchinchi o‘rin nasib etdi.
Shundan so‘ng 2002 yilgi Janubiy Koreya va Yaponiya mezbonligida o‘tgan musobaqa eronlik futbolchilarsiz o‘tdi. Biroq, ular oradan to‘rt yil o‘tib Germaniyada bo‘lib o‘tgan mundialda ishtirok etishdi. “D” guruhida Angola, Portugaliya va Meksika terma jamoalariga qarshi kurash olib borgan Eron yakunda 1 ochko bilan guruhning so‘nggi o‘rnida qolib ketdi. Eslatib o‘tish lozimki, o‘shanda ular dastlab Meksikaga 3:1 va keyinroq Portugaliyaga 2:0 hisobida yutqazib qo‘yishgan edi. Faqatgina so‘nggi turda Angola bilan 1:1 hisobidagi durang eronliklarga yagona ochkoni taqdim etgan.
2010 yil Janubiy Afrika mezbonligida o‘tgan mundial saralashidan o‘ta olmagan Eron oradan to‘rt yil o‘tib Braziliyada bo‘lib o‘tgan JCh-2014ga tashrif buyurdi. Forslar bu safar “F” guruhida Argentina, Nigeriya hamda Bosniya va Gretsagovina terma jamoalariga qarshi bahs yuritishdi. Ilk turda Nigeriya bilan 0:0 hisobida durang o‘ynagan Eron, guruhning qolgan ikki uchrashuvida Argentinaga ham (1:0), Bosniya va Gertsagovinaga ham (3:1) imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Eronliklar bu safar ham bir ochko bilan guruhda qolib ketishdi.
Rossiya mundiali yo‘lida eronliklar Osiyo mintaqasi so‘nggi saralash bosqichida “A” guruhida O‘zbekiston, Janubiy Koreya, Suriya, Qatar va Xitoy terma jamoalari bilan kurash olib bordi. Yakunda birorta ham o‘yinda mag‘lub bo‘lmagan forslar 22 ochko bilan birinchi o‘rinni qo‘lga kiritishdi va JCh-2018ga yo‘l olishdi. Endi ular bu erda “B” guruhida Ispaniya, Portugaliya va Marokash terma jamoalariga qarshi bahs yuritishadi.
Qit’a birinchiligidagi natijalari
Eron terma jamoasi o‘zining Osiyo chempionatlaridagi ishtirokini 1968 yildan boshlagan. O‘shanda musobaqaga Eron mezbonlik qilgan va yakunda maydon egalari o‘z muxlislari ko‘z o‘nggida ilk chempionlikni tantana qilishgan edi.
Oradan to‘rt yil o‘tib 1972 yil musobaqa Tailandda o‘tkazildi. Yana finalda ishtirok etgan eronliklar bu safar Janubiy Koreyani 2:1 hisobida taslim etishdi va yana kubokni o‘zlari bilan olib ketishdi.
1976 yil Osiyo chempionati yana Eronda bo‘lib o‘tdi. Bu safar finalda maydon egalariga quvaytlik futbolchilar raqiblik qilishdi. Uchrashuvning 78-daqiqasida Ali Parvinning kiritgan yagona goli Eronga ketma-ket uchinchi chempionlikni taqdim etdi.
Shundan so‘ng Eron terma jamoasi haligacha Osiyoda chempionlikni qo‘lga kirita olmay kelmoqda. Ularning so‘nggi chempionlikdan so‘ng qayd etgan eng yaxshi natijalari 1980, 1988, 1996 va 2004 yillarga to‘g‘ri keladi. O‘sha yillari Eron qit’a chempionatida bronza medallarni qo‘lga kiritgan.
Eron terma jamoasi haqida qiziqarli faktlar
Eng yirik g‘alabasi: 2000 yil 24 noyabr, Eron – Guam 19:0.
Eng yirik mag‘lubiyati: 1950 yil 28 may, Turkiya – Eron 6:1.
Eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchi: Javad Nekunam (151).
Eng yaxshi to‘purar: Ali Dai (109).
FIFA reytingidagi eng yaxshi ko‘rsatgichi: 2005 yil 15-o‘rin.
FIFA reytingidagi eng past ko‘rsatgichi: 1996 yil 122-o‘rin.
Bundan bir necha kun avval Eron terma jamoasi bosh murabbiyi Karlos Keyrush JCh-2018 uchun kengaytirilgan tarkibni e’lon qildi.
Darvozabonlar: Muhammarashid Mazaxeri («Zob Axan»), Amir Abedzade («Maritimu», Portugaliya), Alireza Beyravand («Persepolis»), Xussayn Xussayni («Istiqlol»);
Himoyachilar: Jalil Xussayni, Muhammad Ansari (ikkalasi – «Persepolis»), Stiven Beytashur («Los-Andjeles Gelaksi», AQSh), Ramin Rezayan («Ostende», Belgiya), Vuriya Gafuri, Said Agaei (ikkalasi – «Sepaxan»), Muhammad Reza Xonzoda («Fulad»), Milod Muhammadi («Axmat», Rossiya), Pejman Muntazari, Omid Nurafkan, Majid Xussayni, Ruzbex Cheshmi (barchasi – «Istiqlol»), Murtazo Puraliganji («Al-Sadd», Qatar);
Yarim himoyachilar: Said Ezzatollaxi («Amkar», Rossiya), Masud Shojaei (AEK, Gretsiya), Saman Goddos («Malme», Shvetsiya), Ashkan Dejaga («Nottingem Forest», Angliya), Axmad Abdullazade («Fulad»), Omid Ebraximi («Istiqlol»), Mexdi Torabi, Ali Golizoda (ikkalasi – «Saypa»), Sorush Rafiei («Traktor Sazi»), Exson Xojsafi («Olimpiakos», Gretsiya), Ali Karimi («Sepaxan»), Voxid Amiri («Persepolis»);
Hujumchilar: Karim Ansarifard («Olimpiakos», Gretsiya), Sardor Azmun («Rubin», Rossiya), Reza Guchannejad («Xerenven», Gollandiya), Alirizo Jahonbaxsh (AZ, Gollandiya), Mexdi Taremi («Al-Garafa», Qatar), Kave Rizoi («Sharlerua», Belgiya).
Eslatib o‘tamiz, Eron terma jamoasi bugun o‘rtoqlik uchrashuvi doirasida O‘zbekiston terma jamoasiga qarshi o‘yin o‘tkazadi. Ushbu uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 21:15da boshlanadi.
Baxtiyor TOShTEMIROV tayyorladi.
Fikrlar