
JCh-2018da o‘rnatilishi mumkin bo‘lgan 7ta rekord
Rossiya yashil maydonlarida bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatida Norman Uaytsayd tomonidan o‘rnatilgan “Eng yosh futbolchi” yoki Lotar Matteusga tegishli “Eng ko‘p o‘yinda ishtirok etgan futbolchi” kabi nominatsiyalar bo‘yicha rekordlar yangilanmaydi. Ammo quyida ushbu mundialda yangilanishi mumkin bo‘lgan 7ta rekord bilan sizlarni tanishtirib o‘tamiz.
7. Xames Rodriges (Kolumbiya) – ketma-ket ikkita jahon chempionatining har bir bahsida gol urgan ilk futbolchi bo‘lishi mumkin.
Ushbu futbolchi Braziliyada o‘tkazilgan JCh-2014 musobaqasida jami 5ta o‘yinda ishtirok etgan va 6ta gol kiritishga erishgan. Aniqrog‘i, Xames Kolumbiyaning turnirdagi barcha raqiblari – Gretsiya, Kot-d'Ivuar, Yaponiya, Urugvay va Braziliya terma jamoalari darvozasiga yo‘l topa olgan. Endi 26 yoshli futbolchi jahon chempionatlari tarixiga kirishi uchun bu safar Polsha, Senegal va Yaponiya terma jamoalariga gol kiritishi lozim.
6. Manuel Noyer (Germaniya) – golsiz seriya bo‘yicha jahon chempionatlari rekordini yangilashi mumkin.
Ushbu darvozabon bungacha faoliyati davomida 2ta (2010, 2014) mundialda ishtirok etgan va ulardagi 7ta bahsda o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan. 32 yoshli posbon bu borada Piter Shilton va Faben Bartez tomonidan o‘rnatilgan jahon chempionatlari rekordini yangilashi uchun yana kamida 4ta bahsda gol o‘tkazib yubormasligi lozim.
5. Essam al-Xadari (Misr) – jahon chempionatlarining eng yoshi ulug‘ ishtirokchisiga aylanishi mumkin.
Farid Mondragon tomonidan o‘rnatilgan rekordni yangilash uchun 45 yoshli misrlik futbolchi Rossiyadagi jahon chempionatida kamida 1ta o‘yinda maydonga tushishi kerak.
3-4. Rafael Markes (Meksika) – jahon chempionatlari tarixidagi eng qo‘pol va sardor sifatida eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchiga aylanishi mumkin.
39 yoshli meksikalik futbolchi ushbu mundialda birdaniga 2ta rekordni yangilashi mumkin. Markes shu paytga qadar jahon chempionatlarida hakam tomonidan jami 6 marta (5ta sariq va 1ta qizil) ogohlantirilgan. Huddi shunday "ko‘rsatgich" Frantsiya terma jamoasi sobiq sardori Zinedin Zidanda ham mavjud. Markesning navbatdagi ogohlantirilishi uni jahon chempionatlari tarixiga “kirgizadi”.
Bundan tashqari, Rafael Markes agar JCh-2018da terma jamoasini kamida 3ta bahsda sardor sifatida boshlab tushsa, bu borada argentinalik futbol afsonasi Diego Maradona (16ta) tomonidan o‘rnatilgan rekordni ham yangilaydi.
2. Lionel Messi (Argentina) – Sardorlar o‘rtasida jahon chempionatlari to‘purariga aylanishi mumkin.
Argentinalik futbol afsonasi Diego Maradona ushbu mundialda o‘zining yana bir rekordidan maxrum bo‘lishi mumkin. Uning sardor sifatida jahon chempionatlarida kiritgan gollari (6ta) bo‘yicha o‘rnatgan rekordi zamonaviy futbol qiroliga aylangan hamyurti Lionel Messi tomonidan yo‘qqa chiqarilishi mumkin. Buning uchun esa 31 yoshli forvard JCh-2018da kamida 3ta gol urishi lozim.
1. Tomas Myuller (Germaniya) – jahon chempionatlari tarixidagi eng yaxshi to‘purarga aylanishi mumkin.
28 yoshli nemis forvardi mundiallar tarixidagi eng yaxshi to‘purar hisoblangan hamyurti Miroslav Klozening (16ta) rekordini yangilashi uchun Rossiyadagi musobaqada kamida olti bor raqiblari darvozasini ishg‘ol etishi kerak.
Baxtiyor TOShTEMIROV tayyorladi.
Fikrlar