
Luis Suaresning o‘rinbosari qaerda?
«Barselona»ning zaxira o‘rindig‘i qiymati 300 million evroni tashkil etayotgan bir paytda asosiy tarkib hujumchisi Luis Suaresga ular orasida birorta munosib o‘rinbosar yo‘qligi klub muxlislarini tashvishlantirayotgani aniq.
Urugvaylik hujumchi kataloniyaliklarning to‘qqizlik vazifasiga yagona variant bo‘lib qolmoqda. 31 yoshni qarshi olgan Suares uchun albatta raqobat kerak.
«Real Madrid» Krishtianu Ronalduning yo‘qligi sababli «Santyago Bernabeu»da qayta qurish ishlarini olib borayotgan bir paytda «Kamp Nou»dagilar super-jamoa tuzishlari uchun ayni vaqti hisoblanadi.
«Barselona» ushbu yozda tarkibni sezilarli kuchaytira olishdi, ojiz nuqtalarga zarur bo‘lgan transferlarni amalga oshirdi. Tarkibga kamida qog‘ozda bo‘lsa ham iqtidorli futbolchilarni jalb qilishning uddasidan chiqdi.
Hatto alishtirib bo‘lmas klub afsonasi Andres Inestaning ketishini ham klub bir nechta transferlar orqali vaziyatni yumshata oldi, deya olamiz.
Braziliyalik umidli yosh iqtidor vakili Arturning olib kelinishi uzoq kelajakada Inestaning yo‘qligini bildirmasligi kerak. «Inter»da ijarada to‘p surgan Rafinya ham jamoada olib qolindi. «Roma»ga ketishi aniq bo‘lgan Malkom yo‘nalishni o‘zgartirdi. 20 million evroga tajribali Arturo Vidal sotib olindi.
Yanvarda olib kelingan Filippe Koutino bilan kataloniyaliklar yangi mavsumda Evropaning eng yaxshi yarim himoya chizig‘idan biriga ega deb ayta olamiz.
Himoyani kuchaytirish maqsadida Kleman Langle jalb qilindi. Biroq «Barsa» markaziy hujumchi Luis Suares uchun o‘rinbosar olib kelmadi. So‘nggi o‘n ikki oy ichida o‘yinida pasayish kuzatilgan hujumchiga raqobatchi jalb qilinmasligi mavsum davomida muammo tug‘dirishi mumkin.
«Kamp Nou»ga kelganidan keyin uch mavsum davomida «Liverpul»ning sobiq hujumchisi dunyoning eng kuchli markaziy hujumchisi maqomida bo‘ldi. Hech bir jamoa uning tajovuzkorligi, salohiyati va aniqligi qarshisida chora topa olmadi. Urugvaylik hujumchi 147 o‘yinda 121 bora raqib darvozasini aniq nishonga oldi.
Shunga qaramay, 2017-18-yilgi mavsumdan boshlab unda muammolar yuzaga chiqa boshladi. Suares raqib darvozasi oldida sekin, sust va pala-partish o‘yin ko‘rsata boshladi. U «jallodlik» qobiliyatini yo‘qotib qo‘ydi.
Buni uning statistikasida yaqqol ko‘rishimiz mumkin. Mavsumni ikki sovrin bilan yakunlagan bo‘lsada, Suares umumiy hisobda 31 gol urganini alohida e’tirof etmasdan ilojimiz yo‘q. Biroq u eng muhim musobaqa – Chempionlar Ligasida butunlay yo‘qolib qoldi.
Ushbu mavsumni ham u quruq tarzda boshladi. Go‘yoki har mavsum u uchun tobora qiyinlashib borayotgandek taassurot uyg‘otmoqda.
Buni futbol mutaxassislari ham sezishmoqda. «Suares o‘zi hujumga bora olmayapti, u havotirlanarli» – deydi jurnalist Kim Domenek «Sevilya»ga qarshi uchrashuvdan keyin.
Valverde esa o‘tgan mavsumdagidek shogirdi tarafini olmoqda. «Luis yaxshi. U endigina ta’tildan qaytdi, u sekin-asta tezligini oshirib boradi. Ba’zan unga qiyin bo‘lmoqda, ammo u yaxshi formada.»
«Barsa» to‘purarining ushbu holati vaqtinchalik ekanligiga umid qilmoqda. «Alaves»ga qarshi La Liganing birinchi turida zaxira o‘rindig‘i qiymati 300 million evro (!) bo‘ldi. Biroq ularning orasida birortasi Suaresga o‘rinbosar emas.
Pako Alkaser bu vazifaga yaqinroqdek. Ammo u «Borussiya Dortmund»ga ketishi kutilmoqda. Qolgan taqdirda ham u bu vazifani munosib uddalay olmasligini ko‘rsatib bo‘ldi.
Bu «Barsa» murakkab vaziyatdan chiqib ketish chorasini topishi kerakligini ko‘rsatmoqda. Suaresga o‘rinbosar yoki birinchi toifali hujumchi olib kelinishi Messiga ham juda zarur.
Argentinalik superyulduz raqib himoyachilarini dog‘da qoldirishga mohir sherikka ehtiyoj sezayotgani tobora ortib bormoqda. «Ko‘k-anorranglilar» yangi mavsumda oliy maqsadlarni ko‘zlagan bo‘lsa darhol Luis Suaresga yangi raqobatchi olib kelishlari hayot-mamot masalasi hisoblanadi.
Erkinjon G‘aybullaev tayyorladi.
Fikrlar