
Yaqin o‘tmishdagi boksimiz yulduzlarining noqulay raqiblari kimlar edi?
1990-2000 yillarda ham o‘zbek boksida ajoyib avlod shakllangan edi. Jumladan, Artur Grigoryan, Muhammadqodir Abdullaev, Ruslan Chagaev, Rustam Saidov, O‘tkirbek Haydarov, Karim To‘laganov, Hikmatillox Ahmedov, Timur Suleymanov, Laziz Zokirov, Alisher Avezboev, Oleg Maskaev, Dilshod Yorbekov, Narimon Otaev, To‘lqinboy Turg‘unov, Quvonch Tayg‘onboev, Ikrom Berdiev, Sergey Mixaylov, Timur Ibragimov, Alisher Rahimov, Timur Tulyakov, Farhod Bakirov, Uyg‘un Siddiqov, Ravkat Eraliev va yana juda ko‘plab, kuchli charmqo‘lqop ustalari yurtimiz sharafini munosib himoya qilishgan edi. Ularning aksariyati hozirda murabbiy va boshqa sohalarda faoliyat olib bormoqda. Aynan, ushbu bokschilarimiz davrida ham O‘zbekiston ichki chempionatlari juda kuchli va raqobatga boy bo‘lgan. Xalqaro turnirlar esa, yanada qiyinroq edi. Chunki, o‘sha vaqtlarda ham Kuba, Rossiya, Qozog‘iston, Ukraina, AQSh terma jamoalari kuchli ko‘rinish olgandi...
Biz yuqorida sanab o‘tgan bokschilarimizning ba’zilari bilan bog‘lanib, ularning havaskor boksdagi noqulay bo‘lgan raqiblari bilan qiziqdik.
Muhammadqodir Abdullaev
- Har doim O‘zbekiston chempionatida g‘olib bo‘lishning o‘zi qiyin bo‘lgan. Raqobat juda kuchli va mahoratli raqiblar juda ko‘p edi. Turli vaznlarda ishtirok etganmiz, umumiy qilib aytganda, namanganlik Bahrom Qirg‘izboev, Toshkent viloyatidan Sirojiddin Naimov, Farhod Bakirov jiddiy raqib bo‘lishgandi. Xalqaro turnirlarda esa, belaruslik Sergey Bikovskiy juda noqulay edi.
Rustam Saidov
- O‘zbekiston miqyosida Ruslan Chagaev hamda Lazizbek Zokirovni aytgan bo‘lardim. Jahonda esa, Roman Romanchuk, Aleksey Lyozin, Aleksus Rubalkaba (Kuba), Roberto Kamarelli (Italiya) juda noqulay edi.
Quvonch Tayg‘onboev
- O‘zbekiston chempionatida eng kuchli raqibim buxorolik Narimon Otaev bo‘lgan. Ajoyib bokschi edi. Alloh rahmatiga olgan bo‘lsin! Narimon akadan, Farhod Bakirovdan yana bir nechta ringdagi jiddiy raqiblarimdan ko‘p narsa o‘rganganman. Ular bilan to‘qnashuvda yutib, yutqazgan paytlar bo‘lgan. Lekin ular bilan bo‘lgan raqobat, professional faoliyatimdagi kamtarona yutuqlarimga sabab bo‘lgan, deb ayta olaman. Xalqaro turnirlarda rossiyalik Olimpiada chempioni Oleg Saitov edi. Uning noqulaylik jihati, yopishib, qo‘llarni bloklab, erkinroq harakat qilishga qo‘ymasdi. Shunday bo‘lsa-da, u bilan bo‘lgan jangimda o‘zimni yutqazganman, deb hisoblamayman. Odatda, haqqoniy mag‘lubiyatimni har doim tan olganman va hech qachon o‘zimni oqlamaganman. Lekin Saitov bilan jangda shunchaki uning Olimpiada chempionligi muhim rol o‘ynagan.
To‘lqinboy Turg‘unov
- Vazn toifamda kuchli bokschilar juda ko‘p edi. Alohida ta’kidlab o‘tish kerak bo‘lsa, jizzaxlik Dilshod Karimovni aytgan bo‘lardim. Keyinchalik Dilshod Mahmudov etishib chiqdi. Xalqaro musobaqalarda esa, ashaddiy va noqulay raqibim, tailandlik Samlak Kamsing edi.
Alisher Rahimov
- Men bir nechta vazn toifasida faoliyat yuritgandim. O‘zbekiston chempionatida Timur Tulyakov va farg‘onalik Dilshod Yuldashev bilan bir necha bor to‘qnash kelganmiz va ular yaxshi saviyadagi raqiblar edi. Jahon miqiyosida esa, kubalik Gilerme Rigondo, rossiyalik Raimkul Malaxbekovlarga qarshi jang qilish qiyin bo‘lgandi.
Fikrlar