
Yangi murabbiyning debyuti, yutqazmayotgan etakchilar, afishaga muhtoj bo‘lmagan super to‘qnashuvlar yoxud Superliganing 11-turi oldidan
Ostonamizda Superliganing 11-tur uchrashuvlari turibdi. 14-17 iyun kunlari muxlislarni bir-biridan qiziqarli 7 ta juftlik kutmoqda. Quyida shu xususida to‘xtalamiz.
14 iyun
20:00. “Metallurg” – “Bunyodkor”
Olmaliq shahrida bo‘lib o‘tadigan “Metallurg” – “Bunyodkor” bellashuvi oldidan shuni aytish mumkinmi? Har ikkala jamoani yutqazishga haqqi yo‘q. Balki ikki autsayder o‘rtasidagi jang deya ta’riflasak ham bo‘laveradi. “Metallurg” 5 ochko bilan so‘nggi 14-o‘rinda, “Bunyodkor” esa 6 ochko bilan 13-pog‘onada. Bilasiz, “Metallurg” hali chempionat boshlanganidan beri g‘alaba qozongani yo‘q. “Bunyodkor” bo‘lsa faqat bir marta yutdi. Birinchi davrani iloji boricha yaxshi holatda tugatishni istashayotgan klublarni durang ham qanoatlantirmasligi tabiiy.
15 iyun
20:00. “Neftchi” – “Surxon”
Chempionlik uchun kurashayotgan “Neftchi”ni jiddiy uchrashuv kutyapti. O‘z navbatida “Surxon” uchun ham shunday. Og‘ir bahs bo‘ladi. Agar yopiq o‘yin bo‘ladigan bo‘lsa, katta ehtimol o‘yin taqdirini birgina gol hal qilishi ham mumkin. Mehmonlar etakchilarga qarshi qanday to‘p surishni yaxshi biladi. “Neftchi” albatta, bu bahsda imkoniyatlari yuqoriroqdek. Ammo bundan qanday foydalanishiga ham bog‘liq. Mabodo, “Surxon” Farg‘onadan ochko olib ketsa, bundan sira ajablanmaymiz.
20:00. “Qizilqum” – “Andijon”
Qarshidagi “Markaziy” stadionda “Qizilqum” “Andijon”ni qabul qiladi. Ikkala jamoaning g‘alabasiga ancha bo‘lib qoldi. Masalan, navoiyliklar chempionatni birin-ketin ikkita g‘alaba bilan boshlashgan va shundan buyon ular raqiblarini yuta olmayapti. Mavsumni ajoyib boshlagan “Andijon” esa oxirgi 5 ta turdan beri muvaffaqiyatga erisha olmayapti. Bu o‘yin jamoalar uchun muhim. Qolganini maydonda ko‘ramiz.
16 iyun
20:00. “So‘g‘diyona” – “Nasaf”
Turnir peshqadami bu turda Jizzaxga safar qiladi. Raqobat ko‘rsatayotgan “So‘g‘diyona” “Nasaf” qarshiligini engishga urinib ko‘radi. Darhaqiqat, ushbu to‘qnashuvga e’tibor yuqori. Bilasiz, Ro‘ziqul Berdiev jamoasi chempionatda hali mag‘lubiyatga uchragani yo‘q. Yaqinda O‘zbekiston Superkubogini qo‘lga kiritgan jamoani Jizzaxda oson bo‘lmagan, murakkab bellashuv kutayotgani shubhasiz. Ivan Boshkovich jamoasi “Nasaf”ga balki syurpriz tayyorlayotgandir. Har holda ularning safidagi legionerlar maqtovlarga sabab bo‘lyapti. “Nasaf” esa doimgidek jamoaviy kuchli. Hozircha imkoniyatlar teng.
20:00. “Paxtakor” – “Navbahor”
Turning markaziy uchrashuvi. Namangandan ko‘plab muxlislar kelishi va stadionda “Paxtakor”dan ko‘ra, “Navbahor”ning ishqibozlari ko‘pchilikni tashkil qilishi kutilayotgan uchrashuv hech kimni bee’tibor qoldirmasa kerak. Oxirgi paytlarda “Paxtakor” yoshlar bilan ham o‘z o‘yinini topib olayotgani e’tiborga molik. Maksim Shatskix va Samvel Babayan nomlarining o‘ziyoq ortiqcha afishalarga hojat qoldirmaydi. “Navbahor” ham hali chempionatda yutqazgani yo‘q. To‘g‘ri taktika, to‘g‘ri tanlov va puxta tayyorgarlik ko‘p narsani hal qiladi.
17 iyun
20:00. “Lokomotiv” – “Dinamo”
Yaqinda “Lokomotiv”ga rossiyalik Aleksandr Krestinin yangi bosh murabbiy etib tayinlandi. Har qanday mutaxassis debyutini g‘alaba bilan boshlash ishtiyoqida bo‘ladi. “Loko” rahbariyati ham jamoada ijobiy o‘zgarishlar bo‘lishini istayotgani bois Krestininni olib keldilar. Lekin uning oldida jiddiy imtihon turibdi. Raqibi Vadim Abramov va uning “Dinamo”si. Jiddiy o‘yin. Samarqandliklarning o‘yini ko‘pchilikka manzur bo‘lyapti. Qisqa vaqt ichida “Loko” futbolchilari yangi murabbiyning tushuncha va ko‘rsatmalarini qanchalik to‘g‘ri anglab, uni maydonda bajara olisharkin? Aks holda “Dinamo” ayb o‘tirmaydi.
20:00. “Olimpik” – OKMK
Bu ham yaxshi juftlik. Kapadze boshchiligidagi “Olimpik” Qosimov ustozlik qilayotgan OKMKga qarshi bahs olib boradi. O‘zbekiston olimpiyachilarining katta qismini o‘zida jamlagan “Olimpik”dan har narsani kutsa bo‘ladi. OKMK ham mavsum avvaliga nisbatan hozirda ancha o‘yinini shakllantirib olgan. Demak, maydonda qattiq jang kechishi tabiiy. Natijasini o‘yindan so‘ng bilib olamiz.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar