Yo bugundan o‘zingizni islox qilishni boshlaysiz, yoki sizlarni "tuzlashda" davom etamiz

  • 11 avgust, 2022, 16:02
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Sports.uz U-21 musobaqasini translyatsiya qilishga kirishganidan xabaringiz bor. Bu quvonarli yangilik, ammo ishga kirishishimiz bilan ko‘plab muammolarga duch kelishni boshladik. Yillar davomida e’tibordan chetda qolgan musobaqani efirga olib chiqish biz o‘ylagandan anchagina muammoli ekan.

Tecno

Klublarning U-21 jamoalari to‘p tepishi uchun taqdim etayotgan stadionlarini tomosha qilar ekanman, musobaqaga bo‘lgan munosabat ancha past ekanligi ko‘zga tashlandi. "Dinamo" Samarqandni hisobga olmasak, qolgan 3 ta o‘yinimizda bizga asosiy jamoa harakatlanadigan maydonda to‘p tepishga ruxsat berishgani yo‘q. Ularni tushunaman. Hozirgi ob-havoda asosiy maydonni ideal xolda saqlab turish mushkul. U-21 jamoalari ko‘pincha klubning ikkinchi maydonida o‘yin o‘tkazishga majbur.

Bu stadionlarda so‘nggi 15 yil ichida bo‘lgan o‘yinlarning birortasi ekranlarga ko‘chmagani bois translyatsiya qilish uchun sharoit yo‘q. "Lokomotiv"ning ikkinchi arenasida esa aksincha, sharoit normal. Ammo maydon chimi standartga javob bermadi. Umuman olganda, U-21 musobaqasini xalqqa taqdim etish yo‘lida muammolarga duch kelishda davom etyapmiz. Hozir yigitlar AGMK klubiga tegishli bo‘lgan "Metallurg" stadionida bo‘lib turibdi. Deyarli 7 kishidan iborat jamoa bo‘lib, Olmaliqqa tashrif buyurilganiga qaramay, o‘zimiz istagan darajadagi translyatsiyani qila olmayapmiz. Bu doimo omma e’tiboridan chetda qolgan musobaqani yangi darajaga olib chiqish yo‘lida uchragan ilk muammolarimizdan biri.

Odil2

Hali bundan ham qiyin vaziyatlar bizni oldinda kutib turganiga shubham yo‘q. Agar gap U-14 yoki U-16 jamoalari haqida borganida, tushungan bo‘lar edim. Gap asosiy jamoaga tayyor nomzodlar to‘p tepayotgan yoshlar ligasi haqida ketmoqda!!! Bu tarkibdagi istalgan futbolchi kelasi haftada asosiy jamoani joniga oro kirishi mumkin. Endi avvalgidek bu turnirga panja ortidan qarashni iloji yo‘q. Janob klub rahbarlari, yana takrorlayman bu turnirga endi panja ortidan qarashingizning iloji yo‘q.

O‘ylashimcha, hali bunday to‘siqlarni ko‘pini engib o‘tishga to‘g‘ri keladi. Ilk 4 ta urinishdan faqat bittasidagina (Samarqandda) o‘yinni o‘zimiz istagan darajada namoyish etib berdik. Yuqoridagi 3 ta holatda esa vaziyat va sharoit bunga yo‘l qo‘ymadi.

Shu o‘rinda, Superligamizning barcha klublariga bir iltimosim bor. Biz borishimizni kutmay, U-21 jamoangiz to‘p tepadigan stadiondagi translyatsiya uchun sharoitlarga bir ko‘z yugurtirib qo‘ying. Chekinishga endi juda kech. Yo bugundan o‘zingizni islox qilishni boshlaysiz, yoki sizlarni "tuzlashda" davom etamiz. Tanlov o‘zingizda.

Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!