
Yurgen Klopp va jurnalist o‘rtasida tushunmovchilik yuz berdi
Chempionlar Ligasining 5-turidan o‘rin olgan "Liverpul" – "Portu" (2:0) o‘yinidan so‘ng bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida jurnalist bilan Klopp o‘rtasida tushunmovchilik yuz berdi.
Muxbir “nega Afrika Millatlar kubogini kichik turnir, deb atadingiz? Menimcha, siz futbochilar, muxlislar hamda xalqni haqorat qildingiz va qit’a aholisidan kechirim so‘rashingiz kerak”,-deya Kloppga yuzlandi.
Yurgen shunday javob berdi: “To‘xtang, to‘xtang, to‘xtang. Men bunday demadim. Siz meni noto‘g‘ri tushundingiz. Afrika umuman kichik qit’a emas. Men martgacha xalqaro o‘yinlar bo‘lmasligini aytdim, orada faqat qisqa muddatli turnir bo‘lishini nazarda tutdim. Aslida, bu katta musobaqa”.
Kloppning javobidan ko‘ngli to‘lmagan jurnalist “siz Evropadagi turnirlar haqida bunday demaysiz. Evropa chempionatini “kichik turnir”, deb atamaysiz”,-deb ikkinchi bor murojaat qildi.
“Agar siz meni noto‘g‘ri tushunmoqchi bo‘lsangiz, doim bunday qila olasiz. Men hech qaysi turnirni kichik, deb atamayman. Bu mening xayolimga ham kelmaydi”,-deya javob qaytardi Klopp.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yil 9 yanvardan 6 fevralgacha bo‘lib o‘tadigan Afrika Millatlar kubogiga Kamerun mezbonlik va unda "Liverpul"dan uch nafar futbolchi (Muhammad Saloh, Sadio Mane va Nabi Keyta) qatnashadi.
Fikrlar