27 yillik karera, 32 klub va ko‘plab beqarorliklar! Sebastian Abreu faoliyatiga nazar

  • 9 iyul, 2024, 18:14
  • Karim Xudayqulov
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

Shu paytgacha dunyo futboli tarixida bir klubda karerasini boshlab, proffessional faoliyati oxirigacha ana shu jamoasiga sodiq qolganlar sanoqli xisoblanadi. Biroq bugungi xikoyamiz qaxramoni singari deyarli har yili jamoa almashtiradigan, har yoz yangi shartnoma bo‘lib qolarmikan, degan umidda taklif kutadigan o‘yinchilar ham yo‘q emas. 

Demak, bugungi maqola qahramoni proffesional futbolchilikdagi 27 yillik faoliyati davomida oz emas, ko‘p emas naqd 32 ta klubda to‘p tepgan va bu natijasi orqali tarixga kirgan Sebastyan Abreu bo‘ladi. 

To‘liq ismi Vashington Sebastyan Abreu Gallo bo‘lgan futbolchi 1976 yilning 17 oktyabrida Urugvayning Minas shaxrida tug‘ilgan. Yoshligidan futbolga alohida mehr qo‘ygan yosh Sebastyan futbolga ilk qadamlarini chang holatda bo‘lgan va ancha xavfli sanalgan ona shahri Minas ko‘chalarida boshlagan. Tengdoshlari bilan ham futbolni shunchaki vaqt o‘tkazib o‘ynab yurganini his qilgan futbolchi buyog‘iga millionlar o‘yini bilan astoydil shug‘ullanishni maqsad qiladi. Biroz vaqt o‘tgandan so‘ng bolalikdagi ilk jamoasi xisoblangan “Defensor” safiga qo‘shiladi va 1994 yil professional faoliyatini aynan shu jamoada boshlaydi. Ikki yil ichida jamoa safida 24 ta bahsda maydonga tushib, 13 ta gol kiritadi. 1996 yilda u Argentinaning “San Lorenso” klubi safiga qo‘shiladi. U erda xam ajoyib ikki mavsum o‘tkazgan hamda umumiy 43 ta bellashuvda 26 ta to‘p kiritib, katta umidlar bilan top-5 chempionatlaridan biriga borishni maqsad qiladi. Unga “Deportivo”dan aniq taklif tushdi. Abreu esa o‘ylanib o‘tirmay Ispaniya jamoasi bilan shartnoma imzoladi. Biroq u tomonlarda ishlari deyarli yurishmaydi va ijarama-ijara sargardon yurish, har yili klub almashtirishlar  boshlanadi. 

“Loko”(ispanchachada jinni) laqabli charm to‘p ustasi klublari va terma jamoasida sermahsul to‘purar bo‘lgani bilan ajralib turgan. Urugvay terma jamoasidagi 15 yillik karerasi mobaynida 2002 yil Janubiy Koreya va Yaponiya, 2010 yil Janubiy Afrika Respublikasida o‘tkazilgan Jahon chempionatlarida ishtirok etgan. Afrika qit’asida o‘tkazilgan mundialda yarim final bosqichiga qadar etib borgan, shuningdek, 1997, 2007 va 2011 yillardagi uchta Amerika kubogida ishtirok etadi va 2011 yilgi turnirda g‘olib chiqqan. 2010 yilgi Jahon chempionatida “El Loko” chorak finalda Gana darvozasiga panenka uslubidagi penaltini aniq amalga oshirib, Urugvayni yarim finalga chiqishiga katta hissa qo‘shadi. 

Abreu terma jamoa uchun 30 ta gol urgan. Bu natijasi bilan milliy terma jamoasi tarixidagi eng yaxshi “bombardir”lar ro‘yxatida to‘rtinchi o‘rinni band etadi. Rekord esa 68 ta gol urgan afsonaviy Luis Suaresga tegishli. Shunday bo‘lsa-da, 2011 yil boshida Abreu tomonidan kiritilgan gollar soni qayta hisoblangan. Ma’lumotlarga ko‘ra, u kiritgan gollari soni 26 tani tashkil etishi ayon bo‘ldi. 

Futbolchi “Nasonal” va Urugvay terma jamoasiga bo‘lgan vatanparvarligi bilan ham aloxida tanilgan. Sebastyan qaysi klubda o‘ynamasin, terma jamoa libosi elementlaridan tikilgan futbolka kiyib yurgan. Bundan tashqari, Abreu har doim o‘zi bilan videokamera olib yurishni va u erda o‘zining shaxsiy arxivi uchun o‘yinlarni yozib olishni odat qilgan. Ushbu an’ana tufayli futbolchi jabr xam ko‘radi: Abreu Braziliya chempionatining “Figeyrense” klubi safida harakat qilib yurgan vaqtlarida “Flamengo” bilan o‘ynaydi va o‘zining sobiq jamoasi “Botafogo” futbolkasini kiyib oladi. Bu ham etmaganidek, u o‘yin davomida “Botafogo” logotipini o‘padi va bu harakati uchun forvard bitta o‘yinga diskvalifikatsiya qilindi.

2019 yil aprel oyida u bosh murabbiy sifatida Salvadorning “Santa Tecla” jamoasini boshqargan. Oradan bir oy o‘tgach, Salvadordagi mavsum yakunlanadi va kutilmaganda Abreu futbolchilik faoliyatini davom ettirishini e’lon qildi. Yilning ikkinchi yarmida esa o‘z vatanida "Boston River" jamoasida harakat qiladi. Dekabr oyida Abreu klubga bosh murabbiy etib tayinlangani ma’lum qilinadi. 2021 yil 11 iyunida “Sud Amerika” jamoasidagi 4 oylik faoliyatidan keyin yana futbolchilik faoliyatini tugatganini e’lon qiladi. Biroq o‘sha yilning 23 sentyabrida Abreu yana yashil maydonga qaytadi va o‘zining ona shahri Minasning “Olimpiya” jamoasi uchun maydonga tushib, birinchi o‘yinidayoq gol kiritadi. Xullas, uning butun faoliyati mana shunday qiziqarli, ajoyib va antiqa voqea xamda hodisalarga boy tarzda o‘tadi. 

Biz mazkur maqola orqali iloji boricha uning faoliyatidagi eng qiziqarli va e’tiborga molik joylarini etkazishga qaror qildik. U o‘ynagan 32 jamoasining har biriga to‘xtalib o‘tishdan aslida ma’no ham yo‘q edi.

Bu maqolamiz orqali futbolchi nomini qoralashdan aslo yiroqmiz. Aslida, Sebastyan Abreuning faoliyati ancha yorqin o‘tgan. Terma jamoa va klublar miqyosida sermahsul o‘yin ko‘rsatib, bir necha marotaba to‘purar maqomiga ham erishishga muvaffaq bo‘lgan. Shunchaki, uning misolida har yili klub almashtiradigan, “u shoxdan bu shoxga” qabilida ish tutadigan hamma futbolchining ham taqdiri bunday samarali kechavermasligini aytmoqchimiz, xolos. 




 

Humoyunmirzo Ergashev maqolasi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!