
Ana xolos! Osiyo o‘yinlari g‘olibi Diyorbek O‘rozboev IJF reytingida kuchli 100 likka kiritilmadi
Xalqaro dzyudo federatsiya bugun dzyudochilarning sentyabr oyi uchun umumiy reytingini e’lon qildi. Ushbu reyting natijalariga ko‘ra, polvonlarimizdan -60 kg vazn toifasidagi Sharofiddin Lutfillaev va -73 kg vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qiladigan G‘iyosjon Boboevlar kuchli 100 likdan o‘rin egallashdi.
Xususan, Sharofiddin Lutfillaev umumiy reytingda 48-o‘rinni band etib turgan bo‘lsa, G‘iyosjon Boboev 80-o‘rinda qayd etilgan. Shuningdek, Osiyo o‘yinlarida -60 kg vazn toifasida oltin medalni qo‘lga kiritgan Diyorbek O‘rozboev 144-o‘rindan joy olgan bo‘lsa, o‘sha musobaqada -66 kg vazn toifasida bronza medali uchun kurashda qirg‘izistonlik Artur Tegaga imkoniyatni boy berib qo‘ygan Shahram Ahadov 160-o‘rinda qayd etilgan. Bundan tashqari, +100 kg vazn toifasida Osiyo o‘yinlarining bronza medali sohibi Bekmurod Oltiboev sentyabr oyi reytingida 188-o‘rindan joy egallagan.
Ayollar reytingida esa hamyurtlarimizdan hech kim kuchli 100 likdan o‘rin olmagan. Ushbu yo‘nalishdagi terma jamoa etakchisi Gulnoza Matniyozova 121-o‘rinda qayd etilgan.
Fikrlar