
Bokschilarimiz Qirg‘izistonda g‘alaba qozondi
Qirg‘izistonning Jalolobod shahrida boks bo‘yicha Qo‘chqorbek Alimjonov xotirasiga bag‘ishlangan xalqaro turnir o‘tkazildi.
Mazkur musobaqaning vazni 81 kilogramm bo‘lgan bokschilar o‘rtasidagi final bahsida ikki hamyurtimiz – Ibrohim Ortiqov va Azimjon Abdullaev ringga ko‘tarildi. Keskin va murosasiz o‘tgan bellashuvda Ibrohimjonning qo‘li baland keldi.
Vazni 52 kilogramm bo‘lgan Bekzod Turdialiev turnirning so‘nggi hal qiluvchi bahsida mezbonlar vakili Doston Umatbekovni mag‘lub etib, oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Shuningdek, mazkur musobaqada o‘z vazn toifalarida finalga qadar muvaffaqiyatli ishtirok etgan Ilhom Ismoilov, Alisher Burhonov, Temurbek Dehqonov o‘z vaznlarida kumush medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, yana bir vakilimiz P.Habibullaev bronza medal bilan taqdirlandi.
Fikrlar