
Yordamchi murabbiylar ketadi, o‘rniga evropalik mutaxassislar keladi. Legionerlarga javob beriladi. Durangdan qoniqqan Ilhom Mo‘minjonov yangiliklarni oshkor qildi
Namanganda o‘tkazilgan vodiy derbisida “Navbahor” hamda “Neftchi” jamoalari murosa ko‘chasini tanladilar va hisob ochilmadi – 0:0. Uchrashuvdan keyin farg‘onaliklar bosh murabbiyi Ilhom Mo‘minjonov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- Avvalo, bugungi o‘yin bilan futbolchilarimni va farg‘onalik muxlislarni tabriklayman. Vodiy derbisida ochko olganimizdan xursandmiz. Qiyin o‘yin bo‘lishini bilardik. Chunki “Navbahor” hozirgi kunda shakllangan jamoa. Individual darajadagi futbolchilar va murabbiylar shtabi bo‘yicha ular yuqori darajada. Ammo ochko oldik. Bizda yo‘qotishlar ko‘p. Shu bois faqat bitta o‘zgarishni qildik. Yana futbolchimiz qizil kartochka va jarohat oldi. Hozirgi kunda bizda 10 tadan ortiq o‘yinchida jarohat bor. Keyingi turga bor futbolchilarimiz bilan tayyorgarlik ko‘raveramiz.
- Bugun ikki jamoaning tarixida 55-o‘yin bo‘ldi. Namangan muxlislari g‘alabani xohlashgandi. Lekin bunday bo‘lmadi. “Neftchi”ni o‘yinlarini kuzatyapmiz, har bir uchrashuvda harakat qilishyapti. Biroq nimadir etishmayapti. Birinchi bo‘limda “Neftchi”da imkoniyatlar bo‘ldi. Ammo vaziyatlardan foydalanishda barqarorlik ko‘rmayapmiz. O‘yin bor, biroq natija bo‘lmayapti. Bu birinchi savol. Ikkinchi savolim shundayki, murabbiylar shtabida oldin Anvar Soliev ketdi, keyin Vladimir Andreev tark etdi. Balki ichki muhitda qandaydir holat bormi? Uchinchi savol: “Navbahor”ni bu yilgi chempionatdagi imkoniyatini qanday baholaysiz?
- Birinchi savolingizga kelsak, to‘g‘ri biz hujumda oqsoqlanyapmiz. Bu o‘yinga juda boshqacha tayyorgarlik ko‘rgandik. “Navbahor”ni hamma o‘yinlarini ko‘rib chiqqandik. Shu vaqtgacha pozitsion hujumda bitta gol urgandi. Qolgan barcha gollarini standartdan kiritgan. Shuning uchun o‘yinga ikki kun qolganida futbolchilarimiz bilan faqat standartlar ustida ishladik. Hujumga urg‘u bermadik. Bugungi uchrashuvda “Navbahor”ga xavfli vaziyat yaratishiga imkoniyat bermadik. Birinchi va ikkinchi bo‘limda bittadan bosh bilan zarba berishdi. Qolgan holatlarda imkoniyat bermadik. Ikkinchi savolga kelsak, menda murabbiylar shtabi almashadi. 2-3 kunda Evropadan yordamchi murabbiylar keladi. Rahbariyat ular bilan muzokara olib bordi. Kecha yakuniga etdi. Tez orada 4-5 nafar tajribali mutaxassislar kelib menga yordam berishadi. Bu haqida yaqinda eshitasizlar. Oldingi yordamchilarim menga yordam bera olishmadi. Shu kunlarda yana boshqa murabbiylarim bilan ham xayrlashaman. Rahbariyat menga ishonayotganidan xursandman. Superligaga bu yil qaytdik, “Neftchi”ni qiyin vaziyatda olib chiqamiz. Baribir rahbariyat oldimizga kuchli uchtalikka kirish vazifasini qo‘ygan. Ikkinchi davradan kuchayamiz. Hozirdan o‘yinchilar bilan muzokaralarni olib boryapman. Legionerlardan voz kechamiz. Ular talabimizga javob berishmadi. Shu kunlarda Sharich va Stoykovich bilan xayrlashamiz. Uchinchi savolga kelsak, “Navbahor” hozir kuchli jamoa. Aytdim-ku, mutaxassislaridan tortib futbolchilarigacha kuchli. Milliy terma jamoa murabbiyi va yordamchilari. Bir paytlar menga yordam bergan inson hozir sizlarga yordam beryapti. O‘ylaymanki, “Navbahor” yuqori o‘rinlarni egallaydi. Biz bugun kerakli natijani qildik. Durang o‘ynab bir ochkoga erishdik. Demak, bir ochko bu bir qadam oldinga.
- Durang g‘alabaga tengmi?
- Qoniqdiq. “Navbahor”ning statusi juda kuchli. Lekin biz ularni faqat standartdan gol urishini bilardik. Pozitsion hujumlardan juda kam gol uradi. O‘sha xavfli chiziqlarini yopdik. “Navbahor”dek jamoadan bir ochko olganimizdan xursandmiz.
- “Neftchi” darvozaboni o‘yin boshidan vaqt cho‘zishga harakat qildi. Bu sizni ko‘rsatmangizmidi?
- Futbolchilarga ko‘rsatma beramiz, ular maydonda o‘z mahoratini ko‘rsatishadi. O‘yinni cho‘zish ham mahorat bo‘ladi. O‘yinni cho‘zgan futbolchi ochko olish uchun harakat qildi. O‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qoldimi, demak bir ochko bor.
Fikrlar