
MakGregor O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasining hududiy bo‘limlariga velosiped topshirdi
Poytaxtimizdagi “Milliy” stadionida “Yurtimning munis ayoli, sport bilan go‘zal kamoli” shiori ostida tadbir o‘tkazildi.
O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbirda mamlakatimizning barcha hududidan kelgan yuzga yaqin ayollar ishtirok etdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, O‘zbekiston velosiped sport Federatsiyasi raisi Narbaeva Tanzila Kamalovna so‘zga chiqib, bugungi kunda Prezidentimiz rahnamoligida xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi faolligini yuksaltirish, ular o‘rtasida sportning ommaviyligini oshirish orqali sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilayotganligi, buni birgina Osiyo o‘yinlarida sportchilarimiz tomonidan qo‘lga kiritilgan ulkan muvaffaqiyat misol bo‘la olishi mumkinligini, shuningdek, mustaqil hayotga katta umid va aniq maqsadlar bilan kirib kelayotgan navqiron avlod vakillari, ayniqsa, qizlarimiz sportga kundalik turmush tarzining bir qismi sifatida qarayotgani eng katta yutug‘imiz ekanligini, Federatsiyaning xududiy bo‘limlarini rivojlantirish yuzasidan bir qator ishlar olib borilayotganligini ta’kidlab o‘tdi.
Shuningdek, tadbirda Evropada havfsizlik va hamkorlik tashkiloti (OBSE)ning O‘zbekistondagi loyixalar koordinatori, elchi Jon MakGregor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan trener Markelova Lyudmila Vasilevna hamda London va Rio olimpiadasi sovrindori, Evropa chempioni, Xalqaro toifadagi sport ustasi velosiped sporti bo‘yicha O‘zbekiston Milliy terma jamoasi a’zosi Zabelinskaya Olga nutq so‘zladilar.
Tadbir so‘ngida Respublika Olimpiya zaxiralari maktab-internati, O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, Toshkent, Farg‘ona, Andijon, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlaridagi hududiy bo‘limlariga Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti tomonidan ajratilgan jami 40 dona sport velosipedi taqdim etildi.
Fikrlar