
Yana eski "Lokomotiv"ni ko‘ramizmi?
Ketma-ket uch yil mobaynida O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritib, o‘tgan mavsumdagina o‘z o‘rnini «Paxtakor»ga bo‘shatib bergan «Lokomotiv» joriy yilda o‘zbek klublari orasida birinchi bo‘lib dastlabki rasmiy uchrashuvini o‘tkazdi. 21 yanvar kuni Osiyo Chempionlar ligasi pley-off doirasida temiryo‘lchilar o‘z maydonida Tojikistonning «Istiqlol» jamoasi bilan bellashib, kutilmaganda mag‘lubiyatga uchrab musobaqani barvaqt tark etdi. «Loko» esa endi butun diqqat-e’tiborini ichki chempionat bahslariga qaratadi. Ular BAAda ham o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazib qaytishdi. Tarkibda ham o‘ziga yarasha o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Biz esa aynan klubda hozirga qadar olib borilgan selektsiya ishlariga to‘xtalib o‘tmoqchimiz. E’tiborimizni tortgan jihati shu bo‘ldiki, «Lokomotiv» asosan sobiq futbolchilarini qaytarishga qaror qildi. Hammasi esa sobiq bosh murabbiyni qaytarishdan boshlandi.
Andrey Fyodorov
Keling, voqealar rivojiga o‘tgan yilgi chempionatdan to‘xtalsak, hammaga yaxshi ma’lumki, Fyodorov «Mavsum-2019»da ham «Lokomotiv» bosh murabbiyi sifatida ishlab kelayotgandi. Lekin natijalar u qadar o‘xshamayotgandi. To‘g‘ri, «Loko» uning boshchiligida o‘tgan yili boshida Superkubok sohibiga aylangandi. Ammo Osiyo Chempionlar ligasi guruh bosqichida klub o‘zidan kutilgan o‘yinni ko‘rsata olmagan. Vaholanki, o‘shanda klub keyingi bosqichga chiqsa bo‘ladigan guruhda edi. Biroq temiryo‘lchilar guruhda qolib ketishdi. Bu esa Fyodorov uchun minus edi va aksiga olib chempionatdagi natijalar ham qoniqarli kechmayotgandi. Oxiri shunday bo‘ldiki, klub 12-turda Samarqandda «Dinamo»ga yutqazib qaytganidan so‘ng Fyodorovga chiqish eshiklari ko‘rsatib qo‘yildi. Aslida ham o‘sha paytda voqealar rivoji shunga qarab ketayotgandi. Xullas, Fyodorov klubni tark etgach, «Lokomotiv» shov-shuvli xabar tarqatdi va unga ko‘ra Samvel Babayan yangi bosh murabbiy etib tayinlanganini e’lon qildi. Ammo uning klubdagi faoliyati faqat mavsum oxirigacha davom etdi va u Xitoydan tushgan taklifni qabul qilgani sababli «Lokomotiv»ni tark etdi. Shundan so‘ng yangi bosh murabbiy kim bo‘lishi yana barchani qiziqtira boshladi. Bu borada bir qator mutaxassislarning nomzodlari quloqqa chalina boshladi. Ro‘yxatda Ulug‘bek Baqoev, Maksim Shatskix va yana boshqa mutaxassislarning nomlari borligi haqida gapirildi. Shuningdek, jamoaga xorijdan ham murabbiy qidirilayotgani borasida gap-so‘zlar ham yo‘q emasdi. To‘g‘risi, «Lokomotiv»ga chetdan bosh murabbiy tayinlashlari taxmin qilinayotgan bir paytda klub uzoqqa borib o‘tirmasdan sobiq murabbiy Andrey Fyodorovni qaytardi-qo‘ydi. Masalaga nega bunday echim topilganiga esa faqat klub rahbarlaridan javob olgan ma’qul. Balki ular Fyodorovga yana qayta imkoniyat berishni to‘g‘ri yo‘l deb hisoblashgandir. Buni esa vaqt ko‘rsatadi. Ammo klub uning boshchiligida Osiyo Chempionlar ligasini ikkinchi saralash bosqichidayoq tark etib hammani ajablantirdi. Xullas, shu tariqa, sobiq murabbiy qaytarilganidan keyin Andrey Miklyaev ham klubga qaytdi. Ilgari Fyodorov bilan Miklyaev «Lokomotiv»da birga ishlashgan. Balki uning qaytishini Andrey Vitalevich xohlagandir. Nima bo‘lganda ham Andrey Miklyaev yana sobiq klubiga qaytib kelgan holda bosh murabbiyga yaqindan yordam bermoqda.
Kaxi Maxaradze
«Loko»ning tarkibida o‘zgarishlar boshlanganligi sababli klub ham tezroq o‘z safiga yangi kuchlarni qo‘shib olishi talab etilardi, chunki vaqt qisqa edi. Temiryo‘lchilarning dastlabki xaridlaridan biri esa Kaxi Maxaradze bo‘ldi. Ma’lumki, gruziyalik ushbu yarim himoyachi 2009 yilda O‘zbekiston chempionatidagi ilk mavsumini aynan «Lokomotiv»da boshlagandi. 2010 yilgi mavsumdan keyin esa Kaxi «Paxtakor»ga o‘tib ketdi. Oradan besh yil o‘tib u yana «Lokomotiv»ga qaytib keldi. Aynan 2016, 2017 va 2018 yilgi mavsumlarda Maxaradze jamoaning eng yaxshi o‘yinchilaridan biriga aylana oldi. Tabiiyki, jamoasining chempionligiga ham katta hissa qo‘shdi. O‘tgan yili esa futbolchi klubni tark etib kutilmaganda «So‘g‘diyona»ga borib qo‘shildi va shu tariqa u jizzaxliklar sharafini bir mavsum davomida himoya qildi. «So‘g‘diyona»ning 4-o‘rinni egallashida esa Maxaradzening ham xizmati katta bo‘ldi. Oradan bir yil o‘tgach, «Loko» gruziyalik yarim himoyachini yana ortga qaytarishga qaror qildi.
Marat Bikmaev
Bu hujumchi 2014 yildan 2018 yilgacha «Lokomotiv» sharafini munosib himoya qilgan. 2017 yilgi chempionatda esa u 27 ta gol urib eng yaxshi to‘purar bo‘lgandi. O‘tgan yilgi mavsumdan so‘ng Bikmaev «Loko»ni tark etdi. Uning ketishiga faqatgina «Paxtakor»dan tushadigan chorlov sabab bo‘lishi mumkin edi va amalda ham shunday bo‘lib chiqdi. «Lokomotiv» bilan qatorasiga uch bor mamlakat chempioni bo‘lgan futbolchi «Paxtakor» bilan ham yana bir bor ushbu sovrinni qo‘lga kiritdi. Bundan tashqari, Bikmaev jamoasi bilan birga Mamlakat Kubogi va Liga Kubogida ham zafar quchdi. Lekin hujumchining «Sherlar» safidagi shaxsiy ko‘rsatkichlari «Loko»dagidek samarali bo‘lmadi. To‘g‘ri, uning «Paxtakor»dagi ishtiroki yaxshi boshlangandi, gollar urishga kirishgandi. Lekin u erda Dragan Cheran hamda Igor Sergeev kabi hujumchilar ham bor edi. Yakunda esa Marat ularning soyalari ostida qolib ketdi. Cheran bilan Sergeev tinmay gol urib kelishdi va oqibatda Bikmaev o‘z vaqtini zaxirada kutishiga majbur bo‘ldi. Statistika shuni ko‘rsatyaptiki, Marat «Paxtakor» tarkibida 8 ta gol urdi. Bu yoqda esa Cheran bilan Sergeev Superligada 23 va 17 tadan gol urib turishganidan keyin murabbiylar ham ularga ishonishda davom etadi-da. Klub Bikmaev bilan mavsum oxirigacha shartnoma imzolagandi. O‘zaro bitim nihoyasiga etganidan keyin «Paxtakor» u bilan shartnomani uzaytirmadi. Bu yoqda esa hujumchiga sobiq jamoasi – «Lokomotiv»dan yana qiziqish paydo bo‘ldi. Shu tariqa, hujumchi bir yillik tanaffusdan keyin termiyo‘lchilar safiga qaytib keldi.
Temurxo‘ja Abduholiqov
Ushbu hujumchining ham yana ortga qaytarilgani jamoaning oldingi chizig‘ini kuchaytirishiga xizmat qilishi shubhasiz. Temurxo‘ja 2015 hamda 2016 yilgi mavsumlarda «Lokomotiv» sharafini himoya qilgan. Aynan 2016 yilgi chempionatda Abduholiqov 22 ta gol urib eng yaxshi to‘purarga aylangandi. Shundan so‘ng u Qatarning «Al Sayliya» jamoasida to‘p surdi. Keyinchalik 2018 yilda yana bir bor «Loko»ga qaytgan Abduholiqov o‘tgan yilgi mavsumning ikkinchi yarmida BAAning «Xorfakkan» jamoasiga o‘tib ketgandi. Biroq hujumchining u erdagi faoliyati erta tugadi. U «Xorfakkan» safida ettita uchrashuvda ishtirok etdi. Temiryo‘lchilar safida har yili to‘purarlik salohiyatini ko‘rsatib kelgan hujumchining BAAdagi faoliyati ko‘ngildagidek chiqmadi. Natijada u erni golsiz tark etishga majbur bo‘ldi. «Loko» esa o‘tgan yilning ikkinchi yarmida ketgan hujumchisini yana ortga qaytarishga qaror qildi. O‘z navbatida Temurxo‘ja ham o‘zi uchun qadrdon bo‘lgan jamoasiga qaytishga rozilik bildirdi. Albatta, bunday hujumchi bilan «Lokomotiv» yanada kuchayishiga ishonsa bo‘ladi. Aytish mumkinki, uning o‘rni jamoada rosa bilingandi.
Sherzod Fayziev
«Lokomotiv» sobiq futbolchilarini qaytarishda davom etar ekan, navbatdagisi Sherzod Fayziev bo‘ldi. 28 yoshli o‘yinchi katta futbolga «Mash’al» orqali kirib kelgan. U 2011 va 2015 yillar oralig‘ida muborakliklar tarkibida 63 ta o‘yin o‘tkazgan va 2 ta gol ham urgan. Shundan keyin uning faoliyatida o‘zgarish yuz berdi. Natijada Fayziev 2016 yili «Lokomotiv»ga ko‘chib o‘tgan holda ikki mavsum davomida temiryo‘lchilar sharafini himoya qildi. O‘tgan vaqt davomida himoyachi 38 ta uchrashuvda maydonga tushgan. Lekin Fayziev «Loko»dan ketganidan keyin jamoalarini tez-tez o‘zgartiradigan bo‘lib qoldi. Avvaliga 2018 yilni «Metallurg»da o‘tkazib, 27 ta uchrashuvda ishtirok etgan. O‘tgan yilgi mavsumni esa AGMKda boshlab «So‘g‘diyona»da tugatdi. Bu yildan esa himoyachi yana sobiq klubida to‘p surishi oydinlashdi.
E’tibor bergan bo‘lsangiz, sobiq bosh murabbiy qaytib kelganidan keyin jamoaga ilgari o‘zi bilan birga ishlagan futbolchilardan to‘rt nafari – Kaxi Maxaradze, Marat Bikmaev, Temurxo‘ja Abduholiqov va Sherzod Fayziev qaytarildi. Bundan tashqari tarkibga yana ayrim yangi o‘yinchilar ham jalb etilganligini aytish joiz. Masalan, himoya chizig‘ini mustahkamlash maqsadida chernogoriyalik Slavko Damyanovichni aytishimiz mumkin. U markaziy himoyada to‘p suradi. Anzur Ismoilov «Paxtakor»ga o‘tib ketganidan keyin uning o‘rnini munosib futbolchi bilan to‘ldirish zarurati tug‘ilgandi. «Lokomotiv» esa bu muammoni aynan Damyanovich yordamida bartaraf etmoqchiga o‘xshaydi. Ushbu futbolchi faoliyati davomida Chernogoriyaning «Mornar Bar», Suteska Niksich», «Buduchnost», Serbiyaning «Spartak», «Baska», Vengriyaning «Bekeshaba-1912» hamda Janubiy Afrika Respublikasining «Bidvest» klublarida to‘p surgan. 27 yoshli himoyachi erkin agent maqomida «Lokomotiv»ga qo‘shildi. Natijada temiryo‘lchilar u bilan shartnoma imzoladi. Shuningdek, «Surxon» safida to‘p surgan hujumchi Abdul Aziz Yusupov ham «Lokomotiv»ning yangi futbolchisiga aylandi. Bunga qadar u «Andijon», «Qo‘qon-1912», «Neftchi», «Surxon» kabi jamoalarda to‘p surgan. O‘tgan mavsumda termizliklar tarkibida 23 ta uchrashuvda 8 ta gol urgan. Tarkibda Bikmaev va Abduholiqov singari hujumchilar bilan raqobatlashish unga oson bo‘lmasligi aniq. Ammo murabbiylar uning iqtidorini inobatga olgan holda taklif qilishgan bo‘lsa ajab emas. Ya’ni, uni ham «Loko»ga yordami tegishiga ishonishgani uchun taklif etishgan. Bu esa Yusupov uchun yangi chaqiriq. Shuningdek, «Mash’al», «Andijon», «Metallurg» va «Navbahor» klublarida o‘ynagan o‘ng qanot yarim himoyachisi Shahzod Shaymanov ham temiryo‘lchilarning yangi a’zosiga aylandi. O‘tgan yili «Navbahor»da 20 ta uchrashuvda 2 ta gol urgan. Tarkibga qo‘shilgan futbolchilar orasida legioner ham borligini unutmaslik kerak. Yaqinda rossiyalik legioner Kirill Pogrebyank «Lokomotiv»ga o‘tdi. Qizig‘i, 1992 yilning 27 iyun kuni tavallud topgan futbolchi 2018 yilda «Lokomotiv»da o‘ynagan Nikolay Pogrebnyakning egizagi hisoblanadi. O‘shanda uning temiryo‘lchilar safidagi faoliyati ko‘ngildagidek chiqmagandi. Kirillga to‘xtaladigan bo‘lsak, bunga qadar u «Tom», «Fakel», «Zenit-2», «Baltika» va «Falkenberg» (Shvetsiya) jamoalarida to‘p surgan. Hujum chizig‘ida to‘p suradigan Kirill ham taniqli Pavel Pogrebnyakning ukasi. O‘tgan yili u Shvetsiya jamoasida 19 ta uchrashuvda 2 ta gol urgan. Qishki yig‘in chog‘ida esa «Loko» murabbiylari rossiyalik hujumchini ko‘zdan kechirishdi va uning harakatlari ma’qul kelgani uchun shartnoma imzolashdi.
Jamoada jiddiy yo‘qotishlar ham yo‘q emas. Anzur Ismoilov, Islom To‘xtaxo‘jaev, Ma’mur Ikromov, Oston O‘runov, Asrlanmirat Amanov, Sherzod Karimov, Yovan Jokich, Medina Smit kabi futbolchilar «Loko»ni tark etishdi. Bundan tashqari, yana bir etakchi futbolchi Jamshid Iskanderov ham faoliyatini Janubiy Koreya klubida davom ettiradigan bo‘ldi. Xullas, jamoa tarkibida jiddiy o‘zgarishlar ro‘y berdi. Shu bilan birga klub Ignatiy Nesterov, Oleg Zoteev, Davron Hoshimov, Diyor Turopov, Sardor Mirzaev singari etakchilarni ham saqlab qoldi. Balki chempionatimiz startigacha yana qo‘shimcha o‘zgarishlar ham bo‘lib qolishi mumikn. Bosh murabbiy Andrey Fyodorov esa o‘tgan yilgi xatolaridan qanchalik xulosa chiqarganini klubdagi ish jarayonida bilib olamiz. Ammo «Lokomotiv»ning o‘z uyida Tojikistonning «Istiqlol» klubidan engilganini xazm qilish qiyin bo‘ldi. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: «Loko» bosh murabbiylikka Andrey Fyodorovni qaytarib to‘g‘ri yo‘l tutdimi? Uning oldidagi dastlabki vazifa esa jamoani Osiyo Chempionlar ligasi guruh bosqichiga olib chiqish edi. Biroq Fyodorov «Lokomotiv»dan kuchli bo‘lmagan jamoaga yutqazdi. Ajablanarlisi, o‘sha uchrashuvdan so‘ng Andrey Vitalevich bu mag‘lubiyatni sharmandali emas deb hisobladi. Balki uning uchun shundaydir, lekin biz uchun bu sharmandali mag‘lubiyatdan boshqa narsa emas. Qolaversa, murabbiy eski futbolchilarni qaytarish ham mening ishim deb aytib o‘tdi. To‘g‘ri, tarkibga kimni olishni va kimga javob berishni murabbiy hal qiladi. Chunki natijaga faqat u javob beradi. Achinarlisi, uning qaytishi omadsiz boshlandi. Klub endi o‘z-o‘zidan bor e’tiborini ichki chempionatiga qaratishi turgan gap. Dastlabki urinishdan o‘ta olmagan Fyodorov chempionatda jamoasini shohsupaga etaklay oladimi yo yo‘qmi? Bunisini endi vaqt ko‘rsatadi.
Fikrlar