
“Yangier” Birinchi liga g‘olibi bo‘ldi!
Bir necha daqiqa avval “Yangiyo‘l” Birinchi liga bilan xayrlashgani haqida yozgandik. “Birinchi liga reglamenti” asosida turnir jadvali qayta shakllantirilgach, “Yangier” musobaqa yakuniga 1 ta tur qolganida g‘oliblikni qo‘lga kiritgani oydinlashdi. Bu haqda O‘zPFL matbuot xizmati xabar berdi.
"Nazariy jihatdan “Jizzax”da “Yangier”ga etib olish imkoniyati mavjud. Jizzaxliklar so‘nggi turni o‘z maydonida “Lokomotiv-BFK”ga qarshi o‘tkazadi. Yangierda esa “Bunyodkor-farm” mehmon bo‘ladi. Biroq unutmaslik kerakki, etakchilarning o‘zaro o‘yinida “Yangier” “Jizzax” ustidan 4:1 hisobida zafar quchgan.
Reglamentga ko‘ra, Birinchi liga yakuniga etganidan keyin mazkur musobaqa ishtirokchilari o‘rtasida Birinchilik kubogi bo‘lib o‘tadi. “Yangier” Pro liga yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun Birinchilik kubogi g‘olibiga qarshi maydonga tushishi kerak bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, Birinchi liganing joriy mavsumi 17 ta jamoa start olgan bo‘lib, hozirga qadar ularning 2 tasi musobaqa bilan xayrlashib ulgurdi (“Nurafshon” va “Yangiyo‘l”). Yana uch jamoa Liga bilan tuzilgan shartnoma shartlarini to‘liq bajarib ulgurmagan. Holat shu tariqa davom etsa, mazkur jamoalar Birinchilik kubogiga qo‘yilmaydi. Musobaqa bilan bog‘liq barcha yangi tafsilotlar tez orada ma’lum qilinadi", - deyiladi xabarda.
Fikrlar