
“Yuventus” - “Inter”: Italiya Kubogining ilk finalchisi ma’lum bo‘ladi (prevyu)
Apennin yarim orolida Italiya Kubogi yarim finalining javob uchrashuvlari boshlanmoqda. Joriy haftada biz ushbu turnir finalchilarini bilib olamiz. E’tiborlisi, har ikkala qarama-qarshilikda yaqqol favoritlar mavjud emas. Ha, “Yuventus” “Juzeppe Meatstsa”da g‘alaba qozonish orqali javob bahsi oldidan yaxshigina imkoniyat hosil qilib oldi. Amalda esa, barchasini o‘zi uchun ijobiy tomonga o‘zgartirish uchun Antonio Konteda yana 90 daqiqa mavjud.
Ushbu bosqichning boshqa bir to‘qnashuvida “Atalanta” hamda “Napoli” klublari kurash olib bormoqda. Dastlabki o‘yin Neapolda kechdi va tomonlar nursiz durangga imzo chekdi. Bergamoda bo‘lib o‘tadigan bellashuvda jamoalar barchasini hal qilib oladi.
Bugun biz hozirgi kun Italiyasining eng katta qarama-qarshiligi hisoblanadigan bahsning ikkinchi qismi oldidan fikr almashamiz.
“Yuventus”
Tan olish lozimki, “Yuventus” Milandagi uchrashuvda yaqqol ustunlik evaziga g‘alaba qozonmadi. Penalti bo‘yicha e’tirozlar hamon bo‘lmoqda. Chap qanotdan jarima maydoniga uzatilgan to‘p, aslida, ancha noaniq ketgan edi. Ammo Kuadrado kutib turgandek raqib futbolchisi teginishi bilan yotib oldi. Ha, himoyachi kolumbiyalik loteralga nisbatan kontakt amalga oshirdi. Biroq, bu naqadar penaltiga loyiq edi?! Mayli, futbol qoidalar asosiga qurilgan va VARning o‘z vazifasini bajarganini e’tirof etishimiz lozim. 11 metrlik zarbani Krishtianu shu qadar ishonch bilan amalga oshirdiki, Samir Xandanovich o‘z joyida turgan taqdirda ham, bunday kuchli zarbani qaytarishi amri-mahol edi.
Ikkinchi golda esa, himoyachi va darvozabon bir-birini ogohlantirmay, to‘pga tomon harakatlandi. Ular o‘rtasidagi tushunmovchilikdan portugaliyalik yulduz mohirona foydalanib ketdi va jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi. Bundan keyin, ikkinchi taymda Kuadrado tomonidan yaratilgan vaziyatdan boshqa tashqari, “keksa senora” “Inter” darvozasiga real xavf tug‘dira olmadi.
Andrea Pirloni eng ko‘p xursand qilayotgan jihat - Ronalduning goleadorlik rejimini qayta ishga tushirgani bo‘lyapti. Ha, u joriy mavsumda shundoq ham “Oltin butsa” uchun kurashda juda yaxshi imkoniyat hosil qilgan. Ammo yanvar davomida u ketma-ket uchrashuvlarda raqib postiga yo‘l topa olmay qoldi. “Yuventus” tarkibida Ueston MakKennining o‘yini alohida e’tiborga munosib. Artur, Kulusevski, Keza kabi futbolchilarga sarflangani kabi ulkan summaga olib kelinmagan yarim himoyachi anchagina foydali o‘yin namoyish etmoqda.
Turinliklarda jiddiy yo‘qotish mavjud. Leonardo Bonuchchi “Fiorentina”ga qarshi A Seriya bahsida jarohat orttirib olgan. Quvonchlisi, Matteys De Ligt to‘liq holda tarkibga qaytgan. Shuningdek, Merix Demiral ham birinchi bellashuvda bo‘lgani kabi mudofaa markazini to‘ldirishi mumkin.
Tinimsiz gollar o‘tkazib yuborishda davom etayotganiga qaramay, Janluiji Buffon kubok o‘yinlarida darvoza postini egallab turishda davom etmoqda. Kichik muddatli tanaffusdan so‘ng, Rodrigo Bentankur safga qaytdi. “Juzeppe Meatstsa”da bo‘lgani kabi Deyan Kulusevski Alvaro Morata o‘rniga Ronaldu bilan tandem hosil qilishi kutilyapti. Andrea Pirlo taxminan quyidagi 11 futbolchini asosiy tarkibda maydonga tashlaydi.
Taxminiy tarkib: Buffon, Kuadrado, De Ligt, Demiral, Danilo, Bernardeski, Bentankur, Artur, Keza, Kulusevski, Ronaldu.
“Inter”
Umuman olganda, “Inter”ning kayfiyati yomon emas. “Yuventus”ga boy berilgan o‘yinni hisobga olmaganda, “neradzurrilar” ketma-ket uchrashuvlarda mag‘lub bo‘lmay kelayotgandi. Milanda o‘tkazilgan bahs yuqorida aytib o‘tganimdek, teng kurashlar ostida kechdi. Qaysidir ma’noda, faollik nuqtayi nazaridan Antonio Konte shogirdlari “keksa senora”dan bir bosh balanddek ham ko‘rindi. Ayniqsa, hisobning aynan ular tomonidan ochilishi o‘yinga qo‘shimcha intriga bahsh etdi. Kombinatsion futbol namoyish etishda “Inter” anchagina ustun ekanini ko‘rsata oldi. Konte o‘z futbolchilarining vaziyatlarni yakunlashdagi harakatlarini takomillashtirmasa bo‘lmaydi. Sababi, “Yuventus”ga qarshi ilk bellashuvda “ilonlar” nafaqat g‘alaba qozonishi, balki yirik hisobda zafar quchishi ham mumkin edi.
Jamoada bir qator yo‘qotishlar mavjud. Arturo Vidal va Aleksis Sanches kartochkalarning ko‘payib ketgani bois diskvalifikatsiyaga uchragan. Boshqa tarafdan, klub etakchilari Romelu Lukaku va Ashraf Hakimi qisqa tanaffusdan so‘ng, yana asosiy tarkibga qaytishga tayyor. Konte bugun katta ehtimol bilan Roberto Galyardini xizmatidan foydalanadi. Chililik futbolchi yaxshi sport formasiga chiqib olgan.
Taxminiy tarkib: Xandanovich, Shkrinyar, De Vrey, Bastoni, Hakimi, Barella, Eriksen, Galyardini, Yang, Martines, Lukaku.
Murabbiylar
Andrea Pirlo: “Biz doimgidek “Yuventus” uchun o‘ynashda davom etishimiz kerak. Ushbu bahs katta qarama-qarshilikning ikkinchi qismi. Final yo‘llanmasini qo‘lga kiritish oson bo‘lmaydi, raqib - katta jamoa.
Hisob biz tarafdaligini unutib harakat qilsakgina, o‘zimiz xohlagan natijaga erishishimiz mumkin. Ya’ni, birinchi o‘rindagi minimal hisobdagi g‘alaba hech narsani isbotlay olmaydi. Raqib ushbu bellashuvga finaldek yondashib, agressiv futbol namoyish etishi aniq. Boshqa narsalarga chalg‘ishga haqqimiz yo‘q. Yanada xotirjamroq o‘ynashimiz uchun gol urib olishimiz zarur.
Tarkib xususida ko‘p narsa ayta olmayman. Buffon darvoza postini qo‘riqlaydi. Kulusevski dastlabki daqiqalardan maydonda bo‘ladi. Qolganini vaqt ko‘rsatadi”.
Antonio Konte: “Inter” libosini kiygan futbolchi muxlislarning ulkan ishonchini qadrlashi va faxr bilan maydonga chiqishi zarur. G‘alaba uchun qo‘ldan kelgancha harakat qilish bizning doimiy missiyamiz. Futbolchilar shunchaki g‘alaba uchun harakat qilishi va kelgusi bosqichga chiqishga ishongan holda maydonga tushishi zarur. Biz ushbu bahsga jiddiy tayyorgarlik ko‘rdik.
Birinchi uchrashuvni unutishimiz lozim. Oldimizda yana 90 daqiqalik imkoniyat mavjud. “Yuventus”ga qarshi bellashuvlarda eng kichik imkoniyatlaringizdan ham gol urmas ekansiz, g‘alaba qozonishingiz mushkul”.
Xulosa o‘rnida
“Yuventus”ning birinchi uchrashuvdagi ikkinchi taymi, darhaqiqat, ancha passiv o‘tdi. Ha, Ronaldu zaxiraga olingani bunga asosiy sabab bo‘lishi mumkin. Ammo, 36 yoshli futbolchiga to‘liqligicha suyanib qolish turinliklarning kelgusidagi faoliyatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi aniq. “Inter”esa, vaziyatlarni bu tariqa ko‘kka sovurishida ushbu bellashuvda ham kerakli natijaga erisha olmaydi. Turinlik himoyachilar Lukakusini qaytarib olgan “Inter”ga qarshi javob uchrashuvida rosmana ter to‘kishiga to‘g‘ri keladi. Bu gal ham Buffonning superseyvlariga ishonib maydonga tushishning oqibati yaxshilik bilan yakunlanmasligi mumkin.
Tunning qoq yarmida o‘tkaziladigan to‘qnashuv saytimizda matnli translyatsiya tarzida ham e’tiboringizga havola etiladi.
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
Fikrlar