Yorqin Nazarov: Abramovdan o‘rganganlarimni qaerdadir qo‘llashim kerak edi

  • 18 yanvar, 2020, 21:09
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘tgan mavsumda Vadim Abramovning yordamchisi sifatida «Bunyodkor» klubida faoliyat olib borgan Yorqin Nazarov uchun yangi mavsumda yana o‘zgarish kuzatildi. Gap shundaki, u endi Vadim Karlenovichning murabbiylar shtabidan o‘rin olmaydi. Bundan buyon «Bunyodkor-2» jamoasi bosh murabbiy sifatida faoliyat olib boradi. Xabaringiz bo‘lsa, yosh «bunyodkor»chilar pro-liga musobaqasida ishtirok etishmoqda. Nazarov esa endilikda pro-ligada «Bunyodkor-2» jamoasini boshqaradigan bo‘ldi.

Tecno

«Abramovdan o‘rganganlarimni amaliyotda qo‘llashim kerak edi»

- To‘g‘risini aytaman, meni «Bunyodkor-2» jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlashlarini  kutmagandim. Bilasiz, o‘tgan mavsumda men Vadim Abramovning yordamchisi bo‘lib ishlagandim. Shu sababli bu yil pro-ligada «Bunyodkor-2»ga ustozlik qilaman deb o‘ylamagandim. «Bunyodkor» Abu Dabiga ketish oldidan Vadim  Karlenovich meni oldiga chaqirib, shu xabarni etkazdi. Buni to‘g‘ri qabul qildim. Chunki men Abramovdan o‘rganadigan narsalarimni o‘rgandim. Unga bir yil davomida yordamchi bo‘lib yurdim. Undan ko‘p narsalarni o‘rganganimdan xursandman. Shu bois Vadim Karlenovich menga agar xohlasang yonimda yuravergin, lekin mustaqil ravishda ishlagin, chunki buning fursati etdi deb aytdi. O‘tgan mavsumdagi samarali faoliyat uchun bosh murabbiyga minnatdorchilik bildiraman. Nima uchun pro-ligada ishlashga rozi bo‘lganimning boisi shuki, Abramovdan o‘rgangan bilimlarimni endi qaerdadir amaliyotda qo‘llashim kerak edi. Shuning uchun menga taklif qilingan ishga darhol roziligimni bildirib qo‘ya qoldim.

Abramov bilan ishlash va undan nimalarnidir o‘rganish har doim menga qiziq bo‘lib kelgan. Ayniqsa, uning o‘z vaqtida milliy hamda olimpiya termalarini boshqargan kezlaridagi jamoalari ajoyib o‘yinlar ko‘rsatgandi. Men ham shunday hujumkor o‘yin tarafdoriman. Abramovning bunday uslublarni qanday yo‘lga qo‘ya olishini o‘z ko‘zim bilan ko‘rish esa menga ham juda qiziqarli edi. O‘tgan bir yil davomida esa uning ish uslubini o‘zlashtirdim. Vadim Karlenovich nazariy mashg‘ulotlarni ham ko‘p o‘tkazadi. U bitta uslubni futbolchilarga 10 marta, kerak bo‘lsa 100 marta tushuntiraveradi. Bu hol o‘yinchi yaxshi tushunib olmaguncha davom etaveradi. Ilgari «Bunyodkor»ning akademiyasida ishlab yurganimda Abramovning uslubini qo‘llashga harakat qilib yurardim. Albatta, Vadim Karlenovichda hammasi yanada yorqinroq ko‘rinardi. Endi esa hammasini amaliyotda qo‘llaydigan paytim keldi. Abramov shunday deydi: uslublarimni 10 ta murabbiyga o‘rgatishim mumkin, lekin ulardan faqat bittasigina buni o‘rganishi mumkin xolos. Shunday ekan, uning ish uslubini qanchalik o‘zlashtira olganimni pro-ligadagi ish faoliyatim orqali sinovdan o‘tkazaman. Futbolchilarga hammasini etkazib bera olamanmi yoki yo‘qmi, buni albatta amaliyotda ko‘ramiz.

yorqin nazarov yangi

«Sho‘rtan» bilan «Bunyodkor-2»dagi vazifalar boshqa-boshqa»

- Bungacha mustaqil ravishda «Sho‘rtan» jamoasini ham boshqargandim. Ammo u paytda vaziyat boshqacharoq edi. Masalan, G‘uzordagi ish faoliyatimda shunday ediki, u erda asosan katta futbolni ko‘rgan o‘yinchilar bor edi. Pro-ligadagi «Bunyodkor»da esa asosan yosh bolalar bor. Xabaringiz bor, yurtimizda U-19 Osiyo chempionati o‘tkaziladi. Biz esa ushbu terma jamoamizga ham munosib yoshlarni etkazib berishimiz kerak. Shu bois asosiy e’tiborimizni 2001, 2002 va 2003 yillarda tug‘ilgan futbolchilarga qaratamiz. Aytmoqchimanki, «Sho‘rtan»dagi ishimda vazifa boshqacha edi. «Bunyodkor»da esa umuman boshqa. Boya aytganimdek, yoshlarni o‘ynatib, ularning o‘yin amaliyotini me’yorga etkazgan holda terma jamoalarga va «Bunyodkor»ning asosiy tarkibiga etkazib berish asosiy maqsadimiz hisoblanadi. «Sho‘rtan» bilan «Bunyodkor-2»dagi faoliyatimdagi farqli tomoni mana shunda bo‘ladi. Darvoqe, menga Aziz Hoshimov yordam beradi. U bungacha ham «Bunyodkor-2»da yordamchi murabbiy bo‘lib ishlardi va yana shu vazifasida qolyapti. Jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha yaxshi bir mutaxassis bor. Agar klub rahbariyati u bilan kelisha olishsa, murabbiylar shtabimga o‘shani ham qabul qilamiz.

«Bu men uchun yaxshi imkonit»

-   Aslida menda biror-bir reja yo‘q edi. Yana «Bunyodkor»ning asosiy jamoasida ishlab yuraveraman deb o‘ylayotgandim. Lekin, albatta ko‘rgan-kechirganlarimni qachondir amaliyotga tatbiq eta olishni ham istayotgandim. Ammo Vadim Abramovning meni «Bunyodkor-2»ga bosh murabbiy etib tayinlashda bosh-qosh bo‘layotganini bilmagandim. Yuqorida aytganimdek, menga bu taklifni bildirishganida o‘ylanib o‘tirmasdan rozi bo‘ldim. O‘ylaymanki, bu qarorim to‘g‘ri bo‘lsa kerak. Superligada yordamchi murabbiy bo‘lib Abramovning yonida yurganim ham yaxshi edi. Ammo endi o‘zim bosh murabbiy sifatida o‘z ustimda yanada ko‘proq ishlashim, bilganlarimni maydonda qo‘llashim borasida ham bu men uchun yaxshi imkoniyat bo‘ldi deb hisoblayman. Ayniqsa, kelajagim uchun ham yaxshi bo‘ldi.

«Aslida «Bunyodkor»ning oldiga uchinchi o‘rinni egallash vazifasi qo‘yilmagandi»

- «Bunyodkor» uchun mavsum yaxshi o‘tdi. Chempionatni uchinchi o‘rinda yakunlaganimiz ajoyib bo‘ldi. Vaholanki, bizning bunday ko‘tarilishga erishishimizga hech kim ishonmayotgandi. Qolaversa, klub oldiga uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritish vazifasi ham qo‘yilgandi. O‘tgan yilning boshida 12 nafar futbolchi «Bunyodkor»ni tark etgandi. Natijada o‘rinbosarlar tarkibidagi va boshqa klublarda ijarada o‘ynab yurgan futbolchilarni yig‘ib mavsumda ishtirok etishni o‘ylaganmiz. Hozirda esa o‘sha yigitlarimiz O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi bilan Osiyo chempionatida yurtimiz sharafini himoya qilishyapti. Asosan akademiya tarbiyalanuvchilari bilan murabbiylar shtabining katta hajmda ish olib borgan holda yakunda uchinchi o‘rinni egallagani ijobiy natija bo‘ldi.

«O‘zimni Superligada ham sinab ko‘rishga tayyorman deb hisoblayman»

- Yurtimizda ishlayotgan xorijlik mutaxassislarni hisobga olmagan holda aytadigan bo‘lsam, menga Vadim Abramov bilan birga Ro‘ziqul Berdievning ham ishi yoqadi. O‘sib kelayotgan murabbiylar orasida Ulug‘bek Baqoev ham o‘zidan ajoyib taassurot qoldirdi. Chunki Baqoev ligada qolish uchun kurashib kelgan jamoani 4-o‘ringa olib chiqib qo‘ydi. Men esa endi jiddiy ravishda pro-ligada ishga kirishaman. Agar Superligadan taklif bo‘ladigan bo‘lsa, buni qabul qilish bo‘yicha o‘ylab ko‘raman. Negaki, Superligada ishlashga o‘zimni tayyor bo‘lib qoldim deb hisoblayman.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!