
25-tur qahramonlari kimlar?
Coca-Cola Superligada 25-tur ortda qoldi. 22-24 noyabr kunlari bo‘lib o‘tgan 7 ta bellashuvda turli natijalar qayd etildi va bu turda mamlakat chempioni hamda ligani tark etgan ikkinchi jamoa nomini ham bilib oldik. Doimgidek, mazkur turning qahramonlari haqida so‘z yuritamiz.
“Buxoro” – OKMK – 0:1. Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi: Sanjar Tursunov
O‘tgan turda rasman Superliga bilan xayrlashgan “Buxoro” uchun keyingi ikkita uchrashuv shunchaki rasmiy maqomida edi. Ulardan biri OKMKga qarshi o‘tdi va bu bahsda ham buxoroliklar o‘z uyida mag‘lub bo‘ldi. OKMK sardori va etakchisi Sanjar Tursunov ushbu bahsda hal qiluvchi golni urdi va jamoasiga uch ochkoni keltirdi. Etakchilik xususiyatini ko‘rsata olgan futbolchi uchrashuvning eng zo‘ri bo‘ldi.
“Turon” – “Andijon” - 1:3. Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi: Levan Arveladze
Andijonliklar Yaypanda “Turon”ni mag‘lubiyatga uchratdi. Natijada “Turon” 25-turda rasman Superliga bilan xayrlashdi. “Burgutlar” o‘yinni nazorat qildi va bunda jamoaning legionerlaridan biri Levan Arveladzening hissasi katta bo‘ldi. U maydonning har bir qarich erida faol bo‘ldi. Raqibning hujumlarini buzishda va jamoasini hujumlarini boshlashda Levan zo‘ri bo‘ldi.
“Bunyodkor” – “Metallurg” – 1:0. Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi: Jasur Hakimov
“Bunyodkor” “Metallurg”ni yagona gol evaziga mag‘lubiyatga uchratdi. Hal qiluvchi gol Jasur Hakimov tomonidan kiritildi. Jamoasining etakchilaridan biri hisoblangan ushbu hujumchi “Metallurg”ga qarshi bahsda o‘zini har tomonlama ko‘rsatdi hamda etakchiligini ham namoyish qila oldi.
“Nasaf” – “So‘g‘diyona” – 0:0. Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi: Tarik Isich
Ko‘pchilik “Nasaf”ning g‘alabasini taxmin qilgandi. Uch ochko mezbonlarga juda muhim edi, ayniqsa, sovrinli o‘rinlar uchun kurashayotgan paytda. Biroq chempionat oxirlarida “So‘g‘diyona” ham ligada qolish uchun oxirgi imkoniyatlarini ishga solayotganini aytish mumkin. Jizzaxliklar Qarshida bir amallab bo‘lsa ham bir ochkoni qo‘lga kiritdi. “So‘g‘diyona” himoya chizig‘ida mezbonlarning shiddatli hujumlariga dosh berdilar va bunda legioner futbolchi Tarik Isich mardonavor kurashdi.
“Neftchi” – “Qizilqum” – 1:0. Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi: Giorgi Nikabadze
“Neftchi” Farg‘onada “Qizilqum”ni gruziyalik hujumchisining birgina goli evaziga mag‘lub etdi. Aynan Nikabadze o‘yin qahramoniga aylandi. Chunki uning yagona goli hammasini hal qildi va “Neftchi”ga medallar uchun kurashdagi imkoniyatini saqlab qoldi.
“Olimpik” – “Navbahor” – 2:1. Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi: Ibrohim Ibragimov
“Navbahor” bu turda qimmatli ochkolarni boy berdi. Yosh “Olimpik” klubi o‘zidan bir muncha tajribali bo‘lgan jamoani engishni uddaladi. Bo‘lim oxirlarida Ibrohim Ibragimovning goli tufayli o‘yinda burilish yuzaga keldi. Rosti, ushbu iqtidor egasi bahsni a’lo darajada o‘tkazdi. U birinchi davrada “Metallurg” safida Namangandagi uchrashuvda qizil kartochka olib maydonni erta tark etgandi. Bu safar u “Olimpik” tarkibida “Navbahor”ga qarshi eng yaxshi o‘yinchiga aylandi va ajoyib gol ham urdi.
“Surxon” – “Paxtakor” – 1:2. Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi: Dilshod Saitov
“Paxtakor” “Surxon”ga qarshi bahsda kutilganidek mamlakat chempionligini qo‘lga kiritdi. O‘yinni eng yaxshi futbolchisi Dilshod Saitov bo‘ldi. Aslida bu futbolchi asosiy tarkibda emasdi. Ammo Hojiakbar Alijonovning jarohati tufayli majburiy o‘zgarish bo‘ldi va Saitov o‘yinga qo‘shildi. Dilshod bellashuvdagi birinchi gol muallifiga aylandi. Iqtidorli o‘yinchi ajoyib o‘yinlari bilan barchada yaxshi taassurot qoldirdi.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar