
Dembelening “Barselona”dagi taqdiri nima bo‘ladi?
Frantsiyalik iqtidor egasi o‘tgan yili klubdan ketgan Neymarning o‘rnini to‘ldirish uchun olib kelingan edi. Biroq bu yozda boshqa bir braziliyalik futbolchining kelishi bilan uning klubdagi kelajagi so‘roq ostida qolishi mumkin. Xo‘sh, “Borussiya Dortmund”ning sobiq vakilining “Barsa”dagi kelajagi nima bo‘lishi mumkin? Quyida shu haqida.
“Barselona” o‘tgan haftada qarama-qarshi transferni amalga oshirdi. 41 million evro evaziga Malkom olib kelindi. Biroq bu transfer “Bordo” klubi “Roma” bilan kelishgan bir paytda sodir bo‘ldi. Tibbiy ko‘rikdan o‘tib “Olimpiko” stadionida rasman tanishtirilishi kerak bo‘lgan so‘nggi daqiqalarda La Liga chempionlari Malkomni “ilib ketdi”.
Kataloniyaliklarning 21 yoshli futbolchi transferiga kech munosabat bildirishi “Roma” bilan o‘zaro munosabatlarni yomonlashtirishi hech gap emas. Bunga klub prezidenti ham sha’ma qildi: “Agarda ular Messini bizga berishsa, “Barselona”ni kechirishim mumkin.”
Bu masalaning bir tomoni bo‘lsa, boshqa tomondan “Barsa”ning transfer bozoridagi siyosati ba’zi havotirlarni tug‘dirmoqda.
Avvalo klub bosh murabbiyi Ernesto Valverde “Atletiko Madrid”dan Antuan Grizmanni olib kelishni istagan edi. “Kamp Nou”dagilar esa bo‘lajak Jahon chempioni ularning suyuklisiga aylanishiga hecham shubha qilmayotgandi. Chunki hujumchining o‘zi kataloniyaliklar safiga o‘tishiga oid ba’zi belgilarni ko‘rsatardi.
Ammo yakunda Grizmann “Atletiko”ning moliyaviy tomondan ancha yaxshilangan taklifini qayta o‘ylab ko‘rdi va klubda qolishga qaror qildi. Frantsiyalik hujumchi endi soliq to‘lovlaridan tashqari yiliga 23 million evro ishlab topadi. U buni Jahon Chempionati boshlanish arafasida tayyorlangan xujjatli filmda gapirib berdi. Bu esa “Barsa” hujumchi masalasida qayta o‘ylab ko‘rishi kerakligini anglatardi.
Keyinchalik esa kataloniyaliklar klubga “Gremio”dan Arturni, “Sevilya”dan Kleman Langleni olib kelib tarkibni kuchaytirishdi. 2018-19-yilgi mavsumda hujum chizig‘ini esa Malkom bilan kuchaytirishga qaror qilishdi.
Malkom esa allaqason klubdagi debyutini ham o‘tkazishga muvaffaq bo‘ldi. U “Tottenxem”ga qarshi kechgan bahsda hal qiluvchi penaltini kiritdi. Endi esa yangi jamoasi bo‘lishi mumkin bo‘lgan “Roma”ga qarshi seshanba kuni maydonga chiqishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
“Roma” bilan bu safargi uchrashuv o‘zgacha ahamiyat kasb etadi. “Barsa” Malkomni rimliklardan tortib olib bahorgi uchrashuvdan o‘ziga xos tarzda intiqom oldi. Yodingizda bo‘lsa, aynan “Roma” “Barselona”ni Chempionlar Ligasining pley-off bosqichida musobaqadan chiqarib yuborgan edi. Bu uchrashuvlarda esa Valverde Usmon Dembelega besh daqiqalik o‘yin amaliyotini taqdim qilgandi.
O‘zi bosh murabbiy frantsiyalik hujumchini ko‘pam o‘ynatgani yo‘q. Bu Valverde ning unga bo‘lgan ishonchi yuqori emasligidan dalolat. Xatto uning klubdan ketishi haqidagi xabarlar ham tarqala boshladi. Frantsiya Jaho Chempionatini yutganiga qaramay Usmon Dembele nursiz ishtirok etdi. Bu esa uning obro‘yini yanada tushirib yubordi.
Malkomning olib kelinishi esa bu havotirlarni yanada chigallashtirib yuborishi mumkin. Bu mavzuga nuqta qo‘yish maqsadida Erik Abidal o‘tgan haftada maxsus intervyu berdi: “Dembele muhim futbolchi. Biz mutlaqo unga ishonamiz. U va Malkom bitta pozitsiyada o‘ynaydigan futbolchilar, ammo mavsum uzun va biz klub haqida o‘ylayapmiz. Dembelening ko‘ngli to‘q bo‘laversin, u biz uchun muhim.”
Frantsiyalik yosh iqtidor egasining o‘tgan mavsumidagi kamchiliklaridan biri bu uning himoyaviy xususiyatlari yo‘qligi bo‘ldi. Biroq klub bu safargi mavsumoldi tayyorgarlik jarayonida bu kamchiligini to‘ldiradi va yangi mavsumda klubga to‘liq moslashib ketadi.
“Biz bu mavsum uniki bo‘lishiga umid qilamiz. U bizga ko‘p narsa berishi kerak. U o‘zgacha. O‘tgan mavsumda u olgan jarohati sabab mavsum omadsiz bo‘ldi. Shunda ham u bizga ko‘p narsa bera oldi” – dedi Ernesto Valverde Dembele haqida iliq fikrlarini bildirarkan.
Bir yil oldin u uchun 105 million evro to‘lagan “Barsa” shunchaki qo‘yib yubormoqchi emas. U Jahon chempioni, endigina 21 yoshda. U va Malkom yangi mavsumda asosiy tarkibga kirish uchun haqiqiy professional raqobat qilishi talab etiladi.
Fikrlar