
"Chelsi" Sarri uchun "Napoli"ga qancha to‘lashi ma’lum bo‘ldi
“Napoli” klubi sobiq bosh murabbiyi Mauritsio Sarri “Chelsi”ni boshqarishga yaqin turibdi.
Sportitalia tarqatgan xabarga ko‘ra “aristokratlar” 59 yoshli italiyalik mutaxassisning transferi uchun “Napoli”ga 5 mln evro tovon puli to‘lashadi. Ta’kidlash kerakki, asosiysi har ikkala jamoa jentlmenlarcha kelishib olishgan. Aniqrog‘i, Sarri “Chelsi”ga ketadi, biroq londonliklar keyinchalik Elseid Xyusay, Raul Albiol, Pyotr Zelinskiy va Kalidu Kulibali kabi “Napoli”ning etakchi futbolchilariga ko‘z olaytirmaydi.
Ma’lumot uchun, garchi Sarri “Napoli”dan ketgan va jamoa uning o‘rniga Karlo Anchelottini olib kelgan bo‘lsada, uning neapolliklar bilan amaldagi shartnomasi tugashiga yana bir yil muddat bor edi. Shu bois “Chelsi” A Seriya klubiga tovon puli to‘lashi lozim. Avvalroq ushbu mablag‘ 8,5 mln evroni tashkil etishi haqida xabarlar tarqalgan edi.
Fikrlar